Olimpiada chempioni Ruslan Nuriddinov doping tufayli diskvalifikatsiya qilindi

Sport 00:23 / 01.05.2020 20467

2018 yil dekabr oyida IWF London-2012 olimpiadasining og‘ir atletika musobaqasida ishtirok etgan sportchilarning doping tahlillarini qayta tekshirishdan o‘tkazgan edi. (Antidoping qoidalariga ko‘ra, bunday tekshiruvlar musobaqa yakunlanganidan keyin 12 yil davomida o‘tkazilishi mumkin).

Qayta tekshiruv natijasida -105 kg vaznda ishtirok etgan Ruslan Nuriddinov, ukrainalik Aleksey Toroxtiy, -56 kg vaznda bronza medalini qo‘lga kiritgan ozarboyjonlik Valentin Xristov, -85 kg vaznda 8-o‘rinni egallagan belaruslik Nikolay Novikovning doping tahlillari musbat natija bergan edi.

Shundan so‘ng, IWF ushbu sportchilarni muayyan muddatga sport musobaqalaridan chetlatgandi.

2019 yil may oyida Sport arbitraj sudi (CAS) Ruslan Nuriddinov va Nikolay Novikovni antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgandi. Xususan, sud o‘zbekistonlik sportchining tahlilida taqiqlangan modda – degidroxlorometil-testosteron (anabolik-androgen steroid) aniqlanganini tasdiqlagan. Natijada, sportchilarning olimpiada yutuqlari, to‘plagan ballari, medallari va mukofotlari bekor qilindi. Ularning doping ishi keyingi jazo choralarini qo‘llash uchun IWFga berildi.

2020 yil aprel oyida IWF antidoping qoidalarini buzgan sportchilarga nisbatan jazo choralarini e'lon qildi. Xususan, 28 yoshli Nuriddinov 2 yilga barcha musobaqalardan chetlatildi. Uning diskvalifikatsiya muddati 2018 yil 18 dekabr kunidan boshlanishi va 2020 yil 17 dekabr kunigacha amal qilishi belgilab qo‘yildi.

Nuriddinov London olimpiadasida -105 kg vaznda to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

2016 yilgi Rio-de-Janeyro olimpiadasida esa u oltin medalni qo‘lga kiritgan va dast ko‘tarishda (237 kg) olimpiada rekordini o‘rnatgandi. Qayd qilish joizki, IWF tomonidan e'lon qilingan jazo choralarining Nuriddinovning bu yutuqlariga daxli yo‘q va u Rio-2016 olimpiadasidagi medalini saqlab qoladi.

Eslatib o‘tamiz, olimpiya chempioni va rekordchisi 2019 yil sentyabrida Kun.uz`ga bergan intervyusida doping masalasida quyidagicha fikr bildirgan edi.

«Biz o‘ziga mos vitaminlar ichamiz. Lekin aynan doping hisoblangan andriogen va anabolik narsalarni hech ham qabul qilmaymiz. 2012 yilning yanvaridan avgust oyiga qadar taxminan 6-8 yoki 8-10 marta doping nazoratchilari kelib ketgan. Ular bu narsani organizmga London Olimpiadasidan 3-5 yil oldin ham tushgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirishdi.

Nima ichgansiz, qanday ichgansiz – 7 yil o‘tgandan keyin buni hech qanaqasiga isbotlay olmaysiz. Ammo ularning qo‘lida isboti bor. Meni o‘sha musobaqadan oldin va oxirida topshirgan peshob tahlillarimdan ijobiy natija chiqqan. Shu bois haligacha ayblanmoqdaman va sud jarayoni hozir ham bo‘lyapti. Bu masalada oldindan aniq bir narsa aytish qiyin. 7 yildan so‘ng nima ko‘zlanib va nima maqsadda bu ish ochilganini bilmayman.

Ko‘pchilik «Riodan oldin ichganmiding? Medallaringni olib qo‘ydimi?», degan savolni beryapti. Meni odamlar Rio Olimpiadasidan keyin tanigani tufayli London Olimpiadasi bilan adashtirib yuborishmoqda. Buni Rioga hech qanday aloqasi yo‘q. London Olimpiadasidan keyingi medallarga ham daxli yo‘q».

Ko‘proq yangiliklar: