DSQ matbuot xizmatining yozishicha, korxonada sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi o‘tkazilganda coliq to‘lovchi ushbu tekshiruv natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarordan norozi bo‘lsa, sudga shikoyat qilishdan oldin uning shikoyati yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Shikoyat qilish muddati bir oy
Soliq to‘lovchi shikoyatni o‘z huquqlari buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e'tiboran bir oy ichida berishi mumkin.
Soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda, o‘zi yoki uning vakili tomonidan shikoyat rasmiylashtiriladi va yuqori turuvchi soliq organiga (yozma yoki elektron shaklda) ilovalari bilan birga qarori ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi orqali yuboriladi.
O‘z navbatida, qarori ustidan shikoyat qilingan soliq organi uch kun ichida shikoyatni barcha mavjud materiallar bilan yuqori turuvchi soliq organiga taqdim etadi.
Ko‘rib chiqish muddati uzaytirilishi mumkin
Bunda soliq to‘lovchining shikoyati yuqori turuvchi soliq organi tomonidan bir oy ichida ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab etilganda bu muddat soliq organi rahbarining ruxsati bilan o‘n besh kungacha uzaytirilishi mumkin.
Yuqori turuvchi soliq organining shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarori qabul qilingach, shikoyat bergan shaxsga uch kun ichida topshiriladi yoki yuboriladi.
Shikoyatni qaytarib olish mumkin
Soliq to‘lovchi bergan shikoyati bo‘yicha qaror qabul qilinishiga qadar ushbu shikoyatini yozma ariza yuborish yo‘li bilan to‘liq yoki qisman chaqirib (qaytarib) olishi mumkin. Shuningdek, soliq to‘lovchi yuqori turuvchi soliq organlari tomonidan qabul qilingan qarordan norozi bo‘lsa, sudga shikoyat qilishga haqli.
Yangi tartibning qulayligi nimada?
Coliq nizolarini sudgacha hal etish jarayonida soliq to‘lovchilar tomonidan davlat boji to‘lanmaydi. Masala qisqa vaqt ichida hal etiladi. Soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasida hamkorlik munosabatlari shakllanadi.
Soliq to‘lovchi yuqori turuvchi soliq organi yoki sudga shikoyat qilganda, ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar shikoyat qilinayotgan qaror ijrosi to‘xtatib turiladi.
Bunda soliq to‘lovchi shikoyat qilinayotgan qaror qabul qilgan soliq organini yozma ravishda xabardor shart.
Mazkur tartibning yana bir qulaylik tomoni shundaki, soliq to‘lovchi shikoyatning ko‘rib chiqilishida ishtirok etishi mumkin.
Qanday hollarda shikoyat rad etiladi?
Soliq to‘lovchining shikoyati quyidagi hollardan biri sodir etilsa, yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi:
1. Shikoyat imzolanmagan bo‘lsa yoki ishonchli vakilning shikoyatni imzolash uchun vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmasa;
2. Shikoyat berish muddati o‘tgan yoki shikoyat berish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan bo‘lsa;
3. Shikoyat to‘liq yoki qisman chaqirib olingan bo‘lsa;
4. Ilgari aynan o‘sha asoslar bo‘yicha shikoyat berilgan bo‘lsa;
5. Shikoyat ilgari shikoyat qilingan qaror ustidan bo‘lsa;
6. Shikoyat Soliq kodeksidagi tegishli moddalar bilan belgilangan tartib va talablarga muvofiq rasmiylashtirilmagan bo‘lsa; (SK. 232 va 233-moddalari)
7. Shikoyat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq to‘lovchi sudga shikoyat masalasi bo‘yicha murojaat qilganda berilgan bo‘lsa.
Qayta shikoyat qilish mumkin
Soliq to‘lovchining shikoyati ko‘rilmasdan qoldirilganda, u qaytadan shikoyat qilishga haqli. Avval aynan o‘sha asoslar bo‘yicha yoki soliq organining ilgari shikoyat qilingan qarori ustidan berilgan shikoyatlar bundan mustasno.
Yuqori turuvchi soliq organi soliq to‘lovchining shikoyati bo‘yicha soliq organining qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkin.