Prezident ishtirokidagi videoselektorda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovga joriy yilning 1 oktyabriga qadar yashash minimumi va minimal iste'mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqib, taqdimot qilish vazifasi qo‘yilgan.
«Umuman olganda, Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag‘al oilalarning asosiy ehtiyojini (oziq-ovqat, kiyim-kechak) ta'minlab bergandan keyin, ularga sifatli ta'lim, birlamchi tibbiy xizmatlar, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va yashash uchun munosib uy-joy qilib berish zarur», degan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2018 yil 22 yanvardagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda «Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor» va «Iste'mol savatchasi» tushunchalarini 2018 yilning 1 iyulidan huquqiy jihatdan tartibga solish belgilangandi.
«Iste'mol savatchasi» – muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam to‘plami. «Iste'mol savatchasi» eng kam ish haqi va pensiyalar, bazaviy ijtimoiy to‘lovlar, ishsizlik, bolani parvarishlash, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari, stipendiyalar kabi moddiy ehtiyoj miqdorlarini belgilash uchun hisob-kitobga asos bo‘lishi kerak.
An'anaga ko‘ra, «Iste'mol savatchasi» 3 qism – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlardan iborat. Nooziq-ovqat tovarlariga kiyim-kechak, poyabzal, birinchi navbatda zarur bo‘lgan buyumlar, dori-darmonlar, madaniy-maishiy va xo‘jalik uchun mo‘ljallangan tovarlar va hokazolar kiradi. Xizmatlar ro‘yxatidan esa kommunal, transport xizmatlari, madaniy-ma'rifiy jabhalar o‘rin oladi.
Odatda «Iste'mol savatchasi» aholining 3ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi – mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqiladi. Ya'ni aholining turli qatlamlari tirikchiligi uchun zarur eng kam miqdorni belgilashda muayyan davrda iste'mol savatchasidagi barcha ne'matlarni iste'mol qilish normalarini aniqlash zarur. Masalan, oddiy fuqaro normal hayot kechirishi uchun har kuni iste'mol qilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va miqdorini hisoblash yoki barcha kommunal xarajatlarni qoplashi uchun oyiga qancha summa zarurligi aniqlanadi.
2019 yil yozida sobiq Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev O‘zbekistonda iste'mol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming so‘m ekani haqida aytib o‘tgandi.