Jahon banki Sirdaryoda suv ta'minoti bo‘yicha loyihaga jalb qilingan kompaniyani «qora ro‘yxat»ga kiritdi

Iqtisodiyot 00:30 / 04.05.2020 94411

Kompaniya kelgusi 30 oy davomida Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyihalarda ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, kompaniya javobgarlikni tan olib, taqiq ta'siridan chiqish uchun qo‘llangan chorani qabul qilgan.

Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘zining moliyaviy va ish faoliyat tajribasi haqida noto‘g‘ri axborot taqdim etgan. Bundan tashqari, shartnomani qo‘lga kiritish uchun o‘rtada manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligi haqida ham yolg‘on ma'lumot bergan.

Ma'lumot uchun, Mega-Mebiko qo‘shma korxonasi Sirdaryoning tanlangan hududlarida jamoat suv ta'minotini yaxshilash, uning sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 4 bosqichli loyihada ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxsning ochiq ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur qo‘shma korxona Germaniya sarmoyasi bilan tashkil etilgan mas'uliyati cheklangan jamiyat hisoblanadi. Uning asosiy ish faoliyati plastmassa plitalar, tasmalar, quvur va profillar ishlab chiqarish bo‘lib, 2003 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgani bildirilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, kompaniyaning uch nafar ta'sischisi (CHUNGLING, XAKIMJON TASHMATOV va KOBILDJAN KUNDUZOV) bo‘lib, ularning birinchisi qolganlarga nisbatan 1 foiz ustunlik bilan ustav fondida hissaga ega.

Ko‘proq yangiliklar: