Farg‘onadagi suv omboridan yirik baliqlar oqib chiqdi, ovchilarga qarshi reyd o‘tkazilmoqda

Jamiyat 01:51 / 30.05.2020 41334

Ma'lum bo‘lishicha, 26 may kuni Yozyovon tumanida qurilayotgan «Markaziy Farg‘ona» suv omborida baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorning baliq saqlash ko‘lida, suvning tashqariga chiqish qismidagi himoya to‘ri texnogen omillar ta'sirida ochilib ketgan.

Sim to‘rlar eskirgani sababli uzilib, natijada baliqlarning bir qismi «Markaziy Farg‘ona» suv ombori atrofidagi soy va kanallarga oqib chiqqan.

«Holat bo‘yicha viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ekoinspeksiyasi va Yozyovon tuman inspektorlari tomonidan tezkor reydlar tashkil qilinib, tun-u kun nazorat qilinmoqda.

27-28 may kunlari Yozyovon suv omboridan chiqqan baliqlarni fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda ov qilayotgan 9 nafar huquqbuzarlarga nisbatan 12 million 320 ming so‘m miqdorida jarima va 10 million 813 ming so‘m hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan», – deyiladi qo‘mita axborotida.

Bundan tashqari, 300 metrdan ortiq to‘rlar olinib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Reyd tadbirlari davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida 15 apreldan 1 iyunga qadar tabiatda baliq ovlash taqiqlangan (yuqoridagi ikki hududda esa bu muddat – 25 apreldan 10 iyungacha). Bu oraliq muddat – baliqlarning ko‘payadigan davri.

«Suv omborining texnogen holati me'yorida»

Foto: Farg‘ona viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Kun.uz Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan olgan ma'lumotga ko‘ra, voqea ro‘y bergach, 26 may kuni «Markaziy Farg‘ona» suv omborining texnik holati o‘rganilgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi idoralararo komissiyasi ishchi guruhi – viloyat FVB, MGQB, «Sanoatgeokontexnazorat» tashkiloti, «O‘zdavsuvxo‘jalik» inspeksiyasi mas'ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan taftishda suv omborining texnik holati me'yorida ekani tasdiqlangan.

Foto: Farg‘ona viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Ta'kidlanishicha, suv ombori havzasida sadok usulida baliq yetishtiruvchi uchta – «DALINA LIANA», «PROD FISH PRAYDE», «UCHKO‘PRIK ARAB QO‘RG‘ONCHA» baliqchilik fermer xo‘jaliklari tashkil etilgan.

«Aholi tomondan ovlangan baliqlar suv omborining suv tarqatish kanalidan chiqib ketgan. Fermer xo‘jaliklari tomonidan boqilayotgan baliqlar sadoklar orasidan suv oqimi bo‘ylab chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Suv omborda loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda», –deyiladi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati ma'lumotida.

Qayd etilishicha, suv omborining Uch uy qishlog‘i tomonidan chiquvchi kanali orqali Namangan viloyatining uchta tumaniga suv yuboriladi.

«Markaziy Farg‘ona» suv omborining umumiy suv sig‘imi 350 mln metr kubni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: