Aholini ro‘yxatga olish ishlariga kimlar jalb etiladi?

Jamiyat 16:40 / 29.05.2020 4526

2019 yil 5 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan mustaqillik yillarida ilk marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi.

Aholini ro‘yxatga olish ishlariga kimlar jalb etiladi?

Respublika miqyosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etadi. Hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni e'lon qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika bo‘limlari xodimlari jalb etiladi.

Jarayon qancha muddat davom etadi?

Ajratilgan xodimlar uyma-uy yurgan holda bevosita aholini ro‘yxatga olish jarayonlari amalga oshirishadi va aholi to‘g‘risida ma'lumotlar yig‘iladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish 10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Jarayon bir necha kun davom etsa ham, ma'lumotlar aniq bir vaqtda – aholini ro‘yxatga olish birinchi kunining «0» soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.

Olingan ma'lumotlar sir saqlanadimi?

Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma'lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma'lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.

Shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solingan.

Ro‘yxatga olinadigan va olinmaydigan shaxslar

Ro‘yxatga olinadigan shaxslar

  1. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi barcha fuqarolar.
  2. Chet-elga:
    - xizmat safariga;
    - ta'lim olishga;
    - dam olishga;
    - davolanishga;
    - mehmonga ketgan barcha fuqarolar.
  3. O‘zbekiston Respublikasi hududida ish yoki o‘qish maqsadida doimiy yashayotgan chet-el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
  4. Uysizlar.

Ro‘yxatga olinmaydigan shaxslar

Respublika Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan:

  1. Xorijiy davlatlarning doimiy vakolatxonalari, elchixonalari, konsullik idoralarining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyoz va immunitetga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va ularning oila a'zolari.
  2. Xalqaro hukumatlararo tashkilotlarda ishlovchi chet el fuqarolari va ularning oila a'zolari.

Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: