Nega chetdan qarz olinyaptiyu, ichki resurslar ishga solinmayapti?

Iqtisodiyot 13:56 / 01.05.2020 44235

25 aprel kuni Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov Kun.uz’ga intervyu bera turib, O‘zbekistonning tashqi qarzlari miqdori, qarzga olingan mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari va tashqi qarzning yanada o‘sish sabablarini yoritib berdi.

Bu kabi intervyular, ya'ni vazirliklar vakillarining xalqni qiziqtirgan turli jabhalar yuzasidan axborot berishi, shubhasiz, yaxshi alomat. Shu o‘rinda bir necha fikrlarni joiz deb bilamiz.

Amaldagi qonun

Aytish kerakki, «Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 1996 yil avgust oyida qabul qilingan bo‘lib, unga asosan 2013 va 2017 yillar davomida bir necha o‘zgartirishlar kiritilgan. O‘tkir zarurat bo‘lmagani uchun bu qonunning turli bandlariga umuman e'tibor ham berilmagan.

Masalan, qonunning 4-bandida «Davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi nomidan shartnomalar tuzish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki ular tomonidan vakolat berilgan organ egadir», deb belgilangan.

Birinchi o‘rinda konkret vakolatli shaxs — davlat rahbari ko‘rsatilgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinda umuman naoniqlik mavjud, chunki Vazirlar Mahkamasi biror-bir vakolatli shaxs tomonidan boshqariladi. Demak, aynan shu inson shartnomalarga qo‘l qo‘yish huquqi va javobgarlik mas'uliyatiga ega bo‘lishi kerak.

Hozirgi formula esa amorf, ya'ni muallaq va ishlamaydi. Boz ustiga, ana shu moddaning 3-bandiga ko‘ra, «Davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi».

Vaholanki, biz qancha marta urinib ko‘rgan bo‘lsak ham, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan birorta ana shu tartibni topa olmadik. Ya'ni, 2020 yilda qaytadan tuzilgan Moliya vazirligining «Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti» tegishli vazir o‘rinbosari bilan birga «Davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish tartibi» haqida tegishli nizom loyihasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi bugungi kunda dolzarb masala.

1 mlrd AQSh dollari miqdoridagi fiskal zaxira

2019 yil 25 iyulida o‘sha vaqtda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Timur Ishmetov Moliya vazirligi Xalqaro rivojlanish va taraqqiyot banki (IBRR) hamda Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan birgalikda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Davlat qarzlarini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish borasida ish olib borilayotgani haqida xabar bergandi.

«O‘zbekiston hozirda katta qiymatlardagi investitsiya va xarajatlarga muhtoj. Ishlab chiqarish hajmini keng ko‘lamda oshiramiz deb turgan vaqtimizda, bizga tayyor moliyaviy resurslar taklif qilinsa, bu resurslarni osongina olib, tezda ishlatib yuborish ilinjidan o‘zimizni tiyish qiyin bo‘ladi», deb ta'kidlagan edi o‘shanda u.

Aynan shuning uchun, 2020 yil davlat budjetida O‘zbekistonning umumiy qarz olish miqdori 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi hamda davlat qarzlarini qaytarish uchun umumiy xarajatlar miqdori yil davomida 1,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi qat'iy belgilangan edi. 

2020 yil uchun tasdiqlangan rasman davlat budjetida esa davlat budjetida tashqi qarz hisobiga umumiy — 17919 mlrd so‘mlik kamomadning 14394,1 mlrd so‘mi tashqi qarzlar hisobiga yopilishi kerak edi.

Qizig‘i shundaki, Odilbek Isoqovning bergan ma'lumotiga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga 2020 yil 24 aprel holatiga 2,1 trln so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, «bu asosan Moliya vazirligining fiskal zaxiralaridan ketgan... Bir qismi dividendlardan tashkil topgan, qolgani oldin jalb qilingan kreditlar hisobiga 1 milliard dollardan oshiq fiskal zaxiralar to‘plangan».

Ma'lumki, bugungi kunda Moliya vazirligi tizimida DMFAS-6 nomli elektron dastur tizimi joriy etilgan bo‘lib, uning asosida davlat qarzlari hajmi va ularni ijro etish, to‘lash jarayoni avtomatik tarzda kuzatilib boriladi. Agar shunday tizim mavjud bo‘lsa, bir narsa biz uchun tushunarsiz bo‘lib qolyapti:

Moliya vazirligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yildagi davlatning Umumlashtirilgan (konsolidatsiyalangan) budjeti kamomadi — 7750,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, qanday qilib shu vazirlikning bir departamentida 2,1 trln so‘m va 1 mlrd AQSh dolariga teng ortiqcha (oshiq) fiskal zaxiralar to‘plangan?

Vaholanki, Moliya vazirligining yil boshidagi ma'lumotiga ko‘ra, barcha davlat maqsadli jamg‘armalarning yil boshidagi qoldig‘i — 0,8 trln so‘m bo‘lgan, xolos. Ya'ni, shunday davlat budjeti kamomadi borligi e'lon qilingan sharoitda, boz ustiga, jamiki davlat maqsadli jamg‘armalarning yil boshidagi qoldig‘i ochiq aytilgan sharoitda, 1,3 mlrd AQSh dollariga teng kelgan zaxira (bufer) qayerdan kelib qolganini tushunmay turibmiz.

Fuqarolar manfaati nuqtayi nazaridan mantiqqa teskari bo‘lgan bu faktlarga izoh berilishi lozim, deb o‘ylaymiz.

Vazirlikning qarzni yanada oshiruvchi ba'zi tashabbuslari

Moliya vazirligining Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti vazirlikning boshqa departamentlari bilan birgalikda chet eldan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlash, baholash, hamda samarasi ustidan nazorat qilish tartibini ishlab chiqishi kerak edi.

Ana shu departament tashabbusi bilan 2020 yil 1 fevraligacha Moliya Vazirligi G‘aznachiligi qoshida Kafolatni ijro etish fondi tashkil etilishi ko‘zda tutilgandi.

Qizig‘i shundaki, har qanday yangi tizim eng avvalo o‘zi faoliyati uchun mablag‘ qidiradi. Bu yangi jamg‘armani tuzish manbayi etib har bir davlat kafolati berilgan loyihaning hali to‘lanmagan qoldig‘idan 0,5 foiz mablag‘ markazlashtirish va bu pullarni ana shu kafolatni ijro etish jamg‘armasiga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan edi.

Ko‘rib turibmizki, bunday amaliyot investitsion yoki boshqa zarur loyihalar uchun olinadigan davlat qarzlari miqdorini qarz oluvchi uchun avtomatik tarzda 0,5 foizga ko‘taradi. Yana bir fiskal yig‘in...

Nega milliy valuta emissiyasi umuman ko‘zda tutilmayapti?

O‘quvchilar tomonidan kelayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatyaptiki, bugungi kunda ko‘pchilikni chetdan olinayotgan qarzlar nega o‘sib ketayotgani emas, balki «bu qarzlarni olish o‘rniga nega O‘zbekiston o‘zining ichki resurslaridan to‘la foydalanmayotgani» haqidagi savol ko‘proq o‘ylantiryapti.

Bir necha mutaxassis turli mamlakatlarning tarixiy tajribasidan kelib chiqqan holda, nega milliy valutani emissiya qilib, markazlashtirilgan tarzda budjet orqali barcha xarajatlar moliyalashtirilishi va jiddiy nazorat o‘rnatilishi o‘rniga, barcha vazirliklar ko‘proq va tezroq chet eldan qarz olish poygasida qatnashayotganini eslatuvchi vaziyat yuzaga kelmoqda?

3,1 mlrd AQSh dollari miqdorida qarz olish oson, lekin uni boshqa mavjud bo‘lgan 26 mlrd AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan qarzlar bilan birga qo‘shib to‘lash ancha og‘ir bo‘ladi.

Yana Odilbek Isoqovning fikricha, biz berilgan qarzlarni restrukturizatsiya qilishga muhtoj emasmiz. Bu Moliya vazirligining yaxlit fikrimi yoki parlament tasdiqlagan siyosatmi?

Shu nuqtayi nazardan, bizda bir taklif bor: ro‘y bergan inqirozni moliyalashtirish bo‘yicha zarur bo‘lgan barcha xarajatlarni chet eldan qarz olmay, ichki resurslar hisobidan qoplash. Buning uchun:

  • Moliya vazirligi kerak bo‘lgan miqdorda Markaziy bank belgilagan inflatsiya darajasiga teng miqdordagi daromad darajasi bilan 10 yil muddatga Davlat g‘aznasi obligatsiyalarini chiqarsin;
  • Bu obligatsiyalar Markaziy bank tomonidan milliy valutaning emitenti sifatida sotib olinsin va tegishli miqdordagi summa Moliya vazirligi hisobvaraqalariga o‘tkazilsin;
  • Krizis bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar ana shu obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lar miqyosida moliyalashtirilsin.

Biz berayotgan taklif 3,1 mlrd AQSh dollari miqdorida jalb qilish bo‘yicha rejadan bir qator afzalliklarga ega:

  • Emissiya qilingan mablag‘lar davlat budjeti orqali markazlashtirilgan tarzda mahalliy valutada sarflangani uchun, ular eng tabiiy holda pul aylanmasi doirasiga kiradilar, ya'ni davlat budjeti – ishlab chiqarish – iste'mol – ishlab chiqarish va iste'mol doirasida – soliqlar. Budjet – budjet tashkilotlari (budjet oylik maoshlari, pensiyalar va nafaqalar) – investitsion loyihalarga ega bo‘lgan xalq xo‘jaligi tarmoqlari (soliqlar to‘lovi bilan) – global talab yaratuvchi xo‘jalik tashkilotlari (soliqlar to‘lovi bilan);
  • Emissiya qilingan mablag‘larning qariyb 40 foizi 3–6 mobaynida budjetga to‘la qaytib keladi. Qolgan 60 foizi esa xalq xo‘jaligida global talab hosil etadi (Markaziy bank inkor etayotgan talab ana shu yerdan keladi);
  • Pullar sekvestratsiya qilingan (ixchamlashgan), eng zarurlari qoldirilgan davlat xarajatlari asosida sarflanadi, ya'ni prioritetlar qayta ko‘rilgan va qayta belgilangan sharoitda. Demakki, pul sarfi ustidan davlat nazorati to‘laqonli va tabiiy holda bo‘ladi, bu nazorat tizimini qayta tuzish kerak emas;
  • Pullar milliy valutada emissiya bo‘ladi, demak almashuv kursi o‘sishi bu pullarni 10 yil davomida Markaziy bankka qaytarishga ta'sir etmaydi;
  • Markaziy bank emissiya qilingan pullar evaziga o‘zi belgilagan inflatsiya miqdorida ustama oladi, demakki zarar ko‘rmaydi, bozor instrumentidan foydalanadi;
  • Emissiya qilingan pul inflatsiya darajasiga qarz olingan pulga nisbatan kamroq ta'sir qiladi, chunki qarz ustida almashuv kursi farqi ham bor;
  • Qarz olingan pullar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri almashuv kursiga bosim o‘tkazadi, chunki avvalgi to‘plangan qarzlarni to‘lash hajmiga yangi olingan qarzlar hajmi qo‘shiladi, bu esa valuta tushumlari kamaygan holatda juda muhim faktor.

Bizga doim «ortiqcha pul emissiyasi milliy valutani qadrini tushiradi, almashuv kursi tushib ketadi», degan dogmani singdirib kelishgan. Aslida esa, haddan tashqari ko‘p qarzlar alal oqibatda har qanday iqtisodiyotni butunlay sindiradi. Chunki, olingan qarz ham mamlakatdagi M1 pul agregatining bir qismi, demakki inflatsiyani oshirishda emissiyadan ko‘proq ta'sirga ega (almashuv kursi o‘sishi hisobiga). Boz ustiga, mamlakat yangi olingan qarzlarni eski qarzlar bilan birga to‘lab borishi kerak. Demak, yangi qarz miqdori valuta almashuvi miqdoriga bevosita bosim ko‘rsatadi va pul almashuv kursini tushiradi.

Aslida, qarz olishmi yoki emissiya qilish masalasida qarzning yagona ustunligi bor — bu ham bo‘lsa, oltin valuta zaxiralarimizni bugungi tavakkal sharoitda ishlatmaslik. Boshqa hammasi esa eski «qarz bo‘lsa bo‘lar, xotin yonga qoladi», qabilida mantiqqa ega, xolos.

O‘ylaymizki, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, har bir qilinayotgan ish xalq manfaati yo‘lida chuqur mulohazalar asosida bo‘lishi kerak.

Abdulla Abduqodirov

Iqtisodiy tahlilchi

Ko‘proq yangiliklar: