«To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjatda belgilanishicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi:
bir oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalarini global karantin cheklovlari sharoitida ularning bajarilishi istiqbollari nuqtai nazaridan batafsil o‘rganadi va istiqbolsiz eksport shartnomalari o‘rniga, birinchi navbatda, karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam ko‘rsatadi;
ikki oy muddatda eksportga yo‘naltirilgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan jahon brendlari vakillari bilan ushbu mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarishni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni, shu jumladan respublikaning amaldagi korxonalari quvvatlarida tikish bo‘yicha yirik buyurtmalarni shakllantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazadi;
“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar ko‘magida AQSh va Yevropada tan olingan zamonaviy xalqaro sertifikatlarni har yili tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha tarmoq korxonalariga joriy etishni ta'minlaydi;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Koreya, Hindiston va boshqa davlatlardan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi ekspertlarni mazkur sohani isloh qilish bo‘yicha maslahatchi sifatida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan jalb qiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
yirik to‘qimachilik sanoati korxonalari faoliyatini ularning moliyaviy barqarorligi nuqtai nazaridan stress-testdan o‘tkazadi;
stress-test natijalariga ko‘ra to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining unumdorligi, moliyaviy samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha takliflarni hamda mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati raqobatbardoshligini ta'minlashni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda yirik hududiy to‘qimachilik-tikuvchilik klasterlarini rivojlantirish va infratuzilma majmuasini (sertifikatlash, standartlashtirish, logistika va boshqalar) yaratishni hisobga olgan holda ularda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari chiqarish bo‘yicha eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni joylashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.