Ichki valuta bozoridagi tashvishli tendensiyalar

Iqtisodiyot 11:12 / 10.05.2020 61661

6 may kuni Markaziy bank joriy yilning yanvar-aprel oylari hisobidan navbatdagi «Ichki valuta bozori bo‘yicha qisqacha sharh»ni e'lon qildi.  Markaziy bankning bunday sharhlari o‘zining axborotga to‘laqonligi bilan ajralib turadi va beixtiyor, «Qani endi boshqa vazirlik va idoralar ham o‘z faoliyatiga tegishli bo‘lgan shunday analitik sharhlarni berib borsa!», deb yuborasan kishi.

Ba'zi umumiy savollar

Ana shu sharhda e'tiborni tortgan bir necha savol va taxminlar bo‘lib, ular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz:

1) Nega 2020 yilning yanvar-aprel oylarida ichki valuta bozorida yuridik shaxslarning chet el valutasiga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 baravarga o‘sib, 4,2 mlrd  AQSh dollarini tashkil etgan bir vaqtda, jismoniy shaxslar tomonidan 1166 mln AQSh dollari sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (346 mln AQSh doll) nisbatan 3,4 baravar oshdi? Bir yil davomida aholimiz daromadlari, iste'mol strukturasi shunday o‘zgardimiki, aholida ortiqcha mablag‘lar ko‘payib, hamma valuta sotib ola boshladi? Bunday keskin dinamikaning asl sababi nimada?

2) Nima uchun joriy yilning aprel oyi so‘nggi o‘n kunligida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valuta mablag‘larining kunlik o‘rtacha hajmi birinchi va ikkinchi dekadalardagi o‘rtacha kunlik hajmlarga nisbatan 2,5 baravar o‘sib, 9,6 mln AQSh dollarini tashkil etdi (birinchi va ikkinchi dekadalarda - 3,8 mln. AQSh dollari). Aholi avvaliga sotib olib, keyin valutani qayta sotdimi? Yoki barcha aholi almashuv kursini o‘zgarishidan bahramand bo‘ldimi? Bir dekada ichida bo‘lgan bunday osmon bilan yercha farqni Markaziy bank qanday izohlaydi?

Albatta, biz Markaziy bankdan bunday g‘alati holatlar yuzasidan hech qanday izoh olmaymiz, chunki bu idoraning maqsadi va faoliyat mas'uliyatiga kirmaydi.

Markaziy bankka savollar

Biz esa savollarimizni Markaziy bankning o‘z mas'uliyatiga tegishli fikrlar bilan davom ettiramiz:

1) Bir hisobdan yuridik shaxslarning birjadan tashqari valuta bozorida chet el valutasini sotib olish o‘sib borayotgan bir vaqtda (banklarning ochiq valuta pozitsiyasi OVP - hisobidan), korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga chet el valutasi sotib olishi ulushi 2 foizga kamayganiga (umumiy valuta sotib olish manbalari hajmida) qanday izoh berasiz? Ya'ni nega korxonalarda o‘z ixtiyoridagi valuta resurslari kamayib, banklarda valuta resurslari tobora ortib bormoqda? Bugungi kunda banklar tarixda birinchi marta yuridik shaxslarning umumiy talabining 1/3 qismini o‘z hisoblaridan yopyapti. Banklarda OVP miqdori o‘sishining asosiy sababi nimada? Agar korxonalarning eksport hajmi o‘sib borayotgan bo‘lsa, nega ularning o‘z mablag‘lari hisobidan import to‘lovlarini to‘lash imkoniyatlari pasayib bormoqda?

2) Nega yuridik shaxslar ikkilamchi bozorda banklarga ko‘proq chet el valutasini sotishga majbur bo‘lyaptilar-u (bir yilda o‘sish 154 mln AQSh dollariga o‘sgan va 1411 mln dollarni tashkil etgan), kamroq sotib olyaptilar (124 mln AQSh dollariga o‘sish va umumiy miqdorda 1063 mln AQSh dollariga teng);

3) Nega ichki bozorda chet el valutasining taklif miqdori o‘zgarmagan bir holda, xo‘jalik sub'yektlari tomonidan chet el valutasining sotish hajmi umumiy taklif strukturasida 6 foizga kamayib, jismoniy shaxslar tomonidan taklif 10 foizga ko‘paygan. Axir ana shu 4 oy davomida chet eldan keladigan jismoniy shaxslar uchun o‘tkazmalar 161 mln AQSh dollariga (-11 foiz) kamaygan-ku?

Yuqoridagi savollarga javoblarni Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari o‘tkazishdagi faolligi, inflatsiyani jilovlash uchun qilinayotgan harakatlar mazmuni va banklarga bo‘lgan rezerv (jamg‘arma) talablarining o‘zgartirilishidan qidirish kerak. Yana bir mas'ul tashkilot -Moliya vazirligi bo‘lib, korxonalarning o‘z ixtiyoridagi valutalari hajmining kamayishi ko‘proq soliq talablarining keskin oshishi bilan bog‘liq.

Shuni ta'kidlash kerakki, 2020 yil boshidan asosiy stavka va foiz koridori hamda 24 fevraldan qisqa muddatli pul-kredit operatsiyalari joriy etildi. Markaziy bank tijorat banklari tizimida mavjud «ortiqcha likvidlikni yo‘qotish» maqsadida ikki haftalik depozit auksionlari va overnayt depozit operatsiyalari joriy etdi. Natijada, birgina I chorak davomida jami 810 mlrd so‘mlik depozit auksionlari o‘tkazildi va kunlik overnayt depozitlari bo‘yicha 20 mlrd so‘mdan 259 mlrd so‘mgacha pullar tijorat banklari tasarrufidan tortib olindi. Boshqacha aytganda, tijorat banklari korxonalarga berishi mumkin bo‘lgan kredit resurslari Markaziy bank depozitlariga jalb qilindi. Albatta, ixtiyoriy ravishda va tijorat banklarining talabi va tub maqsadiga asosan.

Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga bo‘lgan rezerv (jamg‘arma) talablarining o‘zgartirilishi va bir qancha boshqa regulyativ amallar tufayli banklar ko‘proq chet el valutasida jamg‘armalarni hosil qilishga va ularning ochiq valuta pozitsiyasini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda. Aynan shuning uchun, korxonalarning o‘z ixtiyoridagi valutalar kamayib (qisman keskin o‘sgan soliq talablari evaziga), bu valuta jamg‘armalari banklarning hisoblarida to‘planib bormoqda.

Oxir oqibat, bugungi kunda banklar milliy valutada kredit berish qobiliyatiga ega emaslar va faqat chet el valutasida kredit bera oladilar. Bunday kredit foizlari ham jo‘ngina, borgan sari pasayib bormoqda (7-8 foiz atrofida). Biz banklarni milliy valutamizni emas, boshqa mamlakat emissiya qilgan valutani ko‘proq qadrlashga majburlayapmiz .

Bu sharoit mamlakat iqtisodiyoti uchun qanday xavf tug‘dirayotgani haqida keyingi maqolamizda batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Abdulla Abduqodirov,

Iqtisodiy sharhlovchi

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamaydi

Ko‘proq yangiliklar: