Toshqin oqibatida mol-mulkidan ayrilgan sirdaryoliklarning zarari qoplab beriladimi?

Jamiyat 19:57 / 03.05.2020 32858

Favqulodda holat sabab fuqarolar ko‘rgan zarar qoplab beriladimi? Kun.uz muxbiri shu savol bilan O‘zbekistondagi ayrim sug‘urta kompaniyalarining vakillari bilan suhbatlashdi.

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi Sirdaryo viloyatining hamma tumanlarida bo‘linmalariga ega. Shu jumladan, Sardoba tumanida ham bo‘linma faoliyat yuritadi. Sardoba suv omboridagi baxsiz hodisa natijasida hududlarda yuzaga kelgan holat bo‘yicha «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi ham zudlik bilan ishchi guruh tuzgan holda joyiga chiqib o‘rganishni boshladi.

Hozirgi kungacha amaldagi sug‘urta shartnomalariga qaraydigan bo‘lsak, aynan Sardoba tumanida 2000dan ortiq shartnoma tuzilgan bo‘lib, olingan javobgarlik miqdori 15 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.

Bularning ichida majburiy sug‘urta turlari bor, transport vositalari bor, ish beruvchilarning fuqaroviy javobgarligi sug‘urtalari bor.

Yuzaga kelgan hodisa bo‘yicha ko‘proq zarar aholining mol-mulkiga, yuridik shaxslarning mol-mulkiga, avtotransport vositalariga, fermer xo‘jaliklari yoki aholi ekinlariga ko‘proq ta'sir ko‘rsatgan.

Shundan kelib chiqib, sug‘urta obektini bo‘lib ko‘radigan bo‘lsak, Sardoba tumanida kompaniya tomonidan 196 nafar fuqaroning uy-joylari sug‘urta qilingan. Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan 12ta mol-mulk sug‘urta qilingan. Buning umumiy qiymati 4,3 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Sug‘urt qilingan obektlarning orasida oziq-ovqat saqlanadigan ombor, savdo do‘koni va shu kabi obektlar ham bor.

Evakuatsiya jarayoni boshlandi. Bu jarayonda ayni vaqtda ham kompaniyaning ishchi guruhi Sayxunobod tumanida bo‘lib turibdi. Ko‘chirib kelingan aholiga nafaqat moddiy, balki ma'naviy yordam ham ko‘rsatish maqsadida shu joyda bo‘lib turishibdi.

Sug‘urta shartnomalariga asosan to‘lov bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan savol. Sug‘urta shartnomalariga asosan aynan bu risk hisoblanadi. Bu riskka asosan O‘zbekistonda umumiy 28ta sug‘urtalash tarmog‘i bilan ishlayotgan kompaniyalar bo‘lsa, ular umumiy sug‘urtalash tarmog‘ini deyarli barcha kompaniyalarda mol-mulklarni sug‘urta qilish bo‘yicha tegishli litsenziyaga ega. Mol-mulk 8-, 9-klasslar bo‘lib, buning ichida tabiiy ofatlar riski bor. Aynan yuzaga kelgan risk bo‘yicha sug‘urtalangan mulkni, ya'ni aholining uy imoratlariga, aholining transportiga, aholi yoki fermer xo‘jaliklarining ekinlariga, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mol-mulkiga yetkazilgan zarar bo‘yicha to‘lov amalga oshiriladi.

Sug‘urta amalga oshirilayotgan, sug‘urta qilingan mulkning qiymati bo‘yicha sug‘urta kompaniyasi va mijoz o‘rtasida kelishuv bo‘ladi. Bundan tashqari, banklardan kredit olganda garov sifatida ko‘plab fuqarolar o‘z mol-mulkini qo‘yadi. Shu vaqtda mulk sug‘urta qilingan. Talafotdan keyin mulkka zarar yuzaga kelgan bo‘lsa, bu zarar mustaqil baholovchilar tomonidan baholanadi. Ya'ni shu mulkka qanchalik zarar yetdi? Yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnomaga asosan qoplab beriladi.

Umida Qosimova – «Gross Insurance» MChJ sug‘urta to‘lovlari markazi direktori:

– Kuni kecha Sardoba suv omborida suv toshqini ro‘y berdi. Bir qator aholi punktlarida bino inshootlariga zarar yetgan. Gross Insurance kompaniyasi ham barcha sug‘urta qilingan obektlarni o‘rganib chiqib, 44ta uy-joy binolari, aynan kreditga olingan, namunaviy uylar sug‘urtasi borligi aniqlangan. Ularning sug‘urta to‘lovlarining umumiy summasi 9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniya mazkur ofat jabrlanuvchilariga o‘zining chuqur hamdardligini bildiradi va mas'uliyatni his qilgan holda sug‘urta masalalarini tezkor o‘rganib chiqib, sug‘urta holatlari bo‘yicha kafolatlangan holda sug‘urta summalarini to‘lab berishini ma'ulm qiladi.

Alisher Asatullayev – «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari:

– Hozirgi kunda talafot yetgan hududda «O‘zbekinvest» import-eksport sug‘urta milliy kompaniyasi tomonidan jami 98 mlrd so‘mga teng bo‘lgan sug‘urta shartnomalari aholi hamda xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar bilan tuzilgan.  Jumladan, Sardoba tumanida 5,5 mlrd so‘mlik, Oqoltin tumanida 22 mlrd so‘mlik, Mirzaobod tumanida 72 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Bu shartnomalar bo‘yicha «O‘zbekinvest» import-eksport sug‘urta milliy kompaniyasi o‘z majburiyatlarini davom ettirmoqda.

Hozirgi vaqtda aholi talafot ko‘rgan hududlardan evakuatsiya qilingani bois zararlangan mulkni ko‘zdan kechirish va zarar miqdorini aniqlash imkoniyati bo‘lmay turibdi. Lekin mutasaddi tashkilotlar tomonidan talafot hududiga kirishga ruxsat etilishi bilan «O‘zbekinvest» kompaniyasi xodimlari joylarga chiqib, zarar ko‘rgan mulklarni ko‘zdan kechirib, zarar miqdorini aniqlab, to‘lab berish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.

Zararlarni to‘liq qoplab berish yuzasidan yetarli mablag‘lar ajratilgan. Zararlarni to‘lab berishda kompaniya tezkorlik bilan o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

– Fuqaroning uyi suvda qolib ketgan, toshqin paytida uy qulab tushgan holatlar bor. Butkul vayron bo‘lgan bo‘lsa, qancha miqdorda kompensatsiya olish joyiga chiqib, mustaqil baholovchilar tomonidan o‘rganilgandan keyin belgilanadi, to‘g‘rimi? 100 foiz miqdordami, 50 foiz miqdordami?

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– Aynan bu bo‘yicha hozir joyiga chiqib o‘rganishning imkoniyati yo‘q. Chunki yo‘llar hozircha berk. Mijozlar tomonidan ariza kelib tushgandan keyin joylar borib ko‘riladi. Sug‘urtalangan mol-mulk butkul nobud bo‘lgan taqdirda sug‘urta summasi doirasida to‘liq qoplab beriladi. Misol uchun, uy 100 mln so‘mga sug‘urta qilingan bo‘lsa, uy batamom nobud bo‘lgan bo‘lsa, mijozga sug‘urta summasi doirasida to‘liq qoplab beriladi.

Uy sug‘urta qilingan, lekin to‘rtta xonasi bo‘lib, bitta xonasi yoki qo‘shimcha imoratlari zararlangan bo‘lsa, mustaqil baholovchilar tomonidan baholanadi, keyin kompaniya to‘lab beradi.

Buning uchun mijoz sug‘urta kompaniyasiga birgina murojaat qilishi kifoya. Kompaniyada to‘liq obektlar bor, hammasi sug‘urta polisida yozib qo‘yilgan. Sug‘urta qildirgan odamlarning sug‘urta polisi uyida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kompaniya onlayn reyestrni olib, o‘zimiz sug‘urta qilgan mol-mulklar haqidagi ma'lumotlar asosida zarar yetgan joylarni aniqlayapmiz.

– Yuzaga kelgan hodisa – tabiiy ofat. Undan tegishli xulosa chiqarilishi, aholining sug‘urta madaniyatini oshirish, mulkini imkon qadar sug‘urta qilishga e'tibor qaratish kerak. Sug‘urtalanmagan binolar bor, fuqarolarning o‘zlari qurgan uylar bor. Ularning taqdiri qanday bo‘ladi?

Akramjon Sharobiddinov – «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ sug‘urta bo‘yicha direktori:

– Sug‘urta kompaniyasi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha javobgarlikni o‘z bo‘yniga oladi. Yetkazilgan zarar bo‘yicha sug‘urta shartnomasi aholi qo‘lida bo‘lsa, shu shartnomaga asosan sug‘urta qoplamasini olish mumkin. Sug‘urtalanmagan mulkning taqdiri nima bo‘ladi?

Kuni kecha Sardobadagi suv toshqinida, 27-28 aprel kuni kuchli shamol natijasida Buxoro, Navoiy, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo hududida bo‘lgan hodisalar bo‘yicha kompaniya tomonidan to‘lov masalalari ko‘rib chiqilyati. Bugungi kun holatiga 54 mln so‘mdan ortiq to‘lov amalga oshirildi.

2017 yil 9 oktyabrda «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi bo‘yicha prezident qarori chiqdi. Shu qarorga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, mahalla vakillari bilan mahallalarga kirib, aholiga tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan edi. Lekin hamma ham sug‘urta uchun pul ajratmaydi. Sardoba tumanining o‘zida ming nafardan ortiq fuqaro o‘zini baxsiz hodisadan, yuqumli kasalliklardan sug‘urtalagan. Sug‘urta turlari ko‘p, lekin aynan mol-mulkini sug‘urta qilish darajasi past. Ammo o‘zini sug‘urta qilish tizimi rivojlandi. Aholining sug‘urtaga ishonchi ortyapti. Agar bu qamrovni kengaytirsak, sug‘urta to‘lovlarini berish imkoniyati yuzaga keladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Suhbatni to‘liq tarzda Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: