O‘rmonchilik: tashlab ketilgan ilmiy tadqiqotlar, o‘n yillab yoqlanmagan dissertatsiyalar va uyg‘onayotgan soha

Jamiyat 19:44 / 27.05.2020 8076

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti 2017 yilning may oyida sobiq “Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi” negizida tashkil etilgandi.

Xo‘sh, o‘tgan uch yil davomida nimalar qilindi? Qanday natijalarga erishildi, qanday loyihalar amalga oshirildi, qanday muammolar bor? Tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan mazkur soha haqida qanchalik tasavvurga egamiz? O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

– Har bir sohaning rivojlanishida eng asosiy omillardan biri shubhasiz, kadrlarning ilmiy salohiyatidir, – deydi Abdushukur Hamzayev. – Shuning barobarida, jamoaga yosh olimlarni jalb etish, yangicha fikrlovchi, yondashuvchi yoshlarning o‘z o‘rni bor, albatta. Aytish mumkinki, biz bu ikki tamoyilga alohida e'tibor qaratyapmiz.

Masalan, o‘tgan 25 yil davomida institutda yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun deyarli sharoit bo‘lmagan. Ular e'tibordan chetda qolganligi sababli, ko‘pchilik yosh doktorant tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlarini oxirigacha yetkazmasdan, tashlab ketishgan. Natijada, nihoyatda muhim bo‘lgan o‘rmonchilik sohasida birorta ham dissertatsiya himoya qilinmagan.

2017-2018 yillarda ushbu yoshlarni ilmga qayta jalb qilish, ish bilan ta'minlash va doktorantura bo‘limiga kvotalar sonini oshirish, shuningdek, ularning ilmiy-tadqiqotlari bilan shug‘ullanishida qo‘shimcha sharoit yaratildi. Shu sababli 2018 yilda sohada ilk bora bir nafar fan doktori (DSc), 5 nafar falsafa doktori (PhD), 2019 yilda 4 nafar tadqiqotchilarning falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi bo‘yicha dissertatsiya himoya qilindi.

Sakkiz nafar ilmiy xodimlar professor va katta ilmiy xodim unvoniga ega bo‘lishdi. Buning natijasida ilmiy darajali xodimlar soni 14 nafarga oshib, 2017 yilga nisbatan 21 foizga, ilmiy salohiyat esa 18 foizdan 47 foizga oshirildi. Olimlarning o‘rtacha yoshi 2015-2017 yillarda 71 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning yoshi 54 yoshni tashkil etmoqda.

2020 yilda yana 5 nafar tadqiqotchilarning doktorlik dissertatsiya himoyasi rejalashtirildi. Besh nafar ilmiy xodim esa “katta ilmiy xodim” unvoniga da'vogarlik qilmoqda.

2016-2017 yillarda ilmiy sohada 3 nafar doktorant faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2018-2019 yilda jami 18 nafar yoshlar ilmiy tadqiqotlarga jalb etildi. Jumladan, 10 nafar yosh tadqiqotchilar doktoranturaga, 8 nafar ilmiy xodimlar esa mustaqil tadqiqotchilikka qabul qilindi.

2017-2018 yillarda sohada ilm-fanni yanada rivojlantirish va o‘rmon xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida O‘XITIning Andijon filiali, Andijon viloyatida O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish innovatsiya markazi, Navoiy viloyatida cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazi tashkil etildi.

– Institutda davlat buyurtmasi asosida bajarilayotgan ilmiy loyihalar haqida to‘xtalsangiz. Ayniqsa, Orol dengizi hududida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘pchilik uchun qiziq.

– 2018-2019 yillarda jami 3,5 mlrd so‘mlik 14 ta ilmiy loyiha amalga oshirildi.

Darvoqe, eng yirik loyihalardan biri Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon va yaylovzorlar barpo etish yo‘nalishida bo‘ldi. Ushbu loyihaga 1,4 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Ushbu hudud biz, o‘rmonchilarning e'tiborimizda turgan eng muhim obektlardan biri hisoblanadi, albatta.

Shuningdek, samarasiz foydalanilayotgan lalmi yerlarda yong‘oq mevali ekinlarni intensiv yetishtirish bo‘yicha 1,5 mlrd. so‘mlik 4 ta loyiha, dorivorchilik sohasida 150 mln. so‘mlik 1 ta loyiha, o‘rmonchilikda texnikalarni takomillashtirish bo‘yicha 145 mln. so‘mlik 2 ta loyiha, manzarali daraxtlarni “in-vitro” laboratoriyasida ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha 70 mln. so‘mlik 1 ta loyiha yakunlanish arafasida.

Bundan tashqari, o‘rmon daraxt-butalarini yapon texnologiyasi asosida inkubator bloklarda yangi turdagi dorivor o‘simliklar, shu jamladan tsistanxe (Cistanchetubulosa) hamda noyob daraxt-buta turlari (ginko biloba, jo‘ka, shumtol, qayrag‘och, skumpiya, perakanta, qizil bargli zarang, hind sireni, mo‘g‘il bodomi va h.k.) yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha yangi yo‘nalishda tadqiqotlar olib boryapmiz.

– Tan olish kerak, yuqorida o‘zingiz ham ta'kidladingiz, o‘rmonchilik sohasida bir necha o‘n yillar davomida orqada qolib ketdik. Sohaga e'tibor qaratilmadi. Ya'ni, bu borada tajribamiz kam. Shu maqsadda xalqaro tajriba va aloqalarga qanchalik e'tibor qaratilmoqda?
– Darhaqiqat, 2017 yilgacha xalqaro darajadagi ilmiy tadqiqot institutlari va tashkilotlar bilan aloqalar deyarli tashkil etilmagan. So‘nggi ikki yilda “KOISA”, “TIKA”, “JICA”, “OYO”, “UEFRO”, “NIOFS”, “APAFRI” kabi xalqaro tashkilotlar, Germaniya, Mo‘g‘iliston, Koreya, Yaponiya, Turkiya, Ispaniya kabi davlatlarning ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik o‘rnatildi. Ular bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borildi va ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi.

Institutimizning yigirmadan ortiq yosh olimlari Amerika, Germaniya, Turkiya Janubiy Koreya, Xitoy, Belarussiya, Gruziya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalarida malaka oshirishdi.

– Domla, sohada ilmiy tadqiqotlar natijasi, izlanishlarni amaliyot bilan bog‘lash qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
Olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida, xandon pista (Pistachio vera)ning yangi, serhosil, mamlakatimizning lalmi sharoitiga mos 13 ta navi yaratilib, ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etildi.

Hozirgi kunda ushbu navlar Nurota tumanining samarasiz foydalanilayotgan 4000 gektardan ortiq lalmi yerlarida sanoat plantatsiyalarini barpo etishda joriy etilmoqda.

Germaniya, Italiya, Gretsiya, Turkiya kabi davlatlardan terakning istiqbolli yangi 80 ga yaqin duragay navlari olib kelinib, sinovdan o‘tkazildi. Mahalliy sharoitga mos va eng saralaridan Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatidagi o‘rmon xo‘jaliklarimizda onalik plantatsiyalari barpo etildi.

Shuningdek, qurigan Orol dengizining salbiy oqibatlarini yumshatish, himoya o‘rmonlarini qayta tiklash va ko‘paytirish e'tibor qaratildi. Institutning “Himoya o‘rmonlarini barpo etish va o‘rmon melioratsiyasi” laboratoriyasi mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Z.Novitskiy rahbarligidagi olimlar jamoasi to‘plagan tajriba va ishlab chiqilgan yangi texnologiyalari asosida so‘nggi ikki yil davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,5 mln. gektardan ortiq maydonda ixota o‘rmonzorlari barpo etildi.

Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaliklarida suvsizlikka va cho‘l iqlimiga bardoshli bo‘lgan 6 turdagi cho‘l buta o‘simliklarini yetishtirishning innovatsion usullari yordamida ko‘chatxonalar tashkil etilmoqda.

Qolaversa, o‘tgan yili seleksion usullarda tanlab olingan dorivor shafran o‘simligining “O‘zbekiston” va “Gollandiya” ekoshakllarini ko‘paytirish ishlari olib borildi va ishlab chiqarishga joriy etildi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda davlat ilmiy-tadqiqot dasturlari doirasida o‘rmon fondi yerlarida va aholi xonadonlarida tabiiy holda tarqalgan o‘rmonlardan grek yong‘og‘ining barcha belgilari bilan ustun bo‘lgan yangi 36 ta shakllari tanlab olindi. Ko‘chatxonalarni barpo etish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. 

Olib borilayotgan ishlarga o‘zining katta hissasini qo‘shganligi va fidokorana mehnatlari uchun ikki nafar yetakchi olimlarimiz, professor G.Chernova “Do‘stlik” (2018), professor Z.Novitskiy “Fidokorona mehnatlari uchun” (2019) ordenlari bilan taqdirlandilar.

– Aytish lozimki, sohaga o‘qitilayotgan barcha oliy ta'lim muassasalarga siz mehnat qilayotgan institut jamoasining ilmiy izlanishlari, qo‘llanma va monografiyalari yetib borishi ikki tomonlama ham foydali bo‘ladi, albatta. Shu jihatga ham to‘xtalsangiz.
– Haqiqatan ham institutimiz faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning ilmiy izlanishlarini ommalashtirish, targ‘ib qilish har tomonlama manfaatli. Biz bu masalaga ham alohida e'tibor qaratib kelyapmiz.

Masalan, 2017 yilda olimlarimiz tomonidan ilmiy jurnallar va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda chop etilgan maqolalar soni jami 69 donani tashkil etgandi. 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 87 donani (16 foizga oshgan), 2019 yilda 135 donani (95 foizga oshgan) tashkil etdi. Demak, har bir ilmiy xodimga yiliga 4 ta ilmiy maqola to‘g‘ri kelmoqda. Beshta monografiya va oltita ilmiy tavsiyalar tayyorlandi. Uchta yangi ixtiroga patent guvohnomasi olindi.

Respublikaning lalmi tog‘ va tog‘oldi yerlarida pistachilikni rivojlantirish uchun yaratilgan pistaning yangi istiqbolli bo‘lgan 13 ta navi sinovdan o‘tqazilib, yangi yaratilgan navlarga patent guvohnomasi olish uchun davlat nav sinash komissiyasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligiga taqdim etildi.

Shu o‘rinda yana bir gap. So‘nggi ikki yil davomida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 200 dan ortiq bakalavr va 30 nafar magistr talabalarning o‘quv-amaliyotlari O‘XITI bazasida o‘taldi.

O‘rmon xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan jami 1300 nafar xodimlarning malaka oshirishi tashkil etildi.

– Abdushukur Xudoyqulovich, o‘zingiz ham yosh olim hisoblanasiz, yangicha qarash bilan ishlashga intilasiz. O‘rmonchilik – bu hayot, tabiat muvozanatni ushlab turishda muhim soha. Sohada qanday kamchiliklarni ko‘rasiz, tizim riqoji uchun yana nimalar qilish lozim, deb hisoblaysiz?
– Sodda qilib aytganda, oddiy dehqon ham qo‘lida muhim ish quroli bo‘lmasa, hech narsa qilolmaydi. Ishlash, yangilik qilish uchun zarur sharoit bo‘lmasa, hech narsa qilolmaysiz. Nazariyalar shunchaki, pishmasdan, xayolda qolib ketaveradi, olimda ilmiy ishtiyoq, kayfiyat bo‘lmaydi. Demoqchimanki, institut moddiy-texnika bazasini yaxshilash va laboratoriya xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar hamda inventarlar bilan jihozlashga yillar davomida yetarlicha e'tibor qaratilmagan. 25 yil davomida birorta ham laboratoriya uskunalari xarid qilinmagan ekan. Bu bizning eng katta xatoimiz bo‘lgan.

Oxirgi uch yil davomida yettita yangi laboratoriya tashkil etildi, uchta laboratoriyamiz zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

O‘tgan yili o‘rmon xo‘jaligi sohasida juda qimmatli ilmiy manbalarga ega bo‘lgan mamlakatimizda yagona ilmiy kutubxona tashkil etildi.

2020 yilda institut binosini 2,3 mlrd.pul mablag‘lari hisobidan kapital ta'mirlash va 210 ming AQSh dollari hisobidan yangi laboratoriya uskunalarini xarid qilinishi davlat dasturga kiritildi.

Demak, ilmiy izlanishlar qilish, sohani rivojlantirish uchun ancha dadil qadamlar tashlandi, albatta.

Shu o‘rinda aytishni istardim, hozircha sohaga jalb etilayotgan yosh olimlarimizning yashash sharoitlarini yaxshilashga erisha olmadik. Laboratoriyalarimizni to‘liq jihozlashimiz lozim, ko‘plab ishlanmalarimizni amaliyotga joriy etishning imkoniyati bo‘lmay turibdi.

Eng muhimi, jamoamizda sohaning istiqboliga ishonch, o‘z ishidan manfaatdorlik hissi shakllanib bo‘ldi. To‘g‘ri aytdingiz, o‘rmon – bu hayot. U tabiat muvozanatini tiklaydi. Sohaga, tabiatga nafaqat olimlarning e'tibori, balki jamoatchilik, eng chekka qishloqda yashayotgan fuqarodan tortib, katta megapolislarda istiqomat qilayotgan insonlarning ham munosabati muhim, deb hisoblayman.

Kun.uz muxbiri Isomiddin Po‘latov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: