Samarqandda uyda hech kim yo‘qligini avvaldan bilgan shaxslar juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘g‘irladi

Jamiyat 09:51 / 29.05.2020 12489

2020 yilning 20 may kuni 30 yoshli S.S. va 33 yoshli A.R. jinoiy til biriktirib, tanishi, Samarqand shahar Jomboy ko‘chasida yashovchi 22 yoshli M.N.ning yashash uyida ko‘p miqdorda tilla taqinchoqlar va pullar borligini, ushbu mol-mulklar turgan joyini hamda uy egasi M.N. va uning oila a'zolari 20 may kuni soat 14:00 dan 18:00 ga qadar uyida bo‘lmasliklari to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lgan holda, shu kuni soat 15:00da  S.S. fuqaro M.N.ning uyiga kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular 148.440.000 so‘mlik turli xildagi tilla taqinchoqlar va 3.100 AQSh dollari naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, M.N.ga umumiy 179.841.636 so‘mlik moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.R.ga tegishli moddalar bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. S.S.ni qo‘lga olish va tergovga keltirish choralari ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, uyingizda moddiy boyliklarni asrab avaylashingizni, uyingizda hech kim yo‘qligidan boshqalarning xabari bo‘lmasligini ta'minlashingizni, deraza romlariga temir panjaralar o‘rnatishingizni, eshiklar qulflanganligiga alohida e'tibor qaratishingizni hamda imkon boricha qo‘riqlash pultlariga ulanishingizni tavsiya qilamiz, zero o‘zingiz yillar davomida mehnat qilib topgan pullaringizni oson yo‘l bilan boylik orttirish payida bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘g‘irlanishiga imkon yaratib bermang”, - deyiladi xabarda. 

Ko‘proq yangiliklar: