2020 yil yanvar-aprel oylarida milliy valutaning almashuv kursi dinamikasi valuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbati hamda ichki va tashqi omillar ta'sirida shakllandi. Natijada joriy yilning I choragi davomida valuta kursi 0,8 foizga qadrsizlandi (9501 so‘m/dollardan 9577 so‘m/dollargacha), deyiladi Markaziy bank sharhida
2020 yil mart oyining oxirgi dekadasidan boshlab savdo hamkorlar bo‘lgan davlatlar valutalari devalvatsiyasi ta'sirida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va aholining devalvatsion kutilmalarning ortishi, shuningdek, ichki valuta bozorida talab va taklif nomutanosibligining yuzaga kelishi natijasida joriy yilning aprel oyida milliy valuta 5,8 foizga qadrsizlandi.
2020 yil yanvar-aprel oylarida ichki valuta bozorida xorijiy valutadagi umumiy taklif hajmi 2,7 mlrd. AQSh dollarini (Markaziy bankning intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, 2019 yilning dastlabki to‘rt oyi ko‘rsatkichi darajasida bo‘ldi.
Hisobot davrida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 1,71 mlrd. AQSh dollari sotilib, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davri darajasida bo‘ldi.
Ushbu davrda Markaziy bankning valuta intervensiyalari oltin-valuta zaxiralarining neytralligi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirildi. Joriy yil boshidan Markaziy bank intervensiyalari hajmi 1,5 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lib, mazkur davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi doirasida amalga oshirildi.
2020 yilning yanvar-aprel oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 56 foizni, xorijiy valutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 19 foizni tashkil etdi. 2019 yilning tegishli davrida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 55 va 21 foizga teng bo‘lgan.