Deputat Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga "deputat so‘rovi" yubordi

O‘zbekiston 19:25 / 24.12.2024 3324

O‘zLiDeP partiyasi deputati Nuriddin Sultonov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilishi bo‘yicha Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga “deputat so‘rovi” yubordi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

Deputat so‘rovida O‘zbekistonda elektromobillar soni ortib borayotgani, xususan, 2024 yilning 10 oyida mamlakatga 20 mingdan ortiq shu turdagi transport vositalari import qilingani qayd etilgan.

Ushbu jarayon elektromobillardan foydalanish infratuzilmasining rivojlanishi va kengayishi zaruratini yuzaga keltirdi. Ko‘plab xizmat ko‘rsatish obektlari atrofida tadbirkorlar tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘rnatildi va aholiga xizmat ko‘rsatish joriy qilindi.

Shu bilan birga, 2022 yilning 9 dekabridagi hukumat qarorida savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi ham belgilangan.

Biroq poytaxtda o‘rnatilgan va subabonent sifatida elektr tarmoqlariga ulangan, elektrdan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini elektrdan uzib qo‘yilayotgani tadbirkorlar tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

“Deputat N.Sultonov Energetika vazirligiga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari faoliyati cheklanib, ularni elektr tokidan uzish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganlik holati yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish hamda Kadastr agentligiga Toshkent shahrida elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish bilan bog‘liq holatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishini so‘radi”, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: