O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishi qanday oqibatlarga olib keladi? - ekspertlar fikri

Iqtisodiyot 18:45 / 01.05.2020 47887

O‘zbekiston hukumati ortidan deputatlar ham YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishga rozi bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Yaponiya va Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan suhbatda buning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radi.

Alisher Umirdinov, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori (Yaponiya):

— Kuzatuvchilik maqomi o‘z nomi bilan kuzatuvchi bo‘ladi. O‘zbekistonga katta xalqaro huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi. Kuzatuvchilik maqomining yaxshi tomoni shundaki, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston, Armaniston davlatlarining ushbu hudud ichidan qanday choralarni qilmoqchiligi haqida eng issiq ma'lumotlarni ham o‘z vaqtida olish mumkin bo‘ladi. Bozor kon'yunkturasiga qarab turib o‘zining mahsulotlarini ishlab chiqarish yoki marketing masalalarini tartibga sola oladi, deb o‘ylayman.

Huquqshunos sifatida aytadigan bo‘lsam, Jahon savdo tashkilotining qoidalari, amaliyoti YeOII qoidalari, nizolarni hal qilish institutlaridan ko‘ra yaxshiroq shakllangan. Chunki uning 160tadan ortiq a'zosi bor. Dunyo YaIMining 90 foizidan ortig‘ini qamrab olgan. 160dan ortiq davlat bir vaqtning o‘zida sizni kuzatib turadi. Bu narsa nihoyatda yaxshi. Chunki O‘zbekiston shu paytgacha bunaqa katta iqtisodiy bloklarga kirmagan. Bu O‘zbekiston uchun birinchi marta katta tajriba vazifasini o‘taydi.

Alisher Umirdinov

Biz xalqaro huquqiy shartlarni bo‘ynimizga olganimizdan keyin, o‘z-o‘zidan buni ichki qonunchiligimizda aks ettirishimiz kerak. Buni orqaga qaytarish nihoyatda mushkul. Agar orqaga qaytaradigan bo‘lsak, JSTda ma'lum sanksiyalarga o‘z-o‘zidan duchor bo‘lamiz. Avval JSTga kirishimiz ham iqtisodiy tomondan, ham huquqiy jihatdan O‘zbekistonning manfaatlariga mos keladi.

Bekzod Zokirov – Tokio universiteti siyosiy iqtisodiyot bo‘yicha doktoranti (Yaponiya):

— Obama davridagi davlat kotibi Klinton [YeOII haqida] «bu tashkilot ikkinchi sobiq ittifoqni tiklashga urinish», degan fikrni aytgan edi. Bu bir tomondan tashkilotga diskreditiv, ishonchsiz holatga keltirishning bir shakli bo‘lgan. Lekin men uni sobiq ittifoqni tiklashga urinish deb hisoblamayman. Bu yerda, albatta, O‘zbekistonning ham pragmatik manfaatlari bor.

Bekzod Zokirov

Ittifoqning o‘zidagi ichki muammolar haqida gapirib o‘tsam. Qo‘shilish-qo‘shilmaslikdan qat'i nazar, bu bizga katta muammo olib kelmaydi, deb o‘ylayman. Bunga uchta sabab bor.

Birinchidan, bu tashkilot umumiy manfaatni ko‘zlamaydi. Yevropa Ittifoqi singari hammani birlashtiradigan manfaat yo‘q bu yerda. Bozor ochiladi, standartlar yaxshilanadi, degan narsa bo‘lishi mumkin. Lekin bu umumiy manfaat emas, YeOIIda biron narsa manfaatingizga zid bo‘lsa, qochib ketish imkoniyati bor. Lekin Yevropa Ittifoqida bunday narsa yo‘q. Ya'ni bu yerda hamma narsa pragmatik manfaatlarga asoslangan. Umumiy emas, individual pragmatik manfaatlarga asoslangan. Oddiy misol bilan aytganda, Rossiyaning pragmatik manfaati shundan iboratki, u Yevropadan yoki Amerikadan chegaralangan, shu sababli ittifoq Rossiyaga yangi iqtisodiy hamkorlarni topib berish vositasi bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston uchun pragmatik manfaat – Rossiya bilan yoki Xitoy bilan yakkalanib qolmaslik. Boshqa davlatlarni ham olib kelib, Rossiya yoki Xitoy bizning manfaatlarimizga zid bo‘lgan narsani qilmasin, birgalikda ko‘rib chiqaylik, degan. Bu yerda asosan yakkalanib qolmay degan manfaat bor.

Ikkinchi muammo. Bu narsa shaxslarning shaxsiy istaklariga bog‘liq bo‘lib qolgan. Yevropa Ittifoqi deganda Donald Tusk yoki Boris Jonson ko‘z oldimizga kelmaydi. Boshqaruv instituti ko‘z oldimizga keladi. Lekin YeOII deganda, bu Putinning tashabbusi yoki Nazarboyevning tashabbusi degan narsa xayolga keladi. Hamma narsa shaxsiylashtirilgan bu yerda. Mabodo Putin saylovda ketish istagini bildirib, ketsa, buyog‘i qanday bo‘ladi, degan narsa juda ham mavhum. Biz YeOII ichida taqdirimizni institutga berishni istamaymiz. Bu institutlarning juda ham zaifligini ko‘rsatadi.

Uchinchi muammo, YeOIIda ichki muammolar bor. Monopol va lobbistlarning manfaatlariga xizmat qiladigan tomonlari bor. Unga qo‘shilganimiz bilan raqobatni shakllantirish, yangi innovatsion biznes g‘oyalar yoki biznes shakllarining vujudga kelishiga xizmat qilmaydi. Balki biron monopol yoki lobbistik kuchlarni saqlab qolishga xizmat qiladigan narsa. Bundan juda katta narsa kuta olmaymiz.

Lekin mabodo JSTga qo‘shilsak, biz uchun yangi g‘oyalar kirib kelishiga yordam berishi mumkin. Yangi biznes shakllarining rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. Bu narsani YeOIIda ko‘ra olmaymiz.

Alisher Umirdinov:

— YeOIIga qo‘shilamizmi yoki JSTga qo‘shilamizmi — har ikkisi ham muzokaralarga asoslanadigan jarayon hisoblanadi. Qaysi biriga qo‘shilishdan qat'i nazar, hukumat a'zolari, Tashqi savdo va investitsiya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi vakillari iloji boricha O‘zbekiston xalqi uchun eng manfaatli shartlar asosida kirish masalasini ta'minlashlari kerak.

Rossiyada patent ololmay yoki patentlari bekor bo‘lib chiqarib yuborilgan ishchilar bor. Yoki biz uchun nihoyatda manfaatli boshqa tomonlar bo‘lishi mumkin. Bu haqida sovuqqonlik bilan o‘ylagan holda shartlarimizni nihoyatda aniq qo‘yib, butun O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan shartlar asosidagina qo‘shilish masalasini ta'minlash kerak. JSTga kirish kechikyapti yoki YeOIIda biroz kutishimiz kerak, degan masaladan ko‘ra, huquqiy shartlarni qay darajada qo‘yish masalasi bo‘ladi.

Menimcha, tashkilotlarning ikkisiga ham yoki kamida bittasiga qo‘shilishimiz ko‘zga tashlanmoqda. Millatning yangi narsani qay darajada tez o‘zlashtirishiga qarab, o‘sha mamlakatning rivoji bilinadi. Yaponlar biron yangilik bo‘ladigan bo‘lsa, yapon xalqi o‘shani nihoyatda tez o‘zlashtiradi. Yangi narsani tez o‘zlashtirib, unga yangi narsani qo‘shib ishlab chiqara oladi.

JST yoki YeOII bo‘lsin, qaysi tashkilotga qo‘shilishimizdan qat'i nazar, bizga kirib keladigan yangi mahsulotlarni ko‘rib, xalq, tadbirkorlar, hukumat ulardan qay darajada manfaat olishni, ustiga yangi qo‘shimchalarni qo‘shgan holda jahonga yangi tovarlar, yangi xizmatlar yoki yangi g‘oyalarni bera olishni o‘ylashi kerak – asosiy masala shunda.

Valijon TO‘RAQULOV – Inha universiteti xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti (Janubiy Koreya):

— 2001 yilda Xitoy JSTga a'zo bo‘lgan bo‘lsa, 2005–2006 yillardan boshlab mamlakat juda ham rivojlangan. G‘arbning eng katta xatosi Xitoyning JSTga a'zo bo‘lishiga rozilik bergani bo‘ldi, degan gap hali ham bor. Bu – to‘g‘ridan-to‘g‘ri hasad. Xitoy JSTga a'zolikdan keyin ikki jihatdan yutdi: o‘ziga kirib kelayotgan xomashyo arzonlashdi, o‘zi sotayotgan mahsulot ham arzonlashdi. Eksportni ko‘paytirish natijasida ko‘proq ish o‘rinlari yaratildi va ko‘proq daromad qilishni boshladi.

Valijon To‘raqulov

Lekin JSTga a'zo bo‘lishning o‘zigina sizga foyda beradi, degan kafolatni berib bo‘lmaydi. Men YeOIIga a'zolikka qarshiligimni oddiyroq usulda tushuntirib bermoqchiman.

Savdo shartnomalarinng turlari bor. Misol uchun, JST 165ta davlat bilan shartnoma tuzgan. Bundan ham erkin savdo shartnomasini ikki davlat o‘rtasida qilish mumkin. Masalan, Koreya va Amerika o‘rtasida erkin savdo shartnomasi bor, erkin savdo qilishadi. Ularning tariflari JST tariflaridan ham past. Ba'zilarida umuman tarif yo‘q — erkin kirib-chiqiladi.

Bundan ham tor doirada va bundan ham erkinroq savdo qilaman, deyiladigan bo‘lsa, bojxona ittifoqini qilish kerak bo‘ladi. Bunga Yevropa Ittifoqini misol qilib olish mumkin. Butun qit'a bir davlat bo‘lib qolgan, bir-birining o‘rtasida chegara yo‘q. Faqatgina tashqaridan kelayotganlarga chegara bor.

Yevropa Ittifoqi yaxshi ekan, o‘z-o‘zidan YeOII ham yaxshi bo‘lish kerak-ku, degan savol tug‘ilishi mumkin. Shu o‘rinda, bu savolga javoban yaxshi emas, deyishga majburman.

Birinchidan, JSTga a'zolikdan so‘ng tariflar, misol uchun, 20DAN 10 foiz atrofigaga tushsa, erkin savdo qilish orqali 5 foizga tushsa, bojxona orqali 2-3 yoki nol foizga ham tushishi mumkin. Ikkinchidan, YeOIIning bojxona tariflari o‘zlarining ichida nol bo‘lishi mumkin, Lekin tashqarida JSTning o‘rtacha tariflaridan yuqoriroq turadi.

Mana shu jihatdan, YeOII to‘siq bo‘lib qoladi. A'zolikning foydasi ham bo‘ladi, lekin ziyoni kattaroq bo‘ladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: