«Va'dani ko‘p berishdi, lekin yer berishmadi» - sermahsul echki zoti ustida ishlayotgan andijonlik chorvador

Jamiyat 12:02 / 30.05.2020 34280

Uning maqsadi – O‘zbekiston chorvadorlari va aholisi uchun iqlimimizga moslashgan, mahsuldorlikda chet elning valutaga olib kelinadigan zotlaridan qolishmaydigan, arzon va sersut echki zotini ishlab chiqishga erishish.

Loyiha mahalliy dasturga ham kiritildi. 2018 yil dekabr oyida 60 bosh echki olib kelinib, Marhamatning Ulug‘tog‘ hududi yaylovlarida parvarishlay boshlandi.

Hozirgi kunda echkilar soni 300 boshdan oshgan bo‘lib, xorijning Zaanen va o‘zimizning mahalliy echkilarni chatishtirish yo‘li bilan olinayotgan yangi zotning ikkinchi avlodi ustida ish olib borilmoqda.

Tadbirkorlarning echkilari sharoit yaxshi bo‘lsa, ikki yil davomida 2 ming boshga yetishi kerak edi. Ammo unday bo‘lmadi. Sababi, tuman hokimligi tomonidan echkilarga ozuqa yetishtirish uchun yetarli yer maydoni berilgani yo‘q.

Olim chorvadorning tuman, viloyat va respublika miqyosidagi mutasaddi tashkilotlarga qilgan murojaatlarga esa faqat quruq va'dalardan iborat javoblar qaytarilmoqda xolos.

«Loyiha dasturga tushgan, lekin umuman e'tibor yo‘q»

Echkilar boqilayotgan yaylov – Marhamatning qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududigi Ulug‘tog‘ yonbag‘irlaridamiz. 80 yoshli tajribali chorvador o‘zi duch kelayotgan to‘siqlar va muammolar haqida gapirdi.

«Prezidentimizni ilm-fan ahliga ko‘rsatayotgan e'tibori, vatanimiz ravnaqida tadbirkorlarning rolini ko‘tarish, fan yangiliklari, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq qilish haqidagi chaqiriqlaridan ruhlanib, nafaqadagi chorvador bo‘lsam ham yangi loyihani boshladim.

O‘z vaqtida chorvachilik sohasida 40 yil ishlab, qoramol zotini yaxshilash bo‘yicha Chorvachilik ilmiy tekshirish institutida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganman. Uzoq yillar «sovxoz»da zootexnik bo‘lib ishlagandim.

Markaziy Osiyoning o‘z mahsuldor zotli echkisi yo‘q. Ota-bobolarimizdan qolgan zotlar bor xolos. Mahsuldor zotlarni Yevropadan qimmat valutaga sotib olyapmiz. Bu zotlar bizning iqlim sharoitimizga moslasha olishi qiyin.

Iqlimga mos zot olish uchun o‘zimizning mahalliy echkilarni Yevropaning Zaanen echkisi takasidan qochirib, yangi zot yaratish maqsadida loyiha boshlaganmiz. 2018 yilda loyihamiz Davlat dasturiga kirdi. Lekin, rivojlantirish va yordam berishga kelganda qiynalib turibmiz.

Hozir tajribamizdagi echkilarning 2-avlodi tug‘ilyapti. Echkilar 8-9 oy mobaynida shu qir-adirlarda boqiladi. Bu esa tannarxi arzon mahsulot yetishtiriladi, degani. Faqat qish oylari uchun yem-xashak zaxirasini qilish kerak.

Marhamat tumani hokimi loyihani taqdim qilganimizda: «Echkilarni olib keling, keyin yer beraman», deb va'da qilgandi. Olib kelgandan buyon 5-6 marta og‘zaki, 8 marta yozma murojaat qildim. Turli bahonalar bilan qutulaverdi.

Tuman kadastriga uchrashimni aytadi. Kadastrdagilar esa: «Tender bo‘ladi, tenderda g‘olib chiqqanga beramiz», deyishadi. 2 yildan beri tender bo‘lmaydi.

Ikki qishni juda katta talafotlar bilan o‘tkazdik. Sovuq mahalda echkiga 3-4 mahal ozuqa berilishi kerak. Yem-xashak zaxirasi bo‘lmasa qiyin ekan. 5 yillik loyiha qilgan edik. Mana, 2 yilga surildi. Hokimlik ozgina qo‘llab-quvvatlaganida, echkilarimiz soni 2 mingtaga yetgan bo‘lardi. Hozir 300 bosh echki bor.

O‘tgan qish yem-hashak yo‘qligidan, echkilarni Ulug‘nor tumani cho‘llariga olib borib boqdik. Bizga echkilarni boqish uchun hozircha 10-15 gektar ekin yeri berilsa, muammolarimiz yechilar edi», deydi chorvador.

Viloyat hokimi topshirig‘i bilan yer berishdi, ammo...

2019 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3242-sonli qarori qabul qilindi.

Marhamat tumanida mazkur qaror ijrosi bo‘yicha 621 gektar yer berilishi rejalashtirilgan.

Muhammadjon ota Isaxonov tuman hokimligiga 35 gektar yer olish uchun murojaat qildi. Yana natija bo‘lmadi.

 

Shundan so‘ng chorvador Andijon viloyat hokimining qabuliga bordi.

«Viloyat hokimi mutasaddilarga «Bugunni o‘zidayoq yer beringlar!» deb topshiriq berdi. O‘sha kuni Qirg‘iziston bilan chegaraga yaqin hududda, suv o‘ta tanqis, klaster ekin ekmay tashlab ketgan joydan 4,4 gektar yer berishdi.

Qanchalik qiyinchilik bo‘ldi, o‘zim bilaman. O‘sha yerda yem-xashak yetishtirdim. Ayni paytda 2 gektariga bug‘doy va 1 gektariga beda ekkanmiz. Sug‘orish qiyinchilik bilan amalga oshiriladi.

O‘zim Istiqlol massivida yashayman, o‘sha massivda ham hokim zaxirasiga olingan yer maydoni bor. Viloyat yer kadastri rahbari Mirolim Matmusayev keldi. O‘sha adirlik joyga birga bordik. «Shu yer yoqadimi?» degan edi, «Bersangiz foydalanamiz» dedim. Mutasaddi: «Bo‘ldi. Men tuman hokimiga aytaman», deb ketgan. Mana, bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. O‘sha yer hali ham zaxirada turibdi. Bizda esa o‘sha eski yem-xashak yetishtirish muammosi», deydi chorvador.

Echkichilik – serdaromad soha

Echki 6 oyda bir bolalaydi. Yaxshi boqsangiz, bir yilda ikki marta bola beradi. Ko‘plari 3tadan ham bolalaydi. Suti shifobaxsh, go‘shti parhezbop. Echki suti tarkibi inson sutinikiga yaqin. Yosh bolalarning rivojlanishi va qariyalarning immunitetini ko‘tarishga foydasi katta.

Misol uchun, 3 litr sut beradigan bir bosh sigir boqsangiz, hozirgi sharoitda bozordan 6-7 mln so‘mga sotib olish mumkin. Unga bir kunda kamida 20-30 kg ozuqa berish kerak. Echkiga esa 3 kg yoki bir etakda o‘t bersangiz bo‘ldi. Kamsarf, hosildorligi yaxshi soha hisoblanadi.

Echkichilik oz ozuqa birligiga ko‘p mahsulot beradi. Bir bosh qoramolga beriladigan o‘tni 10ta echkiga berish mumkin. Xonadondagi sigirlar o‘rtacha 5-6 litr sut bersa, 10ta echkidan 1,5 litrdan bo‘lganda ham 15 litr sut olish mumkin. Hozirgi paytda echki suti bozorda 6 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha sotilyapti. Iqtisodiy foyda ham chakki emas.

«Biz ko‘paytirayotgan Zaanen bilan chatishtirilgan yangi zot 3-4-avlodidan boshlab 3 litr sut bersa, bir oilani qoplaydi. Uni kuniga 0,5 kg yem va 4 kg xashak bilan boqish mumkin.

Qirg‘iziston bilan chegara joylarda 5-6 ming gektar bo‘sh yerlar turibdi. 1 gektarga 2tadan bo‘lsa ham, 5 ming gektarga 10 ming echki bo‘ladi. 10 ming echkidan 2 yilda 3 marta bola olish mumkin. Loyiha rejamiz bo‘yicha otarimizdagi echkilar sonini 2023-2024 yillarga 4 ming bosh echkiga yetkazish niyatidamiz», – deydi Muhammadjon Isaxonov.

Marhamat tuman hokimligida

26 may kuni tuman hokimligida bo‘ldik. Bizga chorvador otaxonning muammosi yuzasidan tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Elyor Sultonov izoh berdi:

«Haqiqatan ham Muhammadjon Isaxonov tuman hokimligiga echkichilik klasterini tashkil etishi yuzasidan yer maydoni so‘rab murojaat qilgan. Bu murojaatni ko‘p marotaba o‘rganib chiqdik. Muhammadjon Isaxonovga tuman zaxirasidagi sug‘oriladigan va suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan yer maydonlaridan takliflar berilgan.

Tugatilayotgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlaridan ham takliflar berilyapti. Fuqaroning muammosini ijobiy hal etish harakatidamiz», – dedi Elyor Sultonov.

Xulosa

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-22 may kunlari Andijonga tashrifi davomida viloyat tumanlari hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda parrandachilik, quyonchilik va echkilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Topshiriqqa asosan Andijondagi xonadonlarga kooperatsiya uslubida 20 ming bosh echki tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Marhamatda esa echkining yangi mahalliy zotini yaratib, ko‘paytirish uchun loyiha boshlagan chorvadorga ozuqa uchun yer maydon ajratilmayapti.

O‘ylaymizki, muammo tez kunlarda hal etiladi. Biz esa masala qanday yechim topishini kuzatib boramiz.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: