Farg‘ona viloyatida tadbirkorlar “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida minglab oilalarga homiylik yordamlari ko‘rsatmoqda 

Jamiyat 14:02 / 30.04.2020 2776

Koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyoti va insoniyat hayotiga juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatishi natijasida jahonning eng barqaror va rivojlangan davlatlari ham bugungi kunda jiddiy sinovlar bilan yuzma-yuz bo‘lmoqda. Sayyoramizning barcha qit'alariga yetib borgan koronavirus ijtimoiy-iqtisodiy tanazzullar keltirib chiqarish barobarida yer yuzi aholisini oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi, ocharchilik, tinch-osoyishta hayotni ta'minlash singari eng dolzarb muammolarga qarshi birgalikda kurashishga undamoqda.

Ayni shu murakkab jarayonda xalqimiz o‘zining eng ezgu fazilatlarini namoyon etib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ezgu tashabbuslarni tadbirkorlarimiz birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagani quvonarlidir. Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida ham “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tobora keng quloch yozib, elparvar va yurtparvar tadbirkorlar yuksak mehr-muruvvati bilan farg‘onalik yuzlab, minglab oilalarga xursandchilik, ertangi kunga ishonch kayfiyatini olib kirmoqdalar.  

Farg‘ona viloyatida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 36 mingdan ortiq kam ta'minlangan oilalar aniqlanib, viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida tadbirkorlar, mahalliy budjet mablag‘lari yordamida keng ko‘lamli homiylik ishlari olib borilyapti. Klaster korxonalarining “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari ham tahsinga loyiq.

Bu borada Farg‘ona, Yozyovon va Quva tumanlarida paxta-to‘qimachilik klasteri sohasida faoliyat olib borayotgan “Fergana-Oseana” MChJ hamda “Baxodir Log’on Tekstil” MChJ qo‘shma korxonalari tomonidan hozirgacha mazkur tumanlarda bir qator homiylik yordamlari ko‘rsatildi. 

Ayni paytda korxonalar tomonidan uchta tumanda 1600 nafardan ortiq aholi vakillari ish bilan ta'minlangan bo‘lib, hozirgi dolzarb sharoitdan kelib chiqib og‘ir vaziyatga tushib qolgan va vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha 300 yangi bo‘sh ish o‘rni yaratildi.

- Prezidentimizning “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish haqidagi tashabbusi, koronavirus pandemiyasi davrida xalqimizga yo‘llagan murojaatlari, tadbirkorlik faoliyati uchun joriy etilgan imtiyoz va qulayliklar barchamizga o‘zgacha g‘ayrat-shijoat baxsh etdi, - deydi “Fergana-Oseana” va “Baxodir Log’on Tekstil” MChJ qo‘shma korxonalari ta'sischisi, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Mo‘minjon Yo‘ldoshev. – Hozirgi kunda viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi, viloyat, shahar-tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari bilan hamkorlikda Ramazon oyi munosabati bilan el boshiga ish tushgan qiyin damlarda baholi-qudrat xalqimizga ko‘makdosh bo‘lmoqdamiz. 

Shu maqsadda Farg‘ona, Yozyovon va Quva tumanlarida kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oilalar uchun 1 qopdan (25 kg) un, 10 kg kartoshka, 5 kg sabzi, 5 kg piyoz, 0,5 kg choy, 1 kg go‘sht, 2 kg shakar, 5 kg guruch va 5 litr o‘simlik yog‘i yetkazib berish tashabbusi bilan chiqdik. Tashabbus doirasida bugungi kunga qadar “Fergana-Oseana” MChJ tomonidan Farg‘ona tumanida 300 ta, “Baxodir Log’on Tekstil” MChJ tomonidan esa Yozyovon va Quva tumanlarida 250 tadan 500 ta, jami bo‘lib 800 ta oilalarga 252 million 800 ming so‘mlik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Har ikki klaster korxonalari ta'sischisi bo‘lgan tadbirkor tomonidan koronavirus pandemiyasi yurtimizda to‘liq bartaraf etilmaguncha “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu sababli ish jarayoni, yuzma-yuz muloqotlar orqali yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, ularga muruvvat ko‘rsatilyapti. Bunday oilalar a'zolari muqim daromad manbaiga ega bo‘lishlarini ta'minlash maqsadida klaster korxonalarida tashkil etilgan yangi ish o‘rinlariga jalb etilyapti. Bu ishlar mahalliy hokimlik idoralari, to‘rtta sektor rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari bilan hamkorlikda olib borilayotgani katta samara bermoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: