Gulnora Karimova bilan ishlagan yana bir tadbirkor kichik Karimovning mulk da'vosiga munosabat bildirdi

Jamiyat 11:51 / 17.05.2020 124488

Gulnora Karimova nomi ko‘p yillar davomida boylik va hashamat atamalari bilan chambarchas bog‘liq holda tushunilib keldi. U aralashmagan biror yirik soha, yo‘nalish yo‘q edi. O‘sha yillari garchi bu rasman tan olinmagan bo‘lsada, keyinchalik boshlangan tergov, sud jarayonida ko‘p ma'lumotlar oshkor bo‘ldi. Tergovda va sudda Gulnora Karimovaning o‘zi ko‘p ayblovlarni rad etgan, tan olmagan. Ammo uning o‘g‘li, ayni paytda Londonda istiqomat qiluvchi kichik Islom Karimovning prezidentga yo‘llagan maktubi kutilmagan ma'lumotlarni ochib yubordi. VVS saytining o‘zbekcha talqinida e'lon qilingan ochiq xatda Islom Karimov onasining O‘zbekiston hududida juda katta miqdorda boylik, mol-mulkka ega bo‘lganini bildirgan.

Mazkur ochiq xat tufayli olib borilgan surishtiruvning avvalgi qismlarida Gulnora Karimovaning «Koka kola», «Quvasoy sement» kabi yirik korxonalardagi faoliyati, «Korzinka» savdo markazlari tarmog‘iga qay darajada aloqadorligiga to‘xtalingandi.

Uchinchi qismda maktubda tilga olingan, O‘zbekistonda rasmiy distributsiyaga ega bo‘lgan Levi's, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa brendlar do‘konlari tarmog‘i va sog‘lomlashtirish markazlari bo‘yicha savollarga oydinlik kiritiladi.

Jahongir Ahmedov: «Barcha savdo tarmoqlarini bu mojarolar boshlangunga qadar rasman sotib olgandim»

Navbatdagi suhbatdosh Levi's, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa brendlar do‘konlari tarmog‘i va sog‘lomlashtirish markazi sohibi, tadbirkor Jahongir Ahmedov bo‘ldi.

– Jahongir aka, Gulnora Karimova bilan birgalikda biror ish qilganmisiz, shaxsan tanish bo‘lganmisiz?

– Men ko‘p yillardan beri biznes bilan shug‘ullanaman va ko‘pchilik bilan hamkorlik qilganman. Taxminan 2008 yildan boshlab Gulnora Karimovaga tegishli savdo maydonlarining ijarachisi bo‘lganman va o‘sha maydonlarda ham savdo yuritganman. Lekin Gulnora Karimovaning o‘zi bilan shaxsan tanish bo‘lmaganman.

– Xabaringiz bor, kichik Islom Karimov O‘zbekistonda rasmiy distributsiyaga ega bo‘lgan Levi's, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa brendlar do‘konlari tarmog‘i onasi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lganini bildirgan. Bu ma'lumotlar qanchalik asosli?

– Bu borada biroz aniqlik kiritmoqchiman. 2014 yilgacha «Takitina LTD» kompaniyasi Levi’s, Mango, United Colors of Benetton savdo markalari franshizalari egasi bo‘lgan. O‘z navbatida 2013 yilgacha «Takitina LTD» Gulnora Karimovaga aloqador shaxslarga tegishli bo‘lgan.

2013 yilning avgustida men «Takitina LTD» kompaniyasini sotib olganman. Ushbu bitim Gulnora Karimovaga tegishli kompaniyalarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilguniga qadar amalga oshirilgan.

Shuningdek, «Fitness and spa» sog‘lomlashtirish markazi 2005 yilda tashkil etilgan. 2013 yilda «Konstant investmens» kompaniyasi «Fitness and spa» MChJning yagona ta'sischisi bo‘lgan.

2013 yilda «Fitness and spa» MChJ ustav fondining 100 foizlik ulushini «Konstant investmens» kompaniyasidan sotib olganman.

O‘z-o‘zidan ayon bo‘ladiki, Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi yuqoridagi brendlar rasmiy tarmog‘i yoki tilga olingan sog‘lomlashtirish markazi bilan aloqasi rasman uzilgan bo‘lgan va u yoki o‘g‘lining bunday da'volar qilishga biror huquqiy asosi qolmagan.

– O‘sha yillari bu yirik do‘konlar ma'lum muddat yopilishiga nima sabab bo‘lgandi?

– Yuqorida aytib o‘tilganidek, 2013 yilga qadar «Takitina LTD» kompaniyasi Gulnora Karimovaga aloqador shaxslarga tegishli bo‘lgan. 2014 yilda Gulnora Karimova va uning yaqinlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani tufayli bizning do‘konlar ham huquqni himoya qilish organlari tekshiruvi doirasiga tushdi. Tekshiruv o‘tkazish jarayonida biz Levi’s, Mango, United Colors of Benetton do‘konlarini vaqtinchalik yopishga majbur bo‘ldik. Tekshiruv yakunlangach, barcha do‘konlar faoliyati qayta tiklandi.

– Umuman, Levi's, Benetton, Quicksilver, Mango kabi brendlarning O‘zbekistondagi ish tartibi qanday? Sizlar faqat brenddan foydalanib o‘zlaringiz mahsulot olib kelib sotasizlarmi yoki dilerlik usuli qo‘llanadimi?

– Biz ko‘plab mashhur brendlar, jumladan, Levi’s, Mango, United Colors of Benetton kabi brendlarning mamlakatdagi rasmiy distribyutorimiz va ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqdamiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: