Prezidentning “Jahon banki ishtirokida “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
Jahon banki tomonidan “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasini amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davri bilan jami 95,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini ajratilishi ma'qullangan;
O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish uchun sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam ta'minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirish loyiha maqsadlari hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan qarz mablag‘lari (qarzlar) hisobiga yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan tovarlar (xizmatlarni) qo‘shilgan qiymat solig‘idan va hududga olib kirilgan tovarlar aksiz solig‘idan ozod etiladi;
mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasining ulushi jami 11,75 mln. AQSh dollarini jumladan, 6,88 mln. AQSh dollari miqdoridagi soliq imtiyozlari va 4,87 mln. AQSh dollari miqdoridagi investitsion davr mobaynidagi Respublika budjetidan amalga oshiriladigan to‘lovlar tashkil etiladi.
Belgilanishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (XTU) kreditidan maqsadli foydalanish va loyihani samarali amalga oshirish uchun mas'ul ijro etuvchi vazirliklar hisoblanadi;
ijrochi etuvchi vazirliklar huzurida tashkil etilgan “Institutsional salohiyatni yuksaltirish” loyihasini amalga oshirish hamda “Shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish guruhlari zimmasiga mos ravishda qo‘shimcha 2 va 4 shtat birliklari qo‘shish orqali loyihani amalga oshirish 2 yil davomida, loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar va xizmatlarni muvofiqlashtirish shuningdek, loyihani o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, XTU talablariga muvofiq ravishda mablag‘lar sarfini boshqarish va hisobini yuritish javobgarligi yuklatiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining "O’zmedimpeks" davlat unitar korxonasi ushbu loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kontragent hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining "Shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish" loyihasini amalga oshirish guruhiga “O‘zbekistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasi uchun ajratilgan mablag‘larni XTU talablariga muvofiq foydalanilishini nazorat qilish va hisobini yuritish mas'uliyati yuklanadi hamda unga xizmat ko‘rsatuvchi “Asaka” bankida mazkur loyiha uchun alohida hisob raqamlari ochiladi;
XTU krediti bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek komission va boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplanadi.
Quyidagilar:
“O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” investitsiya loyihasining asosiy parametrlari;
Jahon banki ishtirokida “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasini amalga oshirish doirasida Jahon banki tomonidan ajratiladigan qarzni so‘ndirish hamda qarz bo‘yicha foizlar va komissiyalarni to‘lashning prognoz jadvali tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi XTU krediti orqali yetkazib berilgan tovarlarni sotib olish va yetkazib berish xizmatlari uchun xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun tasdiqlangan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi nomidan XTU bilan kredit bitimini imzolash vakolati beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, mas'ul ijro etuvchi agentliklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishlicha quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklatiladi:
loyiha doirasida xarid qilinadigan uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish uchun tibbiyot muassasalarini tayyorlash;
loyiha tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlash;
loyiha doirasida ijtimoiy nafaqalarni maqsadli va manzilli tayinlanishi va o‘z vaqtida to‘lanishini ta'minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi loyiha doirasidagi mablag‘lar hisobidan ishsizlik bo‘yicha bir martalik nafaqalarni manzilli ajratilishini ta'minlaydi.