Kichik tomorqadan katta daromad olish sirlari. Aholi tomorqalariga sayohat

Iqtisodiyot 17:31 / 30.04.2020 32265

O‘zbekistonda belgilangan karantin tartibi 10 maygacha davom etadi. Ammo bu uzaytirilgan muddatning so‘nggisi bo‘lmasligi ham mumkin. Shularni inobatga olganda hukumat oxirgi paytlarda nega tomorqaga kuchli urg‘u berayotganini tushunsa bo‘ladi. U oziq-ovqat xavfsizligi uchun imkon qadar ko‘proq zaxira imkoniyatlarini tayyorlamoqda.

Biz joylarda aholining tomorqadan qanchalik manfaatdorligini ko‘proq hududlarni aylangan holda o‘rganishni rejalashtirdik. Afsuski, karantin cheklovlari sabab safarimiz faqat Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi mahallalar bilan cheklandi.

Birinchi manzilimiz tumandagi Yuqori Hasanboy mahallasi bo‘ldi. Mahallada biz kirgan dastlabki xonadon Shavkat Ergashevga tegishli. U o‘n yillardan buyon hovlisidagi 2 sotixli tomorqada qurgan issiqxonasida mahsulot yetishtiradi. Bu bodring, pomidor va karam kabi mahsulotlar. 

Umuman, erta bahorda bozordan sal qimmatroq bo‘lsa-da sotib oladiganimiz va organizmimizni vitamin bilan boyitadiganimiz poliz mahsulotlari shu kabi issiqxonalarda yetishtiriladi. Keyinchalik, may, iyun oylarida ochiq tomorqa mahsulotlari pisha boshlaydi.Tomorqachidan, issiqxona qurish, mahsulot yetishtirish texnologiyasi va undan manfaatdorlik qay darajada ekanligini so‘raymiz.

«2 sotix maydonda issiqxona qurganman. Qishning so‘nggi, fevral oyi o‘rtalarida 550 tup bodring ekdim, hosil bera boshlaganiga ham mana 20-25 kuncha bo‘ldi», – deydi Shavkat Ergashev.

Uning aytishicha, issiqxonada harorat 10 gradusdan pastga tushishi kerak emas.Issiqxona qurib unda mahsulot yetishtirish aslida juda murakkab ish emas. Uni isitish uchun imkoniyat, dehqonchilikdan biroz bilim va hafsala bo‘lsa bo‘ldi. Shular ichida aynan issiqxonani isitish masalasi ko‘p yillardan buyon tomorqachilarga bosh muammo bo‘lib keladi. Shavkat akadan bu muammoga qanday yechim topayotgani haqida so‘radik.

«U yer bu yerdan o‘tin sotib olamiz, yozda yana qo‘shimcha o‘tin yig‘amiz. Qishda issiqxona uchun issiqlik kerak bo‘lganda shularni yoqib isitamiz.Mana shu 2 sotixli issiqxona uchun 1 yarim, 2 million so‘mga o‘tin olamiz, yana bir millionga esa bodring ko‘chati, zararkunanda va kasalliklarga qarshi dori.

Foydaga kelsak, hozirni o‘zida 4,5 millionlik bodring sotib ulgurdik, jami xarajatdan tashqari 6-7 millioncha daromad qilsak kerak», – deydi u.

Xonadonga safarimiz yakunlanar ekan, Shavkat akaning turmush o‘rtog‘i Nodira Ergasheva bilan ham qisqa suhbat uyushtirdik.

«Issiqxonamizdan kelgan daromad tufayli to‘ylar qildik, o‘g‘il uylantirib, qiz chiqardik, beshik to‘y qildik», – deydi oila bekasi. Uning aytishicha, oila yaqin oylarda yana bir to‘yga xozirlanmoqda. Oilaning kichik o‘g‘li ham uylanish arafasida.

Toshkent viloyatiga safarimiz davomida yana bir nechta xonadonlarga kirdik. Kirgan xonadonlarimizda tomorqa oila a'zolari uchun qanchalik manfaatli ekanligi borasida o‘rganishlar qildik. 

Safar tafsilotlari asosida tayyorlangan reportajni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Muxbir: Ilyos Safarov 

Tasvirchi: Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: