Ekspertonomiks yoki O‘zbekiston koronavirus inqirozi davrida ko‘proq tashqi qarz olayotgani to‘g‘rimi?

Iqtisodiyot 23:01 / 01.05.2020 19296

Bir paytlar AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan «agar Trivial Pursuit o‘yini iqtisodchilar uchun mo‘ljallanganda edi, 100ta savol va 3000ta javob bo‘lardi» deb hazilomuz gapirgan edi. Xo‘sh, nima uchun iqtisodchilar ko‘pincha qarama-qarshi fikrlar va iqtisodiy qarashlarga ega bo‘lishadi?

Bunday qarama-qarshi fikrlar vujudga kelishini ikki sabab bilan izohlash mumkin:

1) iqtisodchilar iqtisodiyot qanday ishlashi bo‘yicha muqobil nazariyalarning asosliligi borasida kelishmovchiliklarga duch kelishlari mumkin;

2) bir toifa iqtisodchilar biror bir fikrga ko‘proq qiymat berishlari mumkin va shuning uchun qanday iqtisodiy siyosatni amalga oshirishga harakat qilish kerakligi to‘g‘risida turli xil normativ qarashlarga ega bo‘lishlari mumkin;

3) ayrim iqtisodchilarning haqiqiy holat haqidagi ma'lumotlari yetarli bulmagani tufayli, tahlillar obektiv holatni aks ettirmaydi.  

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning tashqi qarzi bo‘yicha ham mana shunday qarama-qarshi fikrlar paydo bo‘lmoqda. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida ko‘pchilik iqtisodchilar va ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan tashqi qarz siyosati to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlar, iqtisodiy qarashlar va mulohazalar bildirilmoqda.

Shular jumlasidan, 2020 yil 20 aprel kuni BBC News nashrining o‘zbek tilidagi veb-sahifasida «O‘zbekiston koronavirus inqirozi davrida ko‘proq tashqi qarz olayotgani to‘g‘rimi?» sarlavhali maqola nashr etildi. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, biror-bir davlatning iqtisodiy qarorlari bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirilganda uzuq-yuluq ma'lumotlar asosida bir tomonlama yondashuv keng jamoatchilikda davlat siyosati borasida noto‘g‘ri fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishi va ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu maqolada yuqorida zikr etilgan maqolada keltirilgan ma'lumotlar, iqtisodchilar va ekspertlar tomonidan bildirilgan fikrlar hamda 100-savol sifatida ko‘tarilgan «O‘zbekiston koronavirus inqirozi davrida ko‘proq tashqi qarz olayotgani to‘g‘rimi?» degan savolga javob sifatida o‘z fikrlarimizni va asoslarimizni keltirib o‘tmoqchimiz.    

Tashqi qarz oshganidan xavotirlanishlari qay darajada o‘rinli?

Birinchi navbatda ta'kidlash lozimki, hozirgi paytgacha O‘zbekistonning tashqi qarz siyosati konservativ va ehtiyotkoronalik tamoyili asosida amalga oshirib kelinmoqda. Ya'ni, davlat tashqi qarzi asosan ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida jalb qilingan.

Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil davomida davlat tashqi qarzi 5,7 mlrd AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan

57,8 foizga oshib, 2020 yil 1 yanvar holatiga 15,6 mlrd AQSh dollarini (YaIMga nisbatan 27 foiz) tashkil etdi. Shundan, 2,5 mlrd AQSh dollari hukumat nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari hisobiga shakllangan bo‘lsa, 2,2 mlrd AQSh dollar miqdoridagi mablag‘lar hukumat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlariga asosan jalb qilindi. Shuningdek, 2019 yil fevral oyida 1 mlrd AQSh dollar qiymatida suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarildi.

Hukumat kafolati ostida jalb qilingan 2,2 mlrd AQSh dollarlik tashqi qarz mablag‘lari:

·       Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga (1,1 mlrd AQSh dollar);

·       uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmini oshirishga

(0,6 mlrd AQSh dollar);

·       Taxiatosh, Navoiy va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilishga (0,4 mlrd AQSh dollar);

·       axborot uzatuvchi magistral tarmoqlarni rivojlantirish va infrastrukturani yaxshilashga (0,1 mlrd AQSh dollar) yo‘naltirildi. 

Umuman olganda, 2020 yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzining 4,5 mlrd AQSh dollari energetika sohasi, 2,1 mlrd AQSh dollari transport va transport infratuzilmasi, 1,9 mlrd AQSh dollari qishloq xo‘jaligi sohasi, 1,8 mlrd AQSh dollari uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi va qolgan 5,3 mlrd AQSh dollari boshqa sohalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Davlat tashqi qarzi iqtisodiyot tarmoqlari kesimida

(2020 yil 1 yanvar holatiga, mlrd AQSh dollarda)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Investitsiya maqsadlarida jalb qilingan tashqi qarz va budjet kamomadini moliyalashtirish uchun olingan tashqi qarz o‘rtasida farq shundaki, investitsiyalarga yo‘naltirilgan tashqi qarz asosan mazkur investitsiyalardan olingan «hosil» hisobidan qaytarilsa, budjet kamomadini qoplash uchun ishlatilgan tashqi qarzni qaytarish soliq to‘lovchilar gardaniga tushadi.

Aks holda, hech bir davlat tashqi qarzlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib borayotgan bir paytda aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun soliq yukini kamaytirmaydi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston aholisi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari soliq to‘lovchi sifatida davlat tashqi qarzi oshganidan xavotirlanishlari uchun yetarlicha asos yo‘q.

«Yong‘in paytida suv uchun to‘lovlar haqida o‘ylama»

O‘zbekistonning koronavirus inqirozi davrida ko‘proq tashqi qarz olayotgani to‘g‘rimi? Aynan hozirgi sharoitda qarz olish juda to‘g‘ri qaror. Chunki, koronavirus pandemiyasi sababli kelib chiqqan inqiroz boshqa davrlardagi inqirozdan butunlay farq qiladi. G‘arb mamlakatlari ushbu inqirozga qarshi kurashishda «do whatever it takes» (qanday zaruriy choralar kerak bo‘lsa, shularni amalga oshir) tamoyiliga asosan ish ko‘rishmoqda.

Bu go‘yoki biror-bir ishlab chiqarish zavodida yong‘in kelib chiqqan paytda suv uchun to‘lovlar haqida emas, balki barcha imkoniyatlardan foydalangan holda, avvalo, ishchi va xizmatchilar (xalqni) hayotini saqlab qolishni iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘yish va yong‘inni (koronavirus infeksiyasi tarqalishini) tezda bartaraf etish hamda ishlab chiqarishni (iqtisodiyotni) qayta oyoqqa turg‘azish haqida o‘ylash lozimligiga o‘xshaydi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish yoki qariyb 34 million ishchi va xizmatchisi bo‘lgan zavodiga «qo‘shni zavodda chiqqan yong‘inning tarqalishi»ni tezda bartaraf etish maqsadida butun mamlakat bo‘yicha karantin choralari joriy etildi. Bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv dargohlari karantin tugagunga qadar yopilib, masofadan turib ta'lim berish tizimiga o‘tildi. Zaruriy bo‘lmagan korxonalar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Bunday vaziyatda iqtisodiy faollik pasayib, budjetga tushumlar kamayishi tabiiy. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida davlat xarajatlari sezilarli darajada oshgan bir paytda budjet tushumlarining kamayishi sharoitida tashqi qarz olish uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ko‘zlab amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston hukumatining ushbu maqsadi quyidagilar bilan izohlanadi:

1. Uzoq muddatda ham iste'molchi ham ishchi kuchi O‘zbekiston aholisi hisoblanadi. Qisqa muddatda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini kamaytirish orqali aholi salomatligini iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘yish uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish garovidir. O‘zi shundoq ham koronavirus inqirozidan aziyat chekayotgan aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga yordam qo‘lini cho‘zish o‘rniga, ularga soliq yukini oshirish yoki ichki bozordan qarz jalb qilish iqtisodiyot fanida ratsional yechim hisoblanmaydi. Uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlashning yagona yechimi esa ongli ravishda tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish hisoblanadi.

2. Tadbirkorlik vakillari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar inqirozgacha bo‘lgan davrda ham va undan keyingi davrda iqtisodiy o‘sishning lokomativi, ish o‘rinlari yaratuvchisi hisoblanadi. Shuning uchun, qisqa muddatda davlat xarajatlari oshishiga qaramasdan, soliq imtiyozlari, kredit ta'tillari va boshqa moliyaviy yordam ko‘rsatish uzoq muddatli istiqbolda o‘z so‘zini aytadi. Ushbu maqsadlarda amalga oshirilayotgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun ma'lum miqdorda mablag‘ jalb etilishi lozim. Jalb qilinayotgan tashqi qarz mablag‘lari esa kelajak uchun qilinayotgan investitsiyalar hisoblanadi.

3. Aynan koronavirus inqirozi davrida tashqi qarz jalb qilish ichki valuta bozori barqarorligini ta'minlashga ham xizmat qiladi. Koronavirus inqirozi sababli O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar oqimi sekinlashib, eksportdan valuta tushumlari va chet eldan pul jo‘natmalari sezilarli darajada kamayayotgan bir paytda, tashqi qarz mablag‘lari ichki bozorda valuta taklifini ko‘paytirib, so‘m almashuv kursiga bosimni pasaytiradi. Bunday murakkab vaziyatda xalqaro moliya tashkilotlaridan uzoq muddatli barqaror qarz mablag‘larini jalb qilish aynan uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlikni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishdir. Buning yaqqol isboti sifatida rivojlanayotgan mamlakatlarda sodir bo‘layotgan vaziyatni keltirish mumkin. Mazkur mamlakatlar koronavirus pandemiyasi sababli kapital oqimining birdaniga to‘xtashi va mavjud kapitalning orqaga qaytishi natijasida milliy valutalari almashuv kursi barqarorligini saqlab qolish uchun oltin-valuta zaxiralarini «yoqishmoqda». 

Favqulodda vaziyatda oltin-valuta zaxiralari ishlatilishi lozim(mi)?

Avvalo, nima uchun davlatlar oltin-valuta zaxiralarini saqlab turishadi? Ushbu aktivlar juda ko‘p maqsadlarga xizmat qilsada, ammo eng muhimi markaziy banklar oltin-valuta zaxiralarini milliy valutadagi majburiyatlarini, shu jumladan tijorat banklari depozitlarini kafolatlash uchun saqlab turishadi.

Bundan tashqari, oltin-valuta zaxiralari markaziy banklar tomonidan xalqaro miqyosida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda maqbul to‘lov vositasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu aktivlar pul-kredit siyosatiga ta'sir ko‘rsatish maqsadida foydalanilishi mumkin. Umuman olganda, oltin-valuta zaxirasi markaziy hukumatga o‘zgaruvchan bozor sharoitida yanada moslashuvchan va barqaror bo‘lishga imkon beradi.

Inqiroz paytida oltin-valuta zaxiralaridan foydalanish esa moliyaviy muammolarni hal qilishning eng so‘nggi chorasi hisoblanadi. Shunda ham, odatda oltin-valuta zaxiralari budjet kamomadini moliyalashtirish uchun emas, balki milliy valuta almashuv kursi barqarorligini saqlab qolish maqsadida sarflanadi. Bunga 1997 yilda Osiyo valuta va moliyaviy inqirozi davrida Tailand milliy valutasi - bat almashuv kursini saqlab qolish maqsadida oltin-valuta zaxirasini quritgani yaqqol misol bo‘la oladi.

Hozirga qadar bizga aniq bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus inqirozidan eng ko‘p iqtisodiy zarar ko‘rayotgan davlatlardan biri Saudiya Arabistoni so‘nggi chora sifatida oltin-valuta zaxirasidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Koronavirus inqirozi va neft narxining keskin tushib ketishi natijasida Saudiya budjet defitsiti 2020 yilda qariyb 58 mlrd AQSh dollarigacha yetishi kutilmoqda. Shuning uchun o‘tgan oyda Saudiya hukumati davlat tashqi qarzi chegarasini YaIMga nisbatan 30 foizdan 50 foizgacha ko‘tardi. Joriy yilda Saudiya moliya vazirligi budjet defitsiti moliyalashtirish uchun 26 mlrd AQSh dollar miqdorida qarz olishni rejalashtirgan. Shuningdek, Saudiya hukumati oltin-valuta zaxirasidan 32 mlrd AQSh dollari miqdorida mablag‘larini sarflashga majbur bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni kabi moliyaviy muammolarga yechim topish maqsadida oltin-valuta zaxirasini «xavfsizlik yostiqchasi» sifatida ishlatishga majbur shok holatda emas. Hozircha O‘zbekistonda inqirozga qarshi kurashishda yetarlicha fiskal «maydon» (fiscal space) mavjud.

Qolaversa, O‘zbekistonda oltin-valuta zaxirasini barqaror darajada saqlab turish mamlakatimizning suveren reytingi barqarorligi va tashqi qarz jalb qilish va unga xizmat ko‘rsatish salohiyatini belgilab beruvchi omillardan hisoblanadi.

Shu bilan birga, ta'kidlash kerakki, koronavirus pandemiyasi dunyoni qarz botqog‘iga botirib ketadi va inqirozdan keyingi davrda mamlakatlar ba'zi qiyin qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘lishadi. Masalan, Xalqaro valuta fondi hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda rivojlangan davlatlar umumiy davlat qarzi 6 trln AQSh dollarga oshib, 66 trln AQSh dollarini tashkil qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlar ham koronavirus inqiroziga qarshi kurashish uchun katta miqdorda qarz jalb qilishmoqda. Koronavirus inqirozidan keyingi davrda dunyo bo‘yicha davlatlarning xalqaro hisobvaraqlarida katta miqdorda qarzning to‘planishi likvidlilik inqirozini (liquidity crunch) keltirib chiqarish ehtimoli ham yuq emas. Boshqa so‘z bilan aytganda, inqirozdan keyin tashqi manbalardan qarz olish mushkul vazifaga aylanishi mumkin. Qisqacha qilib aytganda, bu inqiroz qancha davom etishi va qanchalik chuqur bo‘lishini hozirdan bashorat qilish juda mushkuldir.

Bundan tashqari, koronavirus inqirozi tufayli jahon bozorida oltinning 1 troy unsiyasi (31,10 gramm) narxi 3000 AQSh dollarigacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Bu esa hozirda oltin-valuta zaxirasidan foydalangandan ko‘ra tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish eng maqbul yechim ekanligidan dalolat beradi.

Shunga qaramasdan, oltin-valuta zaxiralari o‘zgarishini chuqur tahlil qilmasdan, «bizda oltin-valutasi keragidan ortiq» deguvchilar ham topilib qolishi mumkin. Bunday ekspertlarga javobimiz quyidagicha bo‘ladi.

2020 yil 1-chorakda O‘zbekistonning oltin-valuta zaxirasi yil boshiga nisbatan 1088 mln AQSh dollariga yoki 3,7 foizga oshdi. Bir qarashda, «koronavirusga qarshi kurashish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlaridan kredit jalb qilib, tashqi qarz hajmini yanada oshirgandan ko‘ra, oltin-valuta zaxirasidagi mazkur qariyb 1,1 mlrd AQSh dollarlik mablag‘lardan foydalanish mumkinku» degan fikr yangrashi mumkin. Biroq, oltin-valuta zaxirasi oshishining tarkibiy tahlili iqtisodchi va ekspertlarning bu boradagi fikrlarini o‘zgartirishga turtki bo‘ladi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxirasi

(oy boshiga qoldiq, mlrd. AQSh dollar)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

2020 yilda 1-chorakda oltin-valuta zaxirasini qariyb 1,1 mlrd AQSh dollarga ko‘payishi asosan mazkur davrda jahon bozorida 1 troy unsiya oltin narxining 1605 AQSh dollargacha oshishi natijasida sof oltin zaxirasi qoldig‘ini qayta baholash hisobiga shakllandi. Ya'ni, mazkur davrda oltin-valuta zaxirasi sof oltin qoldig‘ini qayta baholash hisobiga 1008 mln AQSh dollariga (umumiy o‘sishning 92,7 foizi) ko‘paydi.

Oltin-valuta zaxirasi o‘zgarishining tarkibiy tahlili

(o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarish, mln. AQSh dollar)

        Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

Shuningdek, sof oltin zaxirasi hajmining ortishi hisobiga

112 mln AQSh dollarga oshgan bo‘lsa, xorijiy valutadagi zaxira aktivlari 27,4 mln AQSh dollariga kamaydi. Xorijiy valutadagi zaxira aktivlarining kamayishi Markaziy bank tomonidan mahalliy oltin ishlab chiqaruvchi korxonalardan oltin sotib olish natijasida iqtisodiyotda vujudga kelgan ortiqcha likvidlilikni sterilizatsiya qilish operatsiyalari bilan izohlanadi.

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekistonda oltin-valuta zaxirasi koronavirus inqirozidan keyingi inqiroz davrida bakor kelishi mumkin.

O‘zbekiston tashqi qarzining uzoq muddatli barqarorligini ta'minlash

Shu o‘rinda, bir qator ekspertlar davlat tomonidan ko‘p miqdorda kredit olinishi uzoq muddatda kattaroq muammolar keltirib chiqarishi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirishi mumkin.

Bunday fikrlarning nechog‘lik asosligini davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarida ko‘rish mumkin. Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 759,3 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Shundan,

425,1 mln AQSh dollari asosiy qarzni qaytarish xarajatlari bo‘lsa, 334,3 mln AQSh dollari foiz to‘lovlari hisoblanadi. Ushbu raqamlar shundan dalolat beradiki, O‘zbekistonning tashqi qarzlari uzoq muddatli qarzlar hisoblanadi va mazkur qarzlar past foiz stavkalari bilan jalb qilingan.

Shuningdek, ta'kidlash lozimki, mazkur davrda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining 34,7 foizi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan bo‘lsa, 65,3 foizi davlat korxonalari mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Shuningdek, koronavirus pandemiyasi sababli vujudga kelgan global inqirozga qaramay aprel oyida Fitch reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingini BB- barqaror darajada saqlab qoldi.

O‘tgan davrlarda davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi ishlab chiqildi. Xalqaro valuta jamg‘armasi metodikasi asosida davlat qarzining xavfsiz darajasi aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4555-sonli «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq,

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi belgilab qo‘yildi.  

Shu bilan birga, hozirda davlat qarzini xalqaro standartlar asosida boshqarish, mazkur jarayonda parlament rolini oshirish, davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish mexanizmlari va boshqa bir qator choralarni nazarda tutuvchi «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Masalaning yana bir jihati – bu korrupsiya

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4555-sonli «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan har bir loyiha va dasturni Hisob palatasi auditdan o‘tkazmoqda va audit natijalari bo‘yicha axborot har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, prezident administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi rayosatiga yubormoqda. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga 3 oy ichida taqdimotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoring va audit natijalariga oid ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda yoritib bormoqda.   

Xulosa

To‘satdan yuz bergan koronavirus inqirozi davrida butun dunyo mamlakatlari koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish, insonlar hayotini saqlab qolish va iqtisodiyotni qayta jonlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston ham aholi hayoti va salomatligini iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘ygan holda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur chora-tadbirlar qatorida xalqaro moliya tashkilotlaridan qarz mablag‘larini jalb qilinmoqda. Yuqorida keltirilgan barcha ma'lumotlardan kelib chiqib, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi borasida xavotirlanmaslikka hamda koronavirus inqiroziga qarshi hukumat bilan yelkama-yelka kurashishga chaqirib qolamiz.   

Xalilulloh Hamidov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodim

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi

Ko‘proq yangiliklar: