Pandemiya I chorakda O‘zbekiston davlat budjeti daromadlariga jiddiy ta'sir qilmadi

Iqtisodiyot 00:52 / 19.05.2020 12335

Bu haqda Moliya vazirligi taqdim qilgan «2020 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risida axborot-tahliliy sharh»da aytilgan.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetining 2020 yil I chorakdagi daromadlari 28,5 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln. so‘mga ko‘pni tashkil etdi.

Shundan 23,8 trln. so‘m (83,5 foiz) – soliqlardir. Soliq tushumlari o‘tgan yilning I choragi bilan solishtirganda 5,3 trln. so‘mga ko‘paygan.

«Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha mintaqalararo inspeksiya to‘liq faoliyat yurita boshladi va 15,4 trln. so‘m yoki soliq organlari tomonidan ma'muriylashtiriladigan barcha daromadlarning 65 foizi yig‘ilishini ta'minlab berdi», – deyiladi dokladda.

Hisobot davrida bojxona to‘lovlari tushumi 4,8 trln. so‘mni tashkil qilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu miqdor 3,4 trln. so‘m bo‘lgan edi.

Bu tushumlar orasida eng katta ulushni quyidagilar tashkil etdi: import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i - 3,8 trln. so‘m, aksiz solig‘i – 0,2 trln. so‘m, bojxona boji – 0,6 trln. so‘m.

Soliqlar kesimida davlat budjeti daromadlarining asosiy ulushi quyidagilar hisobidan shakllantirildi: QQS – 7,2 trln. so‘m (umumiy tushumlarning 25,4 foizi), foyda solig‘i – 6,3 trln. so‘m (22,1 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 3,6 trln. so‘m (12,5 foiz), yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq – 3,9 trln. so‘m (13,6 foiz) va aksiz solig‘i – 3,2 trln. so‘m (11,1 foiz).

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil I choragidagi tushumlar (7,2 trln. so‘m) o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 0,5 trln. so‘mga kamaydi. Tushumlar hajmining kamayishiga soliqning 20 foizdan 15 foizga pasaytirilishi, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinishi bilan 2020 yil 1 yanvardan yangi qoidalarning kuchga kiritilishi omil bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun imzolangan bir nechta prezident farmonlarida aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga qator soliq yengilliklari berish ko‘zda tutilgan.

18 may e'lon qilingan farmon asosida kichik tadbirkorlik va boshqa qator sub'yektlar 1 iyundan 1 sentyabrgacha mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod etildi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, yilning birinchi choragida import 9,7 foizga, eksport 10,9 foizga qisqargan. Tashqi savdodagi disbalans manfiy 1,3 mlrd dollarga yetdi.

Yanvar-mart oylarida aholi jon boshiga YaIM 3,2 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yil bilan solishtirganda 2 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkich 2018 va 2019 yil yanvar-mart oylarida mos ravishda 3,9 foiz va 3,8 foizni tashkil etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: