Energetika vazirligi quyosh energiyasidan shaxsiy manfaatlarda foydalanish uchun shartnoma tuzish talab etilmasligini bildirdi

O‘zbekiston 12:44 / 26.05.2020 9585

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi uyida quyosh energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun hech qanday ruxsatnoma talab etilmasligini ma'lum qildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2019 yil 21 mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (QTEM) elektr energiyasi ishlab chiqarish, shu jumladan shaxsiy manfaatlarda foydalanish uchun boshqa turdagi QTEMlar ham o‘z aksini topgan.

QTEMdan foydalanadigan jismoniy shaxslar bilan bir qatorda, qonun bilan boshqa ikki turdagi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilari ham belgilangan. Bular lokal tarmoq orqali yuridik va jismoniy shaxslarning ehtiyojlari uchun elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari va QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasi yetkazib beruvchi ishlab chiqaruvchilardir.
 
“Boshqacha qilib aytganda, QTEMdan foydalanib (quyosh, shamol va boshqalar orqali) elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Nafaqat o‘zingiz uchun, balki uni sotishingiz ham mumkin. Bunday hollarda, bu tadbirkorlikning eng yangi turi ham hisoblanadi.
 
Bunday tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qonun ularga QTEMdan lokal elektr tarmoqlarini yaratish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasini o‘zaro kelishilgan narxlarda sotish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqini beradi.

Shu bilan birga, QTEMdan yagona energetika tizimiga elektr energiyasini yetkazib beruvchilarga tarmoqqa kafolatli ulanish huquqi berildi.

Tabiiyki, bu yerda qayta tiklanuvchi energiyadan o‘z ehtiyojlari uchun emas, balki tadbirkorlik, ya'ni elektr energiyasini sotish maqsadida foydalanish haqida gap ketganda, amaldagi biznes qonunlari qo‘llaniladi.
 
Va birinchi turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun – ya'ni quyosh energiyasini o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqaradiganlar uchun nafaqat shartnomalar talab etilmasligi, balki ularga rag‘batlantiruvchi imtiyozlar ham mavjud”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.
 
Agar aholi faqat qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda, ya'ni mavjud energiya tarmoqlaridan to‘liq uzilgan taqdirda, ularga jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘idan va yer solig‘idan uch yil muddatga (QTEMdan foydalanish oyidan boshlab) ozod qilinadi.
 
2019 yil 22 avgustda prezidentning “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi   texnologiyalarni   joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4422-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilgan.

2020 yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatda davlat budjeti hisobidan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalari uchun (3 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), quyosh suv isitgichlari uchun (1,5 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan), shuningdek, energiya tejamkor gaz-gorelkali qurilmalar uchun esa (200 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan) sotib olish qiymatining uchdan bir qismi qoplanishini nazarda tutuvchi tartib joriy qilinishi belgilangan.

Bu tadbirlar qatorida jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari, energiya tejamkor gaz-gorelkalari va qozonxonalar, shuningdek, boshqa energiya tejamkor uskunalar sotib olish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash (kompensatsiyalar) ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda Energetika vazirligida qayta tiklanuvchi energetika sohasini yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar yaratish bo‘yicha Nizom loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: