AQShda karantin choralari tufayli yuzaga kelayotgan ishsizlik darajasi 1930-yillarda yuz bergan «Buyuk tushkunlik»dan (1929-1933 yillarda yuz bergan dunyo iqtisodiy inqirozi shunday deb ataladi) keyin misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich – 14,7 foizga yetdi.
So‘nggi bir oy ichida karantin sabab dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga ega AQShda 20 milliondan ortiq odam ishini yo‘qotdi. Bu haqda juma kuni, karantin chorlari ortidan mehnat bozorida qulash darajasi haqida tayyorlangan ilk batafsil hisobotda ma'lum qilindi.
2008-2009 yillarda yuz bergan butunjahon moliyaviy inqirozidan keyin o‘n yillikda ketma-ket 100 oy davomida ishlab chiqarish hajmi oshgan, ish o‘rinlari yo‘qotilmagan, natijada joriy yil fevral oyida ishsizlikni so‘nggi yarim asrdagi eng past darajagacha (3,5 foiz) kamaytira olgan mamlakat uchun bu misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatsizlik hisoblanadi.
Vaqtincha ishsizlar
Ammo umid beruvchi holatlar ham bor: masalan, karantin davrida ishsiz qolganlarning aksariyati ishdan vaqtinchalik bo‘shatilgan va ular ish o‘rnini saqlab turibdi. Ish beruvchilar shu chora bilan o‘z mablag‘ini tejashni xohlagan. Bu toifa odamlar karantin choralari yengillashtirilgandan so‘ng o‘z ishiga qaytishi mumkin.
Boshqalari esa kam ish haqi evaziga salmoqli imtiyozlardan foydalanishni tanladi – iyul oyi oxiriga qadar hukumat ularga to‘lanadigan mablag‘ni oyiga odatdagi bir yarim ming dollardan o‘rtacha 4 ming dollargacha oshirdi. Bu uchun AQSh hatto «kosmik miqdordagi» trillionlab qarz jalb qilishga ham qo‘rqmadi.
Prezident Donald Tramp uchun bularning hammasi unchalik yaxshi yangiliklar hisoblanmaydi. Noyabr oyida o‘tkaziladigan saylovlarda u ikkinchi muddatga qayta saylanish uchun ishtirok etadi. Yaqingacha, masalan, AQShga hali koronavirus kirib kelmagan fevralgacha uning asosiy «tili uzun tomoni» iqtisodiy o‘sish va yuqorida yozilganday ishsizlikning so‘nggi yarim asrda eng past darajaga tushgani edi.
Endi esa koronavirus pandemiyasi ortidan hammasi o‘zgarib ketdi. Iqtisodiyot misli ko‘rilmagan darajada pasaydi, bunga hamohang tarzda ishsizlik eng yuqori darajaga chiqdi va Tramp o‘z qo‘lidagi «kuziri»ni yo‘qotib, saylovlarga sanoqli oy qolganda reytingini yo‘qotmoqda.
2017 yildan dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotga ega davlatni boshqarar ekan, Tramp yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakat iqtisodiyotini yanada yuksaltirib, uning boyliklarini ko‘paytirish qobiliyatiga ishongan. Fevralgacha shunday bo‘ldi ham. Qimmatbaho qog‘ozlar bozori ko‘plab rekordlarni qayd etdi, rivojlanish ko‘rsatkichlari ham juda yaxshi bo‘ldi. Shu tufayli saylovchilar bu rivojlanish avvalgi prezident Barak Obamaning emas, balki Trampning xizmatlari ekaniga bildirilgan shubhalarga ham e'tibor berishmadi.
Biroq koronavirus hammasini chippakka chiqardi. AQSh nafaqat virus tufayli vafot etganlar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi, balki mamlakat tarixida ro‘y bergan eng uzoq, o‘n yillik iqtisodiy yuksalish bosqichi tugab, ortga qulash ham yuz berdi. Hamma ko‘rsatkichlar bundan qariyb 90 yil oldin yuz bergan «Buyuk tushkunlik» davridan so‘ng eng yomon holatga keldi. Qisqasi bugun barcha sa'y-harakatlar havoda yo‘q bo‘lib ketgan changday bir zumda ko‘rinmay qoldi.
Bugun AQSh iqtisodiyoti chalajon ahvolga tushgan. Tramp o‘z fuqarolarining hayoti va sog‘ligiga xavfli virus tahdid solayotganiga qaramay, karantin choralarini yengillatib, iqtisodiyotni jonlantirishga tayyor turibdi.
«Odamlar aziyat chekadimi? Ha. Kimdir ko‘proq yo‘qotishlarga uchraydimi? Ha. Ammo mamlakatni ochishimiz kerak va biz buni imkon qadar tezroq qilishimiz lozim», dedi Tramp bu borada.
Hammasi shunchalik yomonmi?
O‘tgan asrda, ikkita jahon urushi o‘rtasida ro‘y bergan «Buyuk tushkunlik»dan beri AQShda ishsizlik darajasi hech qachon bunday xavfli ko‘rinish olmagan: 1980-yillarda ro‘y bergan iqtisodiy turg‘unlik davrida ham ko‘rsatkichlar deyarli 10 foizdan oshmagan.
AQSh zamonaviy tarixda bir kecha-kunduzda o‘n millionlab ish o‘rinlarini yo‘qotishga duch kelmagan. Avvalgi rekord 1945 yilga tegishli edi. O‘shanda AQSh ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng armiya safida bo‘lgan millionlab askarlarni harbiy xizmatdan bo‘shatadi va ular ishsizlarga aylanadi. O‘shanda ham ahvol hozirgidan 10 baravar past bo‘lgan – bir vaqtning o‘zida 2 million odam ishsiz qolgan.
Iqtisodchilar bunday yirik ko‘lamdagi yo‘qotishlar o‘rnini yaqin bir necha yil ichida, virus tarqalishidan oldingi eng past natijagacha tiklashning iloji bo‘lmasligi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Ammo yilning ikkinchi yarmida biroz tiklanishdan umid bor.
«Buyuk tushkunlik» davrida odamlar o‘z ishini butunlay yo‘qotgan va ish o‘rinlarini qayta tiklashning mutlaqo imkoni bo‘lmagan. Hozir vaziyat biroz boshqacha, o‘n millionlab amerikalik ishsizlar karantindan so‘ng ishga qaytishi mumkin. Ularning aksariyatini vaqtincha ish haqi to‘lanmaydigan ta'tilga chiqqan deyish ham mumkin.
Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, vaqtinchalik ishsizlar ishsizlik o‘sishining deyarli 80 foizini tashkil qiladi. Karantin choralari bekor qilinishi bilan ularning aksariyati darhol ishga qaytadi. Boshqalar esa karantin tugagach, imtiyoz tufayli hukumatdan qo‘shimcha mablag‘ berilishi to‘xtatilishi sabab ishlay boshlaydi.
Kongress ma'qullagan va Tramp tomonidan imzolangan inqirozga qarshi choralar uchun ajratilgan aql bovar qilmas qiymatdagi 3 trillion dollar mablag‘dan bugun ishsizlik nafaqasini oluvchi har bir ishsizga qo‘shimcha ravishda haftasiga 600 dollar to‘lanmoqda. Natijada ishsizlar uchun to‘lanadigan umumiy mablag‘ haftasiga o‘rtacha 978 dollarga yetdi.
Wall Street Journal nashri AQSh mehnat vazirligi ma'lumotlariga tayanib xabar berishicha, AQShda pandemiya to‘lqini paydo bo‘lgan paytgacha, bugun imtiyozli mablag‘ olish huquqiga ega bo‘lganlarning yarmi haftasiga 957 AQSh dollaridan kamroq daromad qilgan.
Frilancer yoki yuk mashinasi haydovchisi uchun ishiga qaytishdan ko‘ra imtiyoz olish foydaliroq bo‘lgan bugungi kunda mamlakatdagi ishsizlik darajasi sun'iy ravishda oshib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Boshqa tomondan, ma'lumotlar shunchaki to‘liq emas. Chunki u faqat faol ish qidirayotgan mehnatga layoqatli yoshdagilarnigina qamrab oladi.
Ko‘rsatkichlar ishlashni xohlaydigan ammo qobiliyatiga va kasbiga mos keladigan ish topa olmaydiganlarni, kunlik yoki soatbay ishlaydiganlarni hisobga olmagan. Shuningdek, ofitsiant, styuartdessa, di-jyey, garderobchi kabi ish o‘rnini yo‘qotmagan holda majburan karantinda o‘tirgan kasb egalarini ham ishsizlar qatorida hisoblashgan.
Yashirin ishsizlik inqirozdan oldin ham muammo bo‘lib kelgan. Rasmiylar rekord darajadagi past natijalar haqida ma'lumotlar ulashib hammani chalg‘itayotgan bir paytda, hayotning asosiy davrida mehnatga layoqatli aholining bir qismi ish qidirmaydi. Masalan, 25-54 yoshdagi har o‘ninchi erkak. Natijada ushbu toifadagi rasmiy ishsizlik ko‘rsatkichi aytaylik 3 foiz bo‘lib turaveradi, garchi undaylarning 12 foizdan ko‘prog‘i ishsiz bo‘lsa ham.
Qarzga botish
Mehnat bozori muammolari faqat AQSh iqtisodiyotidagi uzilishlar tufayli yuzaga keladi. Uzilishlarning sababi esa bugun nafaqat AQShda, balki butun dunyoda karantin davom etayotgani bilan bog‘liq. Dunyo iqtisodiyotining pastlashi AQShda savdo ko‘rsatkichlari tushib ketishi bilan izohlanadi: so‘nggi bir oy ichida AQSh portlariga tovarlar oqimi 10 foizga kamaydi, deb ma'lumot bermoqda Bloomberg.
AQShning eng yirik savdo sherigi Xitoy. So‘nggi yillarda Tramp Xitoy bilan savdo aloqalarida ancha muammolar yaratdi va uning ritorikasiga ko‘ra, hozircha bu mamlakat bilan o‘zaro savdo-sotiqning tez tiklanishiga umid qilish kerak emas. Qolaversa, Tramp hozirgi og‘ir vaziyatga qaramay, joriy yil boshida Xitoy bilan o‘nglana boshlagan savdo aloqalarini Chin yurtini koronavirus tarqatishda ayblab, yana murakkablashtirib yubordi.
AQSh eng ko‘p Xitoydan qarz. Mamlakatning 1 trillion dollardan ortiq tashqi qarzi aynan Xitoyga tegishli hisoblanadi. Savdoga asoslangan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma Shtatlar misli ko‘rilmagan qarzlarni olmoqda. Ikkinchi chorakning atigi uch oyida AQSh 3 trillion dollar qarz oladi – bu davlat qarzlarini joylashtirishning odatdagi yillik hajmidan ancha ko‘p hisoblanadi.
2009 yilda yuz bergan iqtisodiy inqiroz davrida AQSh moliya vazirligi butun yil uchun bu yil olayotgan qarzining deyarli yarmini, o‘tgan yil esa joriy yildagidan uch marta kamroq qarz olgan.
Joriy yilda yillik qarz miqdori 4 trillion dollardan oshishi mumkin. Bu deyarli AQShning 4,8 trillion dollar bo‘lgan yillik budjetiga teng. AQShning umumiy qarzi esa yillik YaIM hajmidan (20 trillion dollar) ham oshib ketishi mumkin.
AQShga qarz berish sarmoyadorlar orasida juda ommabop hisoblanadi. Shu tufayli hukumat yana qarz beruvchilarni topishiga ishonmoqda. Bundan tashqari, dollar zaxira valutasi hisoblanadi va Qo‘shma Shtatlar lozim topilganda uni xohlaganicha chop etishi mumkin. Bunday holatlarda AQSh moliya vazirligi obligatsiyalar chiqaradi va Federal rezerv ularni qisman naqd pullarda sotib oladi.
Hukumat uchun pul chop etish va tarqatishdan ko‘ra, hozirgi holatda nol stavkasida kredit berish va inflatsiya qaytganida uni yuqori stavkada sterilizatsiya qilish foydaliroq.
Bugun AQShda davlat qarzidan tashqari, odamlarning qarzlari ham o‘sib bormoqda, ularda davlatdan farqli o‘laroq pul chop etish imkoniyati yo‘q. Birinchi chorakda amerikaliklarning qarzi rekord darajada (14,3 trillion dollargacha) o‘sdi. Ushbu o‘sish asosan ipoteka kreditlari, o‘qish kontraktlari va kreditga avtomobil sotib olish hisobidan bo‘ldi. Qizig‘i, bu hisobot tayyorlanayotganda hali karantin joriy qilinmagan edi.
Keyingi navbatda asosiy yuklama katta ehtimol bilan kredit kartalari bo‘yicha qarzdorlikka tushadi: hukumat ortidan oddiy amerikaliklar ham qarzga botib, kelajakda qo‘lga kiritadigan daromadlarini oldindan sarflay boshlaydi. Yupanch beradigan bitta holat bor: koronavirus qachondir yo‘qoladi va iqtisodiy o‘sish qaytadi.