Xalqaro press klubning O‘zbekiston prezidentining Farg‘ona viloyatiga tashrifiga bag‘ishlangan sayyor sessiyasida Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov rahbarlar tomonidan «temir daftar» tushunchasi qanday ma'noda ishlatilishi to‘g‘risida ma'lumot berdi.
«Pandemiya davrida qaysi oilaning yordamga muhtoj ekani yaqqol ko‘rindi. 15 martdan boshlab aksar korxonalarning yopilishi sababli yordamga muhtoj odamlarni mahallalarda shaffoflik bilan «Temir daftar»ga qayd etish boshlandi. Farg‘onada ham ishga yoki boshqa yordamga muhtoj 43 400ta oila shunday ro‘yxatga kiritildi», deya qayd etdi Adham Ikromov.
Savdo-sanoat palatasi raisining ta'kidlashicha, «Temir daftar»ni qisqartirish uchun har bir ehtiyojmand shaxs o‘z xohishi bilan «men endi yordamga muhtoj emasman», degan fikrga kelishi kerak.
«Endi deputatlarga hududlarda yordamga muhtoj odamlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ulardan so‘rovnomalar olish vakolati berildi. Ular ehtiyojmand shaxslarning qanday turdagi yordamga muhtoj ekanini, ish yoki boshqa tarzdagi ko‘mak zarurligini aniqlashadi.
Yil yakunigacha Farg‘ona viloyatida odamlarni «Temir daftar»dan chiqarish uchun 2 445ta hunarmandchilikka oid loyihalar amalga oshirilishi, 4 400ta ish o‘rni yaratilishi kerak», dedi Adham Ikromov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyojmandlarni bu toifadan chiqarish bo‘yicha Xitoyning tajribasi katta. Hozir O‘zbekistonda shakllantirilayotgan davlat dasturining 4ta yo‘nalishida: odamlarni o‘qitish, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, uy-joy va munosib ish bilan ta'minlashda Xitoy tajribasini o‘rganish yaxshi samara berishi mumkin.