Farmon bilan tegishli strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Hujjat asosida kelgusi 5 yil davomida bank sohasini o‘zgartirishning konseptual asoslari, tamoyillari va yo‘nalishlari belgilandi.
Unga ko‘ra, bank sohasida o‘rta muddatli islohotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:
- sektorni qayta qurish – banklarni o‘zgartirish va xususiylashtirish;
- bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi standartlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini va boshqalarni joriy etgan holda qonunchilik bazasini takomillashtirish;
- mijozlarga yo‘naltirilgan xizmatlar, kreditlash mexanizmlari va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va kengaytirish;
- kadrlar malakasini oshirish.
2025 yilga borib quyidagi maqsadlarga erishish ko‘zda tutilgan:
- bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
- banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
- 2025 yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
- umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.
Strategiya Jahon banki ekspertlari yordamida Moliya vazirligi va Markaziy bank mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunda xalqaro amaliyot va yondashuvlar, jumladan, MDH va Sharqiy Yevropa tajribasi hisobga olingan.