Davlat organlarida konfidensial ish yuritish tartibi tasdiqlanadi 

Jamiyat 09:43 / 29.05.2020 6985

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarida konfidensial ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat organlarida konfidensial ish yuritish va uning holati («Konfidensial» grifi bo‘lgan hujjatlar, ish jildlari va nashrlarni ro‘yxatga, hisobga olish, ko‘paytirish, saqlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish) uchun javobgarlik devonxonalar zimmasiga yuklanadi.

Devonxona konfidensial hujjatlar bilan ishlashda tashkiliy va uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, shuningdek, davlat organining tarkibiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlarda kiruvchi konfidensial hujjatlar ijrosini nazorat qiladi.

Konfidensial hujjatlar bilan ishlashga ruxsat etilgan xodim bilan O‘zbekiston Respublikasining «Tijorat siri to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq Konfidensial axborot va tijorat sirini oshkor qilmaslik to‘g‘risida Qo‘shimcha kelishuv tuziladi.

Konfidensial hujjatlar bilan ishlashdan avval xodim tegishli hisobga olish shakllariga imzo qo‘ygan holda ushbu Yo‘riqnoma, Maxfiy axborotlar sirasiga kiritilgan ma'lumotlar ro‘yxati, konfidensial axborotga tegishli ma'lumotlar bilan ishlashni tartibga soluvchi boshqa normativ hujjatlar bilan tanishishi shart.

Hujjatni konfidensial toifasiga kiritish va «Konfidensial» grifini qo‘yish to‘g‘risidagi qaror yuqorida ko‘rsatilgan Maxfiy axborotlar sirasiga kiritilgan ma'lumotlar ro‘yxati asosida qabul qilinadi:

ijrochi tomonidan – hujjat loyihasini tayyorlash davomida;

davlat organi yoki uning tarkibiy bo‘linmasining rahbari tomonidan – hujjatni kelishayotganda yoki imzolanganda.

Davlat organlarining rahbarlari hamda vakolatli xodimlari ushbu davlat organida tayyorlangan, shuningdek, ularning tarkibiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlardan olingan hujjatlar va nashrlardagi ma'lumotlar «Maxfiy axborotlar sirasiga kiritilgan ma'lumotlar ro‘yxati»da ko‘rsatilgan ma'lumotlarga mos kelmasa, shuningdek, ulardagi ma'lumotlar o‘zgartirilganda, konfidensialligi va ahamiyati yo‘qolganda «Konfidensial» grifini (ularni bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan holda) bekor qilish huquqiga egadirlar.

Davlat organlarining rahbarlari va vakolat berilgan xodimlari imzolanayotgan hujjatlar va nashrlarning konfidensial ma'lumotlar sirasiga kiritilishining asoslanganligi, shuningdek, ulardan «Konfidensial» grifini bekor qilinishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladilar.

Konfidensial hujjatlarni qayta ishlash faqat sertifikatlangan elektron hujjat aylanishi tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.

Konfidensial hujjatlar matnlarini tuzish va rasmiylashtirish umumiy ish yuritish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi, ushbu Yo‘riqnomada ko‘rsatilgan xususiyatlar bundan mustasno.

Davlat organlari rahbarlari, devonxona xodimlari va konfidensial axborot bilan ishlashga ruxsat etilgan xodimlar ularning konfidensialligi saqlanishi, oshkor etilishi, shikastlanishi hamda o‘g‘irlanishining oldini olish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishlari zarur.

Davlat organlarining rahbarlari konfidensial hujjatlarga bevosita daxldor bo‘lgan xodimlargagina bu hujjatlar bilan ishlashga ruxsat beradilar. Bunday hujjatlardan foydalanishga ruxsat davlat organi yoki uning tarkibiy bo‘linmasi rahbarining o‘z qo‘li bilan qo‘ygan rezolyutsiyasi hisoblanadi.

Konfidensial hujjatlar bilan tanishish va ijrochilarga tarqatish asoslangan va minimallashtirilgan bo‘lishi kerak.

Konfidensial hujjatlar bilan ishlashga ruxsat xodim tomonidan konfidensial axborotni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar lozim darajada bajarilmagan holda davlat organi rahbarining qarori bilan to‘xtatilishi va tegishli shakllarda hisobga olinishi mumkin.

Konfidensial hujjatlarni rasmiylashtirish, ro‘yxatga olish, nusxa ko‘chirish (ko‘paytirish), hisobga olish, saqlash va yo‘q qilish ishlari olib boriladigan xizmat xonalari ularga begona shaxslarning nazoratsiz kirish imkoniyatini istisno qilishi va hujjatlarning saqlanishini kafolatlashi kerak. Xonalarning kirish eshiklariga ushbu xonalarning ishonchli yopilishini kafolatlaydigan qulflar o‘rnatiladi. Bu xonalar markaziy nazorat pulti bilan bog‘langan qo‘riqlash signalizatsiyasi bilan jihozlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: