Tashrifning birinchi kunida prezident Mirziyoyev Toshloq tumanidagi «Uz-Segang» qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. «Uz-Segang» haqida:
Kun.uz muxbiri yiliga 16 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish quvvatiga ega ushbu korxona rahbari Xurshid Normatov bilan korxona faoliyati va eksportga oid savollar yuzasidan intervyu uyushtirdi.
«Prezident Mirziyoyev suhbat davomida mendan muammolar haqida so‘radi. Men unga meva-sabzavot mahsulotlarining logistika markaziga yetib kelguncha bo‘lgan muddatda ko‘p vaqt yo‘qotilishi haqida gapirdim», – dedi Normatov intervyu avvalida.
Uning aytishicha, «Uz-Segang» qo‘shma korxonasi ta'sischilari bu muammoni yo‘qotish uchun korxona qoshida bog‘zorlar tashkil qilmoqchi. Hozirda bu bog‘larning klaster loyihasi ishlab chiqilmoqda.
– Prezident saytida yozilishicha, 2020 yilda korxonangizdan Xitoy, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga 20 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.
Yaxshi bilasiz, bizda eksport masalasi endi-endi oyoqqa turayotgan soha. Bu yo‘lda qanday muammolar birinchi navbatda yechilishi kerak deb hisoblaysiz?
– Eksportdagi eng katta muammo bu – chetga mahsulot chiqarishda hamon eskicha uslubda ishlayapmiz.
Keling, fikrimni boshidan tushuntiraman. Men 5 yil avval Rossiyaga birinchi bor eksportchi sifatida bordim. U yerda ko‘rdimki, butun dunyodan kelayotgan mevalar furalarda olib kelinib tezda yirik supermarketlarga tarqatiladi. Ammo O‘zbekistondan borgan mevalar qayta saralanib, keyin bozorga tarqatiladi.
Ikkinchidan, supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston mahsulotlarini hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olmaydi. Ba'zi tarmoqlar esa bizning mahsulotlarni umuman xarid qilmaydi. Buning sababi mahsulot narxiga uning sifati to‘g‘ri kelmaydi.
Buning sababi birinchidan, mahsulotlarimizda «Global G.A.P.» xalqaro sertifikati yo‘q, ikkinchidan, mahsulotni sifatli tarzda yetkazib beruvchi yo‘q.
– Ko‘pchilik dehqonlar eksport muammolarining boshida bojxonalardagi byurokratiya va eksportdagi monopoliya turganini aytishadi...
– To‘g‘ri, avval shunday edi, lekin hozir bojxonalar ancha erkinlashgan. Eksportchilar foydasiga ishlayapti. Eksportdagi eng katta muammo nima deb so‘radingiz. Muammo shundaki, bizning eksportchilar mevani dalaning o‘zida teryapti va o‘sha yerning o‘zida qadoqlab yuk mashinalariga ortishmoqda. Chet davlatga yetkazilayotgan mahsulotning sifatiga esa e'tibor berilmayapti. Qarabsizki, ortilgan mahsulotning 30-40 foizi Rossiya bozoriga yetib bormasdanoq yo‘qotiladi.
Qoidaga ko‘ra, mevali mahsulotlarni yig‘ishtirib olishning ham o‘ziga xos murakkabliklari bor. Masalan, mevali mahsulotlar ertalab, uzog‘i bilan soat 10:00gacha terilishi kerak. Terilgan mahsulot imkon qadar qisqa muddatda saralanishi va qadoqlanishi shart.
Masalan, biz mahsulotlarimizni 3 xil diversifikatsiya qilamiz. Eng sifatli mahsulotlar (hech qayerida qora nuqtalari, lat yegan joylari yo‘q, chiroyli) mahsulotlarimiz Janubiy Koreyaga ketadi. O‘rta sifatdagi mahsulotlarimiz Rossiyaga yuboriladi. Undan ham sifati pastrog‘i esa (tovar ko‘rinishi yo‘q, lekin iste'molga yaroqli) Rossiyadagi kam ta'minlangan aholi xaridori bo‘lgan, arzon mahsulotlar sotuvchi do‘konlarga tarqatiladi.
Biz yana bir loyiha ustida ishlayapmiz. Bu loyihaga ko‘ra, 4 sifatdagi mahsulotlarni ham yo‘qotmaymiz. Ulardan murabbo va sok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Biz buning uchun texnikalar keltirish bo‘yicha kelishuvga ham erishdik.
– Kooperatsiyalar borasida qanday fikrdasiz? Ya'ni, bir nechta fermer birlashgan holda mahsulotlarini bir kishi orqali eksportga yuboradi. Bu ham eksport ko‘rsatkichini yaxshilashga xizmat qilmaydimi?
– Bu tizimga shaxsan men qarshiman. Biz o‘z mahsulotimizni o‘zimiz terib, o‘zimiz qadoqlab va yana o‘zimiz sotishga olib bormasligimiz kerak. Bizning asosiy maqsadimiz, logistika orqali brend yaratib, mahsulotni chiroyli tarzda eksportga chiqarish bo‘lishi kerak. Hatto yirik tarmoqlarning o‘zi bizdan mahsulotni olib ketishi kerak. Siz qaysi davlatda ko‘rgansizki, dehqon o‘zi mahsulot yetishtirib, o‘zi sotishga olib borganini?
– Lekin bu dehqonga yangi ochiladigan imkoniyat. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari birgalikda ishlab chiqargan mahsulotini o‘z moddiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida erkin sotishida nima muammo ko‘ryapsiz?
– Haqiqiy eksport bu –yirik tarmoq do‘konlarining o‘zi bizga kelib mahsulotimizni olib ketishi. Siz mahsulotni yuborishingiz kerak, tamom.
– Siz birdaniga bu bosqichga chiqib qolish mumkin emasligini yaxshi tushunasiz. Va tabiiyki, barcha fermer bu kabi logistika markazini tashkil qila olmaydi.
– To‘g‘ri, bu bosqichga chiqishning ham muammolari bor. Masalan, biz ko‘p dehqonga borib, shunday xizmat ko‘rsatamiz deganimizda bizga ishonishmadi. Mana, hozir Belarusning yirik kompaniyasi «Yevrotorg»ga birinchi mahsulotimizni yubordik.Ular xursand.
{«Yevrotorg» – bu Belarusning «Yevroopt» deb nomlangan xususiy oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘idir. 2016 yil 1 yanvar holatiga – oziq-ovqat do‘konlarining soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik chakana savdo tarmog‘i (438 do‘kon) – tahr.}.
Bizga brend kompaniyalar kerak. Ular mahsulotimizni yirik bozorlarga yetkazib berishi kerak. Ular bizni yaxshi bilmasligini, bu bo‘yicha tajriba yo‘qligini aytishadi.
Mahsulotni shu yerda saralashimiz va eksport qilishimiz kerak. Bu yerdan mahsulot olib ketib bozorda saralash bu ish emas.
– Bizda ko‘pincha Rossiya bozorini yagona yirik bozor sifatida ko‘rishga o‘rganishgan. Rossiyadan boshqa yana qaysi bozorlarni imkoniyat sifatida ko‘rasiz?
– Bizda bizda katta imkoniyatlar bor. Rossiya bozori yagona bozor bo‘lib qolishi kerak emas. Men aytayotgan tizimni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, Rossiya bozori hech narsa bo‘lmay qoladi. Biz «Uz-Segang»dagi kabi texnologiyalarni qo‘llab mahsulotni eksport qiladigan bo‘lsak, Yaponiya, Koreya kabi davlatlarda mahsulotlarimiz hozirgidan bir necha barobar yuqori narxda sotiladi.
– Hozir qaysi meva turlarini qadoqlab eksport qilmoqdasiz?
– Asosiy yo‘nalishimiz anor va gilos. Biz ikki yil ichida Janubiy Koreyaga 1800 tonna anor yubordik. Bu rekord. Bu yildan gilos eksportini boshladik. Shu kabi qadoqlash korxonalarini ko‘paytirishimiz kerak. Chunki bizning eksportyorlar brendga ishlaydi. Ikkinchidan, mahsulotlar sifatli yetib borishi ortidan xaridorlarda bizning mahsulotlarga bo‘lgan ishonch ortadi. Aytganimdek, hali ochilmagan imkoniyatlarimiz juda katta.
– Bu borada yana qaysi jihatlarga e'tiborni kuchaytirish kerak? Shuningdek, prezident «Uz-Segang» qo‘shma korxonasiga bog‘larni biriktirib berish haqida gapirganini eshitdim. Bu qanday tartibda bo‘ladi?
– Biz sanoat bog‘lariga e'tiborni kuchaytirishimiz kerak. Ya'ni, hozir 50dan ortiq ishchilarimiz turli hududlardan kichik hajmda gilos olishga majbur. Agar ular bir joyga borganida edi yuqorida aytganimdek, saralashni o‘sha joyning o‘zida qilgan bo‘lardik. Biz laboratoriyalarimizni ham o‘sha bog‘ning o‘ziga olib borib, tekshiruvni ham, mahsulotni gidrokulerdan o‘tkazishni ham o‘sha joyning o‘zida qilgan bo‘lardik.
Bizga faqat mahsulotni logistika markaziga olib kelish va qadoqlash qoladi. Bu esa professional faoliyat degani.
Shu kabi infratuzilmali korxonalar ko‘payadigan bo‘lsa mahsulot ta'minotida ham muammo bo‘lmaydi.
Shu tizimni joriy qila olsak, dehqonlar o‘z mahsulotini eksport qilishdan ham o‘ylanmaydi. Ular ishonadiki, mahsulotiga xaridor doim bor. Bu tizim bilan yana sohaga ilmiy yondoshish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.