Farg‘onada qamalgan jurnalist voqeasi. Aslida nimalar bo‘ldi?

Jamiyat 16:00 / 29.05.2020 55201

Dastavval, Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati «Gap yoshda emas, niyatda...» sarlavhasi bilan xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, 27 may kuni «Muxbir Daliyev» Telegram-kanalida Farg‘ona teleradiokompaniyasi muxbiri Usmonjon Qodirovning «Farg‘ona viloyatida Prezident tashrifiga tayyorgarlik yuqori darajada» sarlavhali xabari e'lon qilingan.

Hokimlik axborot xizmati Usmonjon Qodirov bu xabarda Farg‘ona shahridagi yo‘llarni asfaltlash, gullarni sug‘orish, yo‘l chetlarini tozalash va obodonlashtirish ishlarga jalb etilgan mas'ul idoralarning ishchilari aslida qayerda ishlashini so‘rab-so‘rishtirmay, aniqlik kiritmay turib, «zavod ishchilari» deya axborot tarqatganini qayd etadi.

«Bundan bir kun avval «Ozodlik» radiosi Marg‘ilondagi «Hunarmandlar markazi»da zararsizlantirish ishlarini olib borayotgan oq kiyimdagi viloyat SEOM mutaxassislarini «Marg‘ilon shahar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari» deya yolg‘on axborot bergan edi.

Ushbu holat bo‘yicha Marg‘ilon shahar hokimligi Axborot xizmati dalillar bilan asoslangan bayonot bergani va undan xabardor bo‘lganiga qaramay, Usmonjon Qodirov ijtimoiy tarmoqda «Menimcha, Marg‘ilondagi shifokorlar bo‘yicha gaplar ham rostga o‘xshaydi» deb yozadi», – deyiladi hokimlik axborotida.

Viloyat hokimligi munosabatiga Usmonjon Qodirovning xalqdan uzr so‘rab, yolg‘on xabar bergani uchun kechirim so‘ragani aks etgan video ilova qilingan.

Shunga qaramay, muxbir mazkur axborot tarqatilgan paytning o‘zida ma'muriy javobgarlikka tortildi va qamaldi.

Sud qarori

Farg‘ona shahar ma'muriy sudi qaroriga ko‘ra, Qodirov 27 may kuni soat 15:30lar chamasida shaharning Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan Farg‘ona viloyat hokimligi binosi oldida karantin talablariga zid ravishda qasddan yuziga niqob taqmasdan ketayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda u hududda xizmat vazifasini bajarayotgan Farg‘ona shahar IIO FMB 4-son IIB profilaktika inspektori M.Hamraliyevga duch keladi.

O‘z navbatida, profilaktika inspektori unga tartibga rioya qilish kerakligini aytib, shaxsini aniqlash uchun IIB tayanch punktiga borishligi lozimligini bildirganida Qodirov uning qonuniy talablarini uzrli sababsiz bajarmasdan, xodimni haqorat qilgani aytiladi.

Usmonjon Qodirov Farg‘ona shahar ma'muriy sudining raisi S.Kurbanov qaroriga muvofiq, MJtKning 54-moddasi («Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish» ) 1-qismi, 183-moddasi («Mayda bezorilik» ) va 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslik») 1-qismida ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli topilib, uzil-kesil 15 sutkaga qamaldi.

Shubhali audioxabar

Shu kecha uyga qaytmagan Usmonjondan xavotir olgan oila a'zolari, do‘stlari uni qidira boshlagan. 28 may kuni oqshomga yaqin Qodirov audio xabar orqali xavfsiz joyda ekanini aytib, qamoq haqida lom-mim demaydi.

«Shu kunlarda internet tarmog‘i uchun ajoyib yangilikni tayyorlash  niyatidamiz va ijodiy guruhimiz bilan ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida alohida studiya tashkil etganmiz. U yerda ish jarayonlariga kirishdik. Ish ko‘pligi bois internetga kirish imkoni bo‘lmadi», – deydi u Telegram`da tarqatilgan audioxabarda.

Jurnalist Mavjuda Mirzayeva bilan suhbatlashgan Usmonjonning onasi esa o‘g‘li xizmat safari yuzasidan Sardobaga ketyapman, deb aytganini ma'lum qildi.

«Xavotir olmang, 15 kun Sirdaryo viloyatidagi Sardoba tumaniga xizmat safari bilan ketyapman, dedi. U o‘sha kuni uyga kelmadi», – deydi Qodirovning onasi.

Ushbu tarqatilgan xabarlarni Usmonjon o‘z istagi bilan bildirganini tekshirish imkoniyati bo‘lmadi. Shuningdek, u nega yaqinlarini aldagani haqida aniq ma'lumot mavjud emas.

15 sutka 2 sutkaga almashtirilib, muxbir ozodlikka chiqarildi

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar ortidan, 29 may kuni Farg‘ona viloyati ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi viloyat televideniyesi muxbiri Usmonjon Qodirovga nisbatan Farg‘ona shahar ma'muriy sudining 27 maydagi qarorini o‘zgartirdi.

Usmonjon qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, sud zalida ko‘rsatma bergan.

Kassatsiya instansiyasi qaroriga ko‘ra, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi 2 sutkaga qisqartirildi. Ushbu muddat o‘tab bo‘lingani sababli, Usmonjon 29 mayda ozodlikka chiqdi. Shuningdek, u ma'muriy qamoq xarajatlaridan ham ozod etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: