Vazir o‘rinbosari Qozog‘istonning un bo‘yicha kvotasi, uzumzorlari ko‘payadigan Farg‘ona va sovuq urgan ekinlar haqida

Iqtisodiyot 23:22 / 08.06.2020 23409
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 5-6 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lib qaytdi.

Kecha, 7 iyun kuni shu tashrif yakunlari bo‘yicha bir qator vazirlik va tashkilot rahbarlari Press-klubning navbatdagi sonida chiqish qildi. Tadbir yakunida jurnalistlar tomonidan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahodir Xoliqov intervyuga tortildi. Unda vazir o‘rinbosari prezidentning viloyatga tashrifi hamda sohaga oid boshqa bir nechta savollarga javob qaytardi.

– Bir muddat avval Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonga un yetkazishga oid kvota belgilagan edi. Kvota bugungi kunda ham amaldami va bu bizga qanday ta'sir qiladi?

– Bu hali noaniq.

– Xo‘sh, unda bizning un zaxiramiz haqida ma'lumotga egadirsiz...

– Bu sohaning o‘z mutaxassislari bor. Men sizga faqat g‘alla yetishtirish bo‘yicha ma'lumot bera olaman. Ayni kunlarda g‘alla yig‘im-terimi jarayoni ketyapti. Bu yil aprobatsiya qilganmiz. Bu yil sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 60-65 sentnerdan hosil yetishtirish imkoniyatimiz bor. Hozir g‘alla mustaqilligiga ko‘p e'tibor berilmoqda. Bizning endigi vazifamiz g‘allaning sifat ko‘rsatkichlariga erishish.

Biz g‘alla navlarini olib kelish va ekish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik qilamiz. Andijonda don va dukkakli ekinlar yetishtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot instituti bor. Bundan tashqari, Qashqadaryoda ushbu institutning filiali bor. Bu institutlarda g‘allaning oqsil va klekovina sifati bo‘yicha ham ish olib borilyapti.

Hozirga vaqtda O‘zbekistonning sug‘oriladigan maydonlarida 50 foiz o‘zimizning mahalliy bug‘doy navlari ekiladi. Bundan 7-8 yil avval bizdagi g‘alla navlari barmoq bilan sanarli darajada edi.

Hozir g‘allachilikda birgina muammomiz borki, bu – g‘allaning ertapishar navlarini yaratish. Ko‘ryapsiz, iqlim o‘zgarib boryapti. G‘alla shunday ekin. U biologik jixatdan issiqda qolib ketmasligi kerak. G‘alla issiqda qolsa undagi sifat ko‘rsatkichi tushib ketadi. Olimlarimiz 240-250 kunda pishadigan g‘allani 210 kunda pishirish ustida ishlayapti. Agar bir shu ko‘rsatkichga erishsak uni iyun oyida emas, may oyida yig‘ib olishimiz mumkin bo‘ladi.

Bahodir Xoliqov

– Prezident Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida Farg‘onaning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari haqida gapirdi. Vazirlik bu borada qanday loyihalarga ega?

Haqiqatdan ham, davlat rahbari bu tashrifi davomida viloyatda g‘alla yetishtirish va qishloq xo‘jaligidagi ochilmagan imkoniyatlar haqida gapirdi. 

Farg‘ona viloyatning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ochilmagan qirralari juda ko‘p. Masalan, hozir viloyatda dehqonlar tomonidan 63 ming gektar yerda bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavot, poliz va kartoshka mahsuloti yetishtiriladi. 2020-21 yillar mobaynida esa mana viloyat tumanlarini ixtisoslashtirish masalasida vazirligimiz tomonidan bir qancha loyihalar taklif qilindi. Bu nima degani? – Oltiariq misolida sizga tushuntirib beraman. 2020 yilning boshigacha tumanda 1465 gektar tokzorlar mavjud edi. Bu tokzorlarning 90-95 foizi esa aholi tomorqalarida yetishtiriladi. Bizda eksport mahsulotlari ichida uzum eng talabgir mahsulot hisoblanadi. Bizda bu bo‘yicha xalq maktabi bor. Bu maktabni ishlab chiqaruvchilar, klasterlar faoliyatiga yo‘naltirishimiz kerak. Biz klaster va fermer xo‘jaliklari tashkil qilishimiz kerak. Vazirligimiz shu kunga qadar 1350 gektar yerga tokzorlar barpo qildi. 177ta fermer xo‘jaligi tashkil qilindi. Bu fermer xo‘jaliklarida esa kelajakda 45-50 ming tonna uzum yetishtirilishi va 50-55 mln dollar miqdorida eksportni ta'minlash imkoniyatini yaratadi.

Buning ikkinchi bosqichida esa 1460 gektar maydonda uzumzorlar barpo qilish mo‘ljallanyapti. Yil yakuniga qadar jami yangi tashkil qilinadigan uzum maydonlari 3 ming gektardan oshadi. Yetishtiriladigan mahsulot hajmi esa 170 ming tonnaga yetadi. Bu bilan eksport hajmi 170-175 mln dollarni tashkil qiladi.

Bu vazirlikning faqat uzumchilik sohasidagi rejalaridan biri.

– Bahorning o‘rtalarida respublikaning bir nechta viloyatlarida qor yog‘ib, sovuq ob-havo kuzatildi. Buning oqibatida ko‘plab maydonlardagi ekinlar nobud bo‘ldi.  Bu holat qishloq xo‘jaligi tizimida axborot texnologiyalarini joriy qilish, fermer va dehqonlarni ob-havodagi o‘zgarishlardan ogohlantirish tizimi yo‘q ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi...

– To‘g‘ri savol beryapsiz. Bu reja qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha strategiyamizda bor. Biz hozir qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalari rivojlangan davlatlar bilan shu sohada hamkorlik qilish uchun aloqa o‘rnatishga harakat qilyapmiz. Bu kabi texnologiyalar olib kelinsa albatta tumanlarda o‘rnatiladi. Hozir Gidrometrologiya xizmati 1 haftalik ob-havo ma'lumotlarini ko‘rsatib bera oladi. Undan keyingilari esa biroz noaniq bo‘lishi mumkin. Bu ma'lumotlar 10 kun yoki 2 haftalik bo‘lsa yana ham qulay bo‘lardi. Savolingiz bo‘yicha yaqin yillarda albatta o‘zgarishlar bo‘ladi.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: