Davlat banklaridan 6tasi xususiylashtiriladi

Iqtisodiyot 02:06 / 13.05.2020 72339

Hujjatga asosan, xalqaro moliya institutlari ko‘magida «Ipotekabank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka», «Aloqabank», «Qishloqqurilishbank» va «Turonbank»dagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.

Davlat aksiyalari paketi sotuvga chiqarilishidan oldin bu banklarda transformatsiya jarayoni o‘tkaziladi.

Qayd etish kerak, ushbu 6ta bank sirasidagi «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asaka» banklari – kapitali va aktivlari miqdori, kredit va depozit portfellari hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi va uchinchi raqamli banklar sanaladi.

Mamlakatdagi eng yirik bank – «Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki», shuningdek, «Agrobank» va «Mikrokreditbank» ustav kapitallarida davlat ulushi saqlab qolinadi.

Bundan maqsad – bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini («loyihalar fabrikasi») keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta'minlash.

Shuningdek, ayrim banklar faoliyatini diagnostika qilish va moliyaviy ahvolini baholash asosida, me'yoriy talablaridan hamda qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq konsolidatsiya qilinadi.

«Poytaxt bank» va «O‘zagroeksportbank»ni qayta tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezident farmoni bilan, Moliya vazirligi huzurida vazirlikning tasdiqlangan shtatlar soni doirasida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil etiladi va unga quyidagi huquqlar beriladi:

  • tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlariga maslahatchi sifatida xalqaro konsultantlarni jalb qilish;
  • tijorat banklarini transformatsiya qilish, shuningdek, ulardagi davlat aksiyalari paketini xususiylashtirishga doir masalalarda xalqaro moliya institutlari va salohiyatli xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borish va bitimlar tuzish.

Loyiha ofisiga moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasriddinxo‘jayev rahbarlik qiladi.

Markaziy banki va Moliya vazirligiga 2024 yildan kechiktirmay Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki dasturi (FSAP) asosida moliyaviy sektor holatini baholash vazifasi topshirildi.

«Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan banklarning, shu jumladan, kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish faoliyatiga aralashish taqiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikning banklar faoliyatiga davlat organlarining ma'muriy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik qismi ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin», – deyiladi farmonda.

Ko‘proq yangiliklar: