Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.
– Men iqtisodiyotni formula yordamida tasvirlash mumkin bo‘lgan fizikaga emas, biologiyaga yaqin deb hisoblaydigan iqtisodchilar kategoriyasiga kiraman. Bu ko‘proq murakkab aloqalarga ega tirik ekotizimga o‘xshaydi.
Keling, bank tizimini o‘ziga xos tirik organizm sifatida ko‘zdan kechiramiz. Tirik organizm uchun xos bo‘lgan xususiyat undagi kasalliklar. Odatda tirik organizmlarda qandaydir muammolar bo‘ladi. Masalan, insonni olaylik. U ham tirik organizm, biror kasallik bilan og‘rishi mumkin. Yoki sog‘lom bo‘lishi mumkin. Agar tibbiyot xodimlari nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, qanday kasallik bilan va nima uchun og‘riyotganini bilish uchun eng avvalo tashxis o‘tkazish kerak.
Bank sohasida 3ta muammo ko‘zga tashlanadi:
1.Banklarda byurokratiyaning yuqori darajadaligi (kredit olish, hisobotlar topshirish bilan bog‘liq);
2. Xizmat sifatining pastligi (kichik biznes uchun takliflar yo‘qligi, sovet davridagi sotuvchilar kabi ishlashlari, ularning yoniga kelganingizda sizga xuddi himmat ko‘rsatishayotgandek);
3. Foiz stavkalarining yuqoriligi.
Uch yil avval esa bank sohasida quyidagi muammolar mavjud edi:
Birinchi muammo – konvertatsiya, ikkinchi muammo – naqd pul, uchinchi muammo – operatsiyalar uchun kommision to‘lovlarning yuqoriligi, ya'ni 3-4 yil muqaddam har qanday operatsiya uchun dahshatli miqdordagi pul to‘lardik. Xorijliklar bankdan shaxsiy dividendlarimni olish uchun bankka 10-15 foiz to‘lashimni eshitishganida bunga ishonishmasdi. Korrupsiyaning yuqori darajasi ham shundan kelib chiqqan. Bank tizimi juda kuchli korrupsiyalashgan edi. Uch yil avval bo‘lgan muammolar va hozirgi muammolar ro‘yxatiga qarang.
Hozirgi muammolarni kichik muammolar deb bo‘lmaydi. Ular katta muammolar. Uch yil oldingi muammolar bilan taqqoslaganda ularning orasida yer bilan osmonchalik farq bor. Endilikda banklar bilan ishlash mumkin. Uch yil ichida bank sohasida ko‘p islohotlarni amalga oshirdik. Men buni bank sohasidagi «ko‘rinmas inqilob» deb atayman. Nimalar sodir bo‘ldi?
Valuta bozori liberallashtirildi, naqd pul muammosi hal etildi, banklar quyidan yuqorigacha bog‘langan millionlab yo‘riqnomalar bekor qilindi. Banklarning faoliyati ancha tijoratlashtirildi, mijozlarga yo‘naltirildi, bunga qadar ular haqiqatan ham davlatga tegishli qandaydir katta bankning filiallari edi. Kredit olish yengillashdi.
Bu – biz uch yil ichida amalga oshirgan ishlar. Bunda Markaziy bankning xizmatlari katta.
Biroq biz yuqorida belgilab olgan 3ta katta muammo – kasallik belgilariga qaytamiz. Keling, bu muammolarning sabablari nimadan iboratligini tushunishga harakat qilamiz. Aynan shu pozitsiyalar bo‘yicha boshqa mamlakatlardagi banklarning faoliyati bilan taqqoslab, bizdagi banklar yomonroq ishlayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ammo muammo sabablari, kasallik mohiyatini yaxshiroq anglash uchun sog‘lom organizm qanday ishlashini tushunish kerak.
Keling o‘ylab ko‘raylik, umuman olganda, bank tizimi nima bilan shug‘ullanishi kerak?
Sog‘lom, normal bank tizimining 2ta asosiy funksiyasi mavjud:
Birinchi funksiya bu – kelishuvlarni ta'minlash. Bu pul aylanish tizimi. Banklar orqali kelishuvlar amalga oshiriladi. Qurilmani import qilmoqchi bo‘lsak, bankka valuta xarid qilish, keyin bu valutani boshqa hisob raqamiga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma beramiz. Bank ana shu funsiyalarni amalga oshiradi. Xodimlarga oylik maosh to‘lamoqchi bo‘lsak, bankka borib, naqd pul olamiz yoki pulni kartaga o‘tkazamiz. Biror tovarni xarid qilish yoki sotishni istasak, hisob raqamimizga pul o‘tkaziladi. Bularning bari bank tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ikkinchi funksiya bu – vositachilik. Banklar juda muhim iqtisodiy mexanizmda juda muhim vositachilik funksiyasini bajaradi. Mexanizm investitsiyalash deb ataladi. Iqtisodiyot, korxona, oila iqtisodiy jihatdan rivojlana olishi uchun investitsiya kiritish zarur. Qurilmalar, ko‘chmas mulk xarid qilish, ta'lim, tibbiyot, ilm-fanga doimiy ravishda investitsiya kiritish lozim. Buning uchun pul kerak. Bularning barini xarid qilganimizda investitsiyalarni amalga oshiramiz.
Jamg‘armalar – investitsiya manbayi hisoblanadi. Qurilma, ta'limga pul sarflash uchun dastlab bu pullarni «yeb yubormaslik» kerak. Ko‘pincha sarflaydigan va «yeb yubormaydigan»lar – bir-biridan farq qiluvchi, turli kategoriyadagi odamlar.
«Yeb yuborilmagan» pullar bu – jamg‘arma. Masalan, 3 million so‘m miqdoridagi tushumga ega bo‘ldik. Bundan 2 million so‘m oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, kommunal to‘lovlarni to‘lash, 500 ming so‘m soliqlarga ketdi, 500 ming so‘m qoldi. Qolgan 500 ming so‘m bu – jamg‘arma.
Jamg‘armalarni turli ko‘rinishlarda saqlash mumkin. Misol uchun, u yostiq ostida so‘m yoki dollarda saqlanishi mumkin. Jamg‘armalarni saqlashning boshqa usuli – iqtisodiyotga kiritish. Masalan, bank hisob raqamiga. Yoki qimmatli qog‘ozlar sotib olish, pensiya jamg‘armasiga pul qo‘yish, qandaydir sug‘urta dasturida ishtirok etish.
Bular – ishlayotgan pullar. Bular ham jamg‘arma. Mazkur jamg‘armalar bank sohasi tufayli investitsiyaga aylanadi. Banklarning muhimligi bo‘yicha ikkinchi funksiyasi – ana shu jamg‘armalarni akkumulyatsiya qilish.
Mexanizm bir tekis ishlaydigan holda yo‘lga qo‘yilishi, uning ishida hech qanday to‘xtab qolishlar bo‘lmasligi juda muhim. Bu banklarning vazifasi.
Banklarimizga mana shu 2ta funsiyani bajarishga nima xalaqit qilyapti?
Birinchi muammo – inflatsiya. Inflatsiya pul aylanish tizimini ishdan chiqaradi. U jamg‘arish, investitsiya kiritishga bo‘lgan ishtiyoqni kamaytiradi, kelishuvlarni amalga oshirishga xalaqit qiladi.
Bizda inflatsiya darajasi anchagina baland, u ikki xonali son bilan ifodalanadi. Odatda inflatsiya yiliga 5-6 foiz yoki xorijda hatto 3-4 foiz bo‘lsa ham, nomaqbul inflatsiya sanaladi. Bizda giperinflatsiya emas, biroq u iqtisodiyot uchun zararli.
Ikkinchi muammo – pul bozorining ma'muriy boshqarilishi. Bunda davlat maxsus usullar bilan emas, ma'muriy jihatdan aralashadi. Masalan, bizda uzoq vaqt mobaynida Markaziy bank foiz stavkalarini tartibga solib kelgan. Qandaydir yuqori ko‘rsatkichdan oshirib yuborish mumkin emas bo‘lgan. Bu esa 3-4 yil muqaddam mavjud bo‘lgan muammolarga olib kelgan.
Tasavvur qiling, go‘sht narxini sun'iy ravishda 20 ming so‘mgacha tushiramiz. Klassik defitsit vaziyati yuzaga keladi. Chunki bu narxda go‘shtga talab yuqori, taklif esa kam bo‘ladi. Bu narxda hech kim go‘sht yetishtirishni istamaydi. Defitsit, navbat, «shapka», qora bozor va hokazolar yuzaga keladi.
Moliya bozorida ham xuddi shunday holat sodir bo‘ladi. Agar foiz stavkalari sun'iy ravishda pasaytirilsa, (stavkalar real inflatsiya darajasidan ham past edi), o‘z-o‘zidan bunday kreditlarga talab yuqori bo‘ladi, taklif esa past. Markaziy bank, tijorat banklari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan talay byurokratiyalar mana shu yerdan kelib chiqqan. Chunki kredit olish uchun kelganingizda ular sizga rasmiy jihatdan rad javobini bera olmaydi, pul yo‘q deyolmaydi. Ular buning uchun qandaydir sabab o‘ylab topishlari kerak bo‘ladi.
Banklarga o‘z funksiyani bajarishga to‘sqinlik qiluvchi uchinchi sabab – kuchsiz raqobat. Raqobat bo‘lmasa yoki u kuchsiz bo‘lsa, mijozlar uchun bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q.
To‘rtinchi sabab – banklarga bo‘lgan ishonchning pastligi, tashqi qarzlar haqida gapirganimizda mamlakatga bo‘lgan ishonchning pastligi. Agar qandaydir sabablar tufayli odamlar banklarga ishonmasa, jamg‘armalarini ham banklarga olib kelmaydi. Agar mamlakatimizga ishonishmasa yoki buni juda katta tavakkalchilik deb hisoblashsa, o‘z-o‘zidan tashqaridan qarz, kredit, qandaydir portfel investitsiyalarni olishni istasak, investor yoki bizga kredit berayotgan tomon kim bilan ish olib borayotganini juda yaxshi tushunadi va bunda yetarli darajada tavakkalchilik mavjudligini anglaydi: uni aldashlari, qonunlar pand berishi mumkinligi, u o‘z pullarini ololmasligi ehtimol. Shuning uchun qandaydir standart foizga tavakkalchilik uchun to‘lovni ham qo‘shadi.
Shu sababli chetdan mablag‘ jalb qilganimizda oddiy bozorda pulni katta foiz evaziga olamiz, – deydi Yuliy Yusupov.
To‘liq suhbatni Ground Zero`ning Youtube`dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.