Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘istondagi Xalq qabulxonalari, sektorlar rahbarlari bu yigit-qizlarning ezgu orzulariga kamarbasta bo‘lmoqda. Besh oy nari-berisida Qipchoqdaryo ovulida qurilgan 1 gektardan ziyod issiqxonada bugun yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ovozasi butun Orolbo‘yi bo‘ylab taralmoqda. Shu bois sahro qo‘ynidagi bu issiqxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun atay Mo‘ynoqqa keladigan yoshlar safi kengaymoqda.
Bu gal tajriba almashish uchun Nukus shahridan kelgan yoshlar Mo‘ynoqdagi tengdoshlarining cho‘l ichidagi issiqxonadan yigirma kunda 36 tonna bodring uzib, sotishga erishganini eshitib, hayratlanishdi. Hademay ular pomidor sotishni boshlashadi. Bir bo‘lak maydonda havasga ekilgan bulg‘or qalampiri-yu baqlajon ham unib, hosil berdi.
Mo‘ynoq yoshlari o‘z qo‘llari bilan yetishtirgan sabzavot mahsulotlari bilan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga ham hissa qo‘shishga ulgurishdi. Kuni kecha Mo‘ynoqning Tallio‘zak, Do‘stlik, Madeli, Qozoqdaryo, Uchsoy kabi 11 ta ovulidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 200 dan ortiq oilaga yetkazib berilgan navbatdagi ezgulik karvonida 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga Qipchoqdaryo ovulidagi issiqxonadan yangi uzilgan sabzavotlar ham qo‘shildi.
Yoshlar bilan navbatdagi muloqotda necha yildan beri o‘z dehqonini kutib yotgan Mo‘ynoq tuprog‘idan, yerosti suvlaridan unumli foydalanib, yangi-yangi dalalar, ixcham issiqxonalar barpo qilishga kelishib olindi. Erta-indin Qipchoqdaryo ovulidagi 10 ta yosh oilaning hovlisida yoki hovli etagidagi bo‘sh maydonlarda har biri 10 sotixli 10 ta zamonaviy issiqxona qurilishi uchun grant mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi. Ilk hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 sotixli issiqxonadan oyiga kamida 8-10 million so‘m daromad topish mumkin.