«Adolat» markazining asosiy vazifalari belgilanadi

O‘zbekiston 10:02 / 04.06.2020 2544

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi faoliyatini tashkil etish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 19 maydagi PF–5997-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Adliya vazirligi qoshida davlat muassasasi shaklidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tashkil etilgan.

Belgilab qo‘yilishicha, Markaz:

aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ‘ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e'lon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi;

“Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyati davlat unitar korxonasining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

yuridik shaxs hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisobvaraqlarga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladi.

“Inson va qonun” gazetasi tahririyati hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyati Markazning mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi va o‘z kasb faoliyatida mustaqildir.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasini shakllantirish va yuritish, undan jismoniy va yuridik shaxslarning belgilangan tartibda foydalanishini ta'minlash, shuningdek, Milliy bazada normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini ta'minlash;

normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining hamda zarur bo‘lgan taqdirda, tegishli axborot-tahliliy materiallarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborilishini ta'minlash;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha manzilli va predmetli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarning norma va qoidalarini aholiga tushuntirish bo‘yicha namunaviy hujjatlar to‘plamini tayyorlash;

normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng yoritish bo‘yicha axborot-tahliliy media materiallarni, shu jumladan, audio va videoroliklar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash va tarqatish, shuningdek, bosma va elektron davriy ijtimoiy-huquqiy nashrlarni tayyorlash va chop etish;

yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlarning, shu jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar to‘plami”ning rasman, shuningdek, yuridik darsliklar, sharhlar va turli qo‘llanmalarni belgilangan tartibda chop etilishini ta'minlash;

faoliyat turi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish, sotish hamda xizmatlar ko‘rsatish;

davlat organlari va tashkilotlarning buyurtmasiga ko‘ra shartnoma asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda boshqa huquqiy va boshqaruv hujjatlari namunalarini tayyorlash, shuningdek, ijtimoiy-huquqiy axborotlarni keng yoritishga qaratilgan mediamateriallarni tayyorlash bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish.

Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Markaz fuqarolarga huquqiy axborotni tarqatish sohasida, shuningdek, jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda turli innovatsion usullarni, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini tatbiq etishda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan muntazam hamkorlikda ish olib borishi belgilab qo‘yiladi.

Belgilanishicha:

Markazga O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;

Markaz xodimlarining mehnatga haq to‘lash miqdorlari, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari Markaz ustavida belgilanadi, bunda Markaz xodimlarining ish haqi Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlarining ish haqi miqdorlaridan oshib ketmagan holda belgilanadi;

Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 3 iyuldagi 339-son qarorida belgilangan davlat xizmatchilari lavozim maoshlariga ustama haqi va yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra xodimlarning lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorda qo‘llaniladi, shuningdek, avvalgi ish joyida uzoq yillik xizmati uchun berilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlar, maxsus va darajali unvonlar saqlab qolinadi.

Ko‘proq yangiliklar: