O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi talaba yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Jamiyat 22:35 / 31.05.2020 1773

Alisher A'zamxo‘jayev O‘zbekiston-Turkiya munosabatlaridagi ijobiy o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan natijalar, shuningdek, pandemiya sharoitida elchixona tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi.

«Turkiyada 81ta viloyat mavjud bo‘lsa, pandemiyaga qadar ularning 31tasiga borib kelishga ulgurdik. Har bir borib-kelishimiz, odatda, ikki-uch kunga hisoblangan. Safar davomida O‘zbekiston haqida, uning iqtisodiy salohiyati haqida, hozirgi investitsion salohiyati haqida tanitim o‘tkazamiz. Undan so‘ng u yerdagi tadbirkorlar bilan B2B shaklida uchrashib, ularni qurilish, agrar, sanoat sohasida O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha suhbatlar olib boramiz. Shundan keyin bu bo‘yicha natijalarni umumlashtirib, o‘n-o‘n besh tadbirkorni O‘zbekistonga jo‘natamiz. Ammo pandemiya tufayli bu tadbirimiz vaqtincha to‘xtatildi.

Shuning uchun mana endi onlayn diplomatiyani iqtisodiy diplomatiya bilan uyg‘unlashtirish vazifasini yangi usullar – vebinarlar orqali ish faoliyatimizga tatbiq etyapmiz. Ya'ni so‘nggi paytlarda mana shunday vositalar bilan muayyan hududdagi ishbilarmonlar assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazyapmiz.

Bundan tashqari, kunda-kun ora O‘zbekiston bilan shunday muloqotdamiz. Masalan, kuni kecha yangi Bosh vazir o‘rinbosarimiz Umrzoqov Sardor O‘ktamovich boshchiligida selektor bo‘ldi. Unda pandemiya sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.

Xabaringiz bor, oldin eksport, og‘ir yuk mashinalari O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Gruziya orqali Turkiyaga kirib kelardi. Pandemiya sabab Turkmaniston, Eron karantin e'lon qilgandan keyin bir-bir yarim oy davomida juda katta sondagi og‘ir yuk tashuvchi mashinalar chegaralarda karantinda qolib ketdi. U ishlarni hal qildik.

Mana bugunning o‘zida ham Farg‘ona viloyati hokimi muovini bilan gaplashdik. Ikki-uch tadbirkorimiz ancha-muncha pul sarflab, Turkiyadan asbob-uskuna xarid qilgan, ammo haligacha O‘zbekistonga yetib bormagan. Biz shu zanjirning qayerda uzilganini topdik. Ertaga, Xudo xohlasa, shu masalani muhokama qilamiz.

Aytmoqchimanki, har kuni shu ish, shu ahvol. Ya'ni hozir biz – diplomatlar, o‘zimizning klassik vazifamiz – vazirlar, rahbarlar, rektorlar bilan yuzma-yuz muzokaralar, uchrashuvlar o‘tkazishni chetga surib qo‘yib, elchixonada o‘tirgan holda, yangi texnologiyalar, vebinarlar yordamida ish olib boryapmiz. Misol uchun, bugun OIC (Organization of Islamic Cooperation – Islom hamkorlik tashkiloti)ga mansub ikki xalqaro tashkilot va o‘zimizning Buxorodagi Islom markazi ishtirokida juda katta konferensiya ish boshladi. Unda nafaqat Turkiya, balki butun dunyodan vakillar bor. Konferensiyada biz ham ishtirok etdik. Qolaversa, yaqinda Xazoraspga, Farg‘onaga ham onlayn borib keldik. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan ham shu shaklda uchrashuv o‘tkazdik.  Ya'ni shu xonadan chiqmay turib, kerak bo‘lsa, Italiya va Ispaniyaga ham, kerak bo‘lsa, Amerikaga ham borib kelyapmiz.

Bundan tashqari, pandemiya sharoitida Turkiyadagi talabalarimiz, bu yerga ishlash yoki davolanish uchun kelgan fuqarolarimizga qo‘ldan kelgancha yordam beryapmiz. Baraka topishsin, Turkiya vatandoshlari ham bizga juda katta yordam berishyapti.

Masalan, 21 may kuni – oldingi reysda har bittasi to‘rt ming dollar turuvchi 50ta tibbiy jihozni O‘zbekistonga yubordik. Turk rahbariyati bunday jihozlarni boshqa davlatlarga o‘nta, ko‘pi bilan o‘n beshta beryapti, ammo bizning O‘zbekistonga 50tasi bepul, beg‘araz taqdim qilindi.

Hozirda Toshkentda 1360ta turk korxonalari mavjud. Ularning yarmi 25 yil davomida, qolgan yarmi esa so‘nggi ikki yil davomida ochildi. Prezidentimizning iqtisodiyotdagi oshkoralik siyosati tufayli keyingi ikki yilda 750ta turk korxonasi ish boshladi.

O‘sha odamlar, o‘sha tadbirkorlar Buxoro va Sardoba ofati bo‘yicha ham bizga 100 ming dollarga yaqin yordam berishdi. Prezidentimiz Sardoba xalqiga so‘z berdilar, buni yaxshilab tekshirtiraman, surishtiraman, deb. Janob Erdo‘g‘an Anqaradan eng zo‘r mutaxassislarni jo‘natdi. Ular borib kelishgach, biz gaplashdik. Mutaxassislar dastlabki xulosani 45 kundan keyin, oxirgi xulosani esa 90 kundan keyin beramiz, deb aytishdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga umumiy hisobda 75 nafar mutaxassis ketdi. Masalan, bugun ketgan (suhbat 28 mayda bo‘lib o‘tgan – tahr.) 22ta mutaxassis Duell firmasidan bo‘lib, ular Sardobada yangi uy qurishda ishtirok etadi.

Shuningdek, kuni kecha turk do‘stlarimiz Turkiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan, ammo pandemiya sabab hali ishga tushirilmagan asbob-uskunalarni sozlab berish va ishga tushirish uchun Buxoro, Namangan, Andijonga ketishdi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, bugun turk rahbarlarining, turk vatandoshlarining O‘zbekistonga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgargan».

Elchining ushbu mulohazalaridan so‘ng suhbat ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berildi. Jumladan, charter reyslarning tashkil qilinishi, fuqarolarni O‘zbekistonga jo‘natish tartib-qoidalari, Turkiyadagi moddiy ahvoli og‘ir fuqarolarga ko‘rsatilayotgan yordam xususida batafsil axborot berildi.

Suhbat davomida ishtirokchi yoshlar tomonidan bir necha takliflar ham ilgari surildi.

Xususan, Samsun universiteti magistranti G‘ulomjon Sobirov ayni vaqtda Turkiyada o‘zbekistonlik 1000dan ziyod talabalar ta'lim olayotgani, ularning har biri o‘z sohasini mukammal egallab, mamlakatimizga xizmat qilish orzusi bilan yashayotgani, buning uchun ushbu talaba-yoshlarning o‘ziga xos kartotekasini tuzgan holda, O‘zbekistondagi muvofiq ish joylariga tavsiya qilish taklifini berdi.

Shu jumladan, ochiq muloqotda ishtirok etgan yoshlar Turkiyaning turli hududlaridagi ehtiyojmand fuqarolarimizni topib, ularga yordam berish jarayonida ko‘ngilli ravishda ishtirok etish istagini bildirishdi. Bunga muvofiq, endilikda oziq-ovqat yordami talonlari O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tavsiya etilgan sardor talabalarga elchixona tomonidan yetkazib beriladigan va tegishli hududdagi fuqarolarimizga yetkaziladigan bo‘ldi.

Ochiq muloqotda, shuningdek, Turkiyada ta'lim olish istagida bo‘lgan ko‘p sonli yoshlarga qulaylik tug‘dirish, ya'ni ortiqcha mablag‘ va vaqt sarfining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda ham turk tilini o‘rgatish kurslarini tashkil qilish, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga esa belgilangan tartibda Turkiya oliy o‘quv yurtlarida tan olinuvchi maxsus sertifikat berish tizimini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Suhbat yakunida shu shakldagi uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olindi.

Otabek Tillayev,

Kun.uz’ning Turkiyadagi muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: