Toshkent shahri Mirobod tumanida tabiiy gaz, Toshkent viloyati Piskent tumani va Samarqand viloyati Narpay tumanida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Mirobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.B.” MChJ mas’ul shaxslari umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 252 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Shuningdek, departamentning Piskent tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “O.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 134,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Departamentning Narpay tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.S.” fermer xo‘jaligi rahbari S.I. tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 112,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.