Lyuis Hemilton Devid Bekhemning rekordini yangiladi

Sport 00:56 / 15.05.2020 7675

Sunday Times Rich List 2020 reytingiga ko‘ra, “Formula-1” poygalarining 6 karra chempionining boyligi 224 mln funt sterlingga (250 mln yevro) baholanmoqda. 

Bu qiymat reyting olib borilayotgan 32 yil davomidagi rekord summa hisoblanadi.

Avvalgi rekord natija “Manchester Yunayted” va “Real” klublarining sobiq yulduzi Devid Bekhemga tegishli bo‘lgan. Uning 2013 yilda sportdan ketayotgan vaqtdagi boyligi 200 mln funt sterlingga (225 mln yevro) baholangan. 

35 yoshli Hemilton bir yil ichida 37 mln funt sterlingga boyigan. 

Asosan media sohasidagi shaxslar ko‘pchilikni tashkil qilgan ushbu reytingga Hemiltondan tashqari yana bir sportchigina kirgan. Bu shimoliy irlandiyalik golfchi Rori Makilroy bo‘lib, uning boyligi 170 mln funt sterlingga baholangan.

The Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, “Mersedes” jamoasi uchun ishtirok etuvchi Hemiltonning maoshi bonuslar bilan birga yiliga 40 mln funt sterlingni tashkil qiladi. Poygachining shartnomasi 2020 yil oxirida o‘z nihoyasiga yetadi va amaldagi chempion o‘z faoliyatini davom ettirishi-yo‘qligi ayni vaqtda noma'lumligicha qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: