XVJ jahon iqtisodiyotini asr inqirozi kutayotganini aytgandi. Vaziyat bundan ham yomonroqligi ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 16:43 / 13.05.2020 31967

 Hammasi ancha jiddiyligi ma'lum bo‘ldi

«Inqiroz faqat kuchaymoqda, taxminlar esa bizning eng salbiy taxminlarimizdan ham yomonroq. Agar tibbiyot virusni bartaraf etmasa, ko‘plab iqtisodiyotlar yanada kuchli jabr ko‘radi», dedi XVJ direktori Kristalina Georgiyeva.

XVJ iqtisodchilari G‘arb karantinni yumshata boshlaganidan so‘ng tushkunlikka tushdi. Aprel o‘rtalarida ularning kelajakka ishonchi so‘ndi va jahon iqtisodiyoti bu yil 3 foizga pasayishini bashorat qildi, o‘tgan yil kuzida ular iqtisodiyot uch foizga oshishini bashorat qilgandi. Zamonaviy tarixda ilk marta prognoz shunday qisqa muddatda keskin o‘zgardi.  

«Iyunda prognozlarni yangilaymiz. Yomon xabarlar bo‘lishi hozirdan aniq», - dedi Georgiyeva.

 Kimga qiyin bo‘ladi?

Foto: AFP

Jahondagi ishlab chiqarish va iste'mol hajmining yarmidan ko‘pi to‘g‘ri keladigan dunyoning eng yirik uch iqtisodiyoti tarixdagi eng jiddiy pasayishni boshidan kechirdi.

Xitoydagi iqtisodiy faollik yarim asr ichida birinchi marta qisqardi. Yevroittifoq paydo bo‘lganidan buyon bunday pasayishni boshidan kechirmagandi. AQSh yo‘lda qoqildi va o‘n yil davomidagi ko‘tarilish nihoyasiga yetdi.

Amerikadagi ishsizlik Buyuk tushkunlik davridan buyon bo‘lgan rekordlarni yangiladi.

Koronavirus avvalgi inqiroz - 2008-2009 yillardagi retsessiyadan keyingi jahon iqtisodiyoti tiklanishini to‘xtatib qo‘ydi.

O‘tgan safar dunyo pul siyosati – pul chop etish orqali moliyaviy inqirozni yumshata olgandi. Bu safar esa hammasi jiddiy, chunki muammo pul yetishmasligida emas, balki virus va u bilan bog‘liq xarajat va cheklovlarda.

Karantindan keyin iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish uchun jahondagi barcha mamlakatlar g‘aznasidan qo‘shimcha 9 trln dollar ajratishga va'da bergan, dedi Georgiyeva.

Buncha pul hech kimda yo‘q, uni qarzga olishga to‘g‘ri keladi. Bu qarzlarni esa kelajak avlod qattiq mehnat, oshirilgan soliqlar yoki inflatsiya orqali to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Rivojlangan davlatlar kreditorlarni qiynalmasdan topadi, ammo koronavirus qolganlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Bunday davrda pul rivojlanayotgan bozorlardan qochadi va hozir ana shunday vaqt. Kapitalning qochishi devalvatsiyaga olib keladi, bu esa nafaqat yangi, balki eski qarzlarning qiymatini ham oshiradi. Natijada yuk shundoq ham teshik g‘aznaga tushadi.

Oqibatda Rossiya, Hindiston yoki Meksikaga o‘xshagan unchalik boy bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar koronainqirozdan yanada qattiq jabr ko‘radi, deb ogohlantirdi BMT va ular uchun 2,5 trln dollarlik inqirozga qarshi paket yig‘ishga chaqirdi.

XVJ rahbari Georgiyeva esa bu mablag‘ yetmasligini aytdi. 

Karantinni qachon bekor qilish kerak?

Foto: AFP

Virus o‘z kuchini birinchi marta ko‘rsatgan mart oyida rivojlanayotgan bozorlardan kapitalning qochishi qariyb 100 mlrd dollarga yetdi. Bu avvalgi uchta moliyaviy inqirozning har biridagidan to‘rt baravar ko‘pdir.

XVJ iqtisodchilari Yevropaning karantinsiz kelajakka qo‘ygan dastlabki qadamlari baholangan hisobotni taqdim etdi.

Ularning ogohlantirishicha, Ko‘hna dunyo cheklovlarni olib tashlashga pandemiya zarbasini birinchi bo‘lib qabul qilgan Osiyoga nisbatan yomon tayyorlangan.

«Hammaning o‘z strategiyasi bor, ammo Yevropa karantindan Osiyoga nisbatan ancha erta chiqmoqda. Buning ustiga, Yevropa keng miqyosda test o‘tkazish, ehtimoliy bemorlarni kuzatish va kasallik o‘choqlarini izolyatsiya qilish bo‘yicha Osiyodan orqada», - deb ogohlantirmoqda XVJ ekspertlari.

«Karantin Osiyoga ham, Yevropaga ham jiddiy iqtisodiy va ruhiy zarar yetkazadi. Uni tezroq bekor qilish istagini tushunish mumkin. Ammo ehtiyotkorlik bilan harakat qilish darkor hamda barcha narsani ko‘proq va tezroq ochishga berilib ketmaslik kerak. Bu kasallikning qaytalanishiga olib keladi».

Ko‘proq yangiliklar: