Hukumat bilan investitsiya shartnomalari, shu jumladan qonun hujjatlarida belgilanganidan tashqari qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) berish uchun ham tuziladi. Bular hukumat tomonidan beriladigan kafolatlar, maxsus bojxona, soliq va to‘lov rejimlari, loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish, investitsiya dasturiga kiritish va boshqalardan iboratdir. Biroq investorga bozorda ustun mavqeni yaratuvchi mutlaq huquqlar berilishi mumkin emas.
Norma’ning yozishicha, bunda chet ellik sub'yektlarga kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari quyidagilarni ta'minlovchi har bir aniq holatda beriladi:
barqaror iqtisodiy o‘sishni, mamlakat iqtisodiyotining ilg‘or texnologik o‘zgarishini ta'minlovchi ustuvor tarmoqlarga;
respublikaning eksport salohiyatini mustahkamlash va kengaytirishni, uni jahon xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashni ta'minlovchi ustuvor loyihalarga investitsiya kiritishda.
Soliqlar, bojxona to‘lovlari va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar chet ellik investorlar tomonidan tashkil etilgan chet ellik investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga faqat aniq belgilangan muddatga beriladi va muddatsiz bo‘lishi mumkin emas.
Investitsiya shartnomasi, shuningdek unga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yozma shaklda tuziladi. Ikkala holatda ham tartib-taomil bir xil bo‘ladi. Shartnomani Hukumat nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi imzolaydi. Bunday shartnomani tuzish bo‘yicha taklif bilan tashabbus ko‘rsatish investor tomonidan mustaqil ravishda yoki davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoxud xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bilan birgalikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Buning uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yoki Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligiga quyidagilar topshiriladi:
investitsiya shartnomasi tuzishning maqsadi, investitsiya faoliyati obektiga investitsiya kiritish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan mavjud tajribasi (mavjud bo‘lgan taqdirda) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rsatgan holda ariza;
tasdiqlangan namunaviy shakldagi investitsiya shartnomasi loyihasi;
vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilgan texnik-iqtisodiy asoslash (texnik-iqtisodiy hisoblash) asosida bajarilgan loyiha biznes-rejasi (zarurat bo‘lganda).
Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, DBQ va DSQ tomonidan kafolatlari doirasida xulosalar beriladi.
Shartnoma loyihasi va boshqa materiallar olingan kundan boshlab 15 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish talab etilgan hollarda, muddat bir oyga uzaytirilishi mumkin. Bu haqda investorga yozma ravishda xabar qilinadi.
Barcha vakolatli organlar bilan kelishilganidan so‘ng investitsiya shartnomasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi, u yerda shartnoma ko‘rib chiqiladi va ma'qullanadi yoki e'tirozlar bo‘lgan taqdirda qayta ishlash uchun qaytariladi. Ma'qullangan investitsiya shartnomasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan imzolanadi, bundan keyin idora shartnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Shartnoma uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab yoki unda belgilangan muddatda kuchga kiradi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi monitoringini olib boradi. Chet ellik investor shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda hisobotlar taqdim etadi.
Qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralarining (imtiyozlar va preferensiyalarning) amal qilish muddati investitsiya shartnomasining amal qilish muddati tugashi bilan to‘xtatiladi yoki shartnomada nazarda tutilgan tartibda bunday muddat tugashidan avval to‘xtatilishi mumkin.
Yuqorida bayon etilgan tartib 10 mln AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishda hududiy hokimiyat organlari bilan tuziladigan investitsiya shartnomalariga tatbiq etilmaydi.
Hujjat 1.05.2020 yildan kuchga kirdi.