Buxorolik rasmiylar qorako‘llik tadbirkorning loyihasi hokim qaroriga mos emas deyishmoqda. Lekini bor...

Jamiyat 09:10 / 31.05.2020 27213

Kun.uz saytida 25 may kuni «Qorako‘llik tadbirkorning qora kunlari: faoliyatiga hokim to‘sqinlik qilayotgan chog‘da unga tabiat ham talafot yetkazdi» sarlavhasi ostidagi maqola e'lon qilingan edi.

Unda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi «Amirzoda Trade» MChJ rahbari Jo‘rabek Turdiyevning tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida so‘z boradi.

Ushbu maqola yuzasidan tahririyatga Buxoro viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i H.Davlatov imzosi bilan rasmiy munosabat yo‘llandi. Unda aytilishicha, Qorako‘l tuman hokimining 2018 yil 29 sentyabrdagi 1383-sonli qarorida hamda loyiha oldi hujjatlar to‘plamlarida (arxitektura rejalashtirish topshirig‘i), ajratilgan yer maydonida «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Lekin loyiha tashkiloti buyurtmachi («Amirzoda Trade» MChJ) talabi bilan loyiha takliflarini tayyorlash jarayonida asossiz hamda ushbu hududning bosh rejasiga zid ravishda, hududda rejalashtirilmagan, ya'ni birinchi variantda: «Savdo do‘konlari va avtomobillar to‘xtash maydonchasi» hamda ikkinchi variantda: «Supermarket (yuqori qismida ochiq kafe) va supermarket uchun avtomobillar to‘xtash maydonchasi» obektlarning loyiha takliflari ishlab chiqqani sababli, viloyat bosh arxitektori Z.Muhiddinovga, loyiha tashkiloti tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflari «kelishilmagan».

Shuningdek, viloyat bosh arxitektori Z.Muhiddinov tomonidan loyiha tashkiloti Aslbek Jo‘rayevga, hududning bosh rejasidan kelib chiqqan holda, Qorako‘l dehqon bozori atrofida va yaqin hududlarda avtoturargohlar yo‘qligi, bozor atrofida avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish, shuningdek, tuman hokimi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi qurilishining loyiha takliflarini ishlab chiqish lozimligi to‘g‘risida tushuntirilgan.

«Ajratilgan yer maydonida, loyiha tashkiloti tomonidan qurilishi rejalashtirilgan «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi loyiha smeta hujjatlari tayyorlab, belgilangan tartibda viloyat Qurilish bosh boshqarmasiga taqdim etilsa, viloyat bosh arxitektori tomonidan «kelishish» jarayonida hech qanday e'tiroz yo‘qligini ma'lum qilamiz», deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, Qorako‘l tuman hokimligi ham telegramdagi rasmiy kanalida ushbu maqola yuzasidan rasmiy bayonot e'lon qilgan.

Buxoro viloyat qurilish bosh boshqarmasi rasmiy munosabatini deyarli takrorlovchi mazkur bayonotda Qorako‘l tumani hokimining 2018 yil 29 sentyabrdagi «Tumandagi «Eski-qal'a» mahalla fuqarolar yig‘ini Tosh ko‘chasida «AMIRZODA TRADE» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga zamonaviy loyihalar asosida 3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona binosini qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 1383-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qaror bilan, «AMIRZODA TRADE» MChJga (rahbari M.Turdiyeva) 0,22 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgani, MChJ tuman hokimi qaroridan chetga chiqib, loyihaga o‘zgartirish kiritgani, 1383-sonli qarorda ko‘rsatilgan 3-qavatli avtoturargoh obektini loyihalashtirib, tasdiqlashda muammolar bo‘lmasligi bayon etilgan.

Bu borada murojaatchi Jo‘rabek Turdiyevga bildirganimizda, u tuman hokimining 2018 yil 29 sentyabrdagi №1383-sonli qaroriga qisman o‘zgartirish kiritish haqida Qorako‘l tumani hokimining 2019 yil 18 maydagi №2735-sonli qarori qabul qilingani, unga ko‘ra avtoturargoh bir qavatli qilib qurilishiga, shuningdek, qo‘shimcha binolar qurilishiga ruxsat berilgani haqida aytdi. Keyingi, tasdiqdan o‘tmay turgan loyihalar shu qarorga ko‘ra loyihalangan.

Tuman hokimligi o‘z bayonotida tabiiy ofat natijasida talafot ko‘rgan ishlab chiqarish korxonasi borasida to‘xtalar ekan, Jo‘rabek Turdiyev qurilish va shaharsozlik me'yorlari asosida loyihalashtirilib qurilmagan binoga videomaterialda ta'kidlangan miqdordagi qurilish materiallarini olib kelib joylashtirganini ta'kidlaydi.

«Bunga qaramasdan, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tadbirkorga yordam qo‘lini cho‘zish maqsadida, Buxoro viloyati hokimining talafot oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha vaqtinchalik nizomning 8-bandi (Markaziy bank va respublika tijorat banklariga tabiiiy ofatdan zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub'yektlariga talafot ko‘rgan obektlarini ta'mirlash va tiklash uchun qisqa muddatda zarur miqdordagi kredit mablag‘larini ajratish choralarini ko‘rish, bunda foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya to‘lanishiga ruxsat berish)ga muvofiq, «Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasining Qorako‘l tumani bo‘limi tomonidan taklif qilingan kredit mablag‘lari ham J.Turdiyev tomonidan rad etilgan.

Tadbirkor Jo‘rabek Turdiyevga tegishli binodagi talafot oqibatlari Milliy bankning Buxoro viloyat mutasaddilari tomonidan dalolatnoma asosida o‘rganib chiqildi va bu talafot oqibatini bartaraf qilishga oid barcha ma'lumotlar tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali e'lon qilib boriladi», deyiladi bayonotda.

Tuman hokimligi J.Turdiyev tomonidan hokimlik binosi va maydonida bajarilgan ishlar bo‘yicha birorta hujjat topilmaganini qayd etadi. Faqatgina, Qorako‘l tumani hokimligining orqa qismida joylashgan yozgi ayvonning smeta hujjatlari qilingan bo‘lib, ammo tadbirkorning bu inshootni qurish bo‘yicha tuman hokimligi bilan shartnomasi mavjud emas.

Shuningdek, Qorako‘l tumani hokimligi O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunidan kelib chiqib, tuman hokimi Sherali Salomovning Jo‘rabek Turdiyevni javobgarlikka tortish bo‘yicha Qorako‘l tuman IIB rahbari birinchi o‘rinbosari J.Tangriyevga topshiriq bermaganini, bundan tashqari, Jo‘rabek Turdiyev sodir etgan huquqbuzarligi uchun hozirgi vaqtda Qorako‘l tumani IIBda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54- (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish), 183- (Mayda bezorilik) hamda 194- (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalariga asosan to‘plangan ma'muriy ish hujjatlari borligini ham ma'lum qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: