«Kechki payt suv sotadiganlar kelishadi» – Marhamatning namunali uylaridagi ichimlik suvi muammosi qachon yechim topadi?

Jamiyat 19:00 / 16.05.2020 14402

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Marhamat tumani «Alitepa» MFY hududidagi namunali loyihalar asosida qurilgan uylarda yashovchi aholi vakillari toza ichimlik suvidagi muammolar bo‘yicha murojaat qilishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 200dan ziyod xonadon suv yo‘qligidan qiynalib yashamoqda. 2010 yilda namunali uylarni qurgan quruvchilar suv minorasi va suv tarmog‘ini «qo‘l uchida» qurib topshirib yuborgan. Aholi ko‘p yillardan beri ichimlik suvini tashib olib keladi. «Alitepa» mahallasiga borib, fuqarolarning arziga quloq tutdik.

«Namunali loyihalar asosida qurilgan bu uylarga 2010 yilda ko‘chib chiqqanmiz. 2011-2012 yillarda ichimlik suvi berilgan. Lekin, 7-8 yildan beri toza ichimlik suvi muammo. Hozirgi paytda barcha xonadon egalari yer qa'ridan «kachalka» (zax suvni tortish qo‘lbola qurilmasi) orqali zax suv chiqarib foydalanib kelamiz. Bu zax suvni aslida iste'mol qilib bo‘lmaydi», deydi Muqaddamxon Temirova.

«Xonadonimizdan chiqadigan zax suvdan kir yuvish va shudgor sug‘orish uchun foydalanamiz. Mashinasi bor qo‘shnilarimiz ichimlik suvini o‘zlari tashib keladi.  Mahallada kimdadir transport bor, kimdadir yo‘q. Bizga esa toza ichimlik suvini «Labo» mashinasida haftada 1 yoki 2 marta sotgani olib kelishadi. Necha yildan beri suvni sotib ichyapmiz», deydi Saodatxon Qodirova.

Xonadonlarning darvozaxonasida to‘plangan bir qancha suv idishlarini ko‘rasiz. Bir xonadon egasining aytishicha, bu idishlardagi toza ichimlik suvi bir haftaga yetar ekan.

«Bugun kechki payt suv sotadiganlar kelishadi. Idishlarimizni to‘ldirib olamiz», deydi mahalla vakillaridan biri.

Muammo bo‘yicha izoh olish uchun Marhamat tumani hokimligida bo‘ldik. Hokimlik mutasaddilari bu muammoga «Suvoqova» tashkiloti rahbari Xayrullo Ashurovdan izoh olishni tavsiya etishdi.

Xayrullo Ashurov esa bu ko‘chalarda bunday muammolar bo‘lishi mumkin emasligini, o‘sha suv minorasiga qo‘shimcha ravishda shahardagi suv inshootidan 24 soat mobaynida beriladigan suv tarmog‘i ulanganini va mazkur mahalla fuqarolari ichimlik suvi uchun umuman to‘lov amalga oshirmaganini ta'kidladi. Muammoni birgalikda o‘rganishimizni taklif qildi.

«Suvoqova» tashkiloti rahbari bilan «Alitepa» mahallasi Davkar ko‘chasiga birga bordik. Hududda ichimlik suvidan muammo yo‘qligini aytgan X. Ashurov so‘zlari noto‘g‘ri chiqqanidan uyalib qoldi. U ichishga yaroqsiz ozgina suv chiqadigan suv minorasini aytgan ekan. Mutasaddi bilan xonadonlarga birga kirganimizda aholi vakillari suvsizlikdan qiynalib yashab kelayotganini aytishdi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, namunali loyiha asosida qurilgan uylar uchun bir vaqtlar qurilgan suv minorasi ostidan ichishga yaroqsiz bo‘lgan oz miqdordagi suv oqib turibdi. Atrofdagi o‘ntacha xonadon undan tashib kir yuvish, tomorqani sug‘orishga foydalanib turar ekan. «Suvoqova» tuman tashkiloti rahbari o‘sha ozgina oqib turgan suvni ichish uchun yaroqli va qattiqligi 7 yoki 8 g.ekv/dm3 darajada, deya ta'kidladi. Lekin, mutasaddi tahlil hujjatlarini ham ko‘rsata olmadi. Aholi vakillari tomonidan SEOMda qilingan tahlilda esa suvning qattiqligi 10,2 darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi.

«Suvoqova» boshlig‘i ozgina va yaroqsiz holda chiqarib turgan suv inshooti tufayli hududda suv borligini aytgan ekan. Suv tizimi rahbarining o‘zi ham odamlar suvni pulga olib ichayotganiga guvohi bo‘ldi.

Muammo yuzasidan aholi tuman hokimligiga ko‘p marta og‘zaki tarzda murojaat qilgan, lekin hech qanday samara bo‘lmagan.

Aholi vakillari yana hududlarida yer zaxligini me'yorida ushlab turuvchi zovurlar ham ko‘milib ketayotganidan shikoyat qilishdi.

Marhamat tuman mutasaddilari «Alitepa» mahallasida istiqomat qiluvchi 200ta xonadon vakillarining muammolarini hududning o‘ziga kelib o‘rganishlari lozim. Bu yerda mingga yaqin kishi ro‘zg‘or va tirikchilik uchun eng zarur bo‘lgan ichimlik suvisiz yashamoqda.

Sarvarbek Nazarov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: