Markaziy bank firibgarlar bank kartasidagi pulni qanday qilib masofadan turib o‘zlashtirishi mumkinligini tushuntirdi

Iqtisodiyot 08:42 / 20.05.2020 35501

Markaziy bank bank kartasini rasmga olib, uni kimgadir jo‘natish yoki ijtimoiy tarmoqda e'lon qilish xavfli ekani haqidagi savolga javob qaytardi. 

Bildirilishicha, bank kartasi ustidagi raqamlari, ya'ni rekvizitlar – karta egasini unifikatsiya va identifikatsiya qilish hamda kartaning amal qilish muddatini belgilaydi. 

Shuningdek, rekvizitlar bank kartasini masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimiga ulash uchun foydalaniladi. 

Bank kartasidagi raqamlar boshqa shaxsga oshkor bo‘lib qolishi xavf tug‘dirmaydi. Ammo begona shaxslar tomonidan karta egasining ruxsatisiz masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimiga ulanish uchun karta rekvizitlari kiritilganda, karta egasining uyali telefoniga SMS-xabarnoma xizmati orqali maxfiy kod yoki raqamli xabarnoma keladi. Agar mazkur xabar (kod) begona shaxsga oshkor bo‘lsa, ularda masofadan turib kartadagi mablag‘ni o‘zlashtirish imkoni tug‘iladi. Ya'ni karta egasi mablag‘ini firibgarlarga o‘zlashtirish uchun sharoit yaratib bergan bo‘ladi.

Misol uchun, firibgar o‘zini bank xodimi yoki turli aksiyalar tashkilotchisi sifatida telefonda tanishtirib, kartaga ma'lum miqdorda mablag‘ o‘tkazib berishni taklif qilgan holda, bank kartasi egasining mobil telefoniga kelgan “tasdiqlovchi kod”ni so‘rashi mumkin. Bunday holatda, ushbu kodni ularga zinhor oshkor qilmaslik kerak hamda mazkur shaxslar haqida ichki ishlar organlariga xabar berish lozim.

Bank kartasi egasining mobil telefoniga “SMS-xabarnoma” xizmati orqali kelgan maxfiy kodni boshqa shaxslarga oshkor qilmasligi bank kartasidagi mablag‘ning boshqalar tomonidan o‘zlashtirilish imkonini yo‘qqa chiqaradi.

Ko‘proq yangiliklar: