Yanvar-mart oylari yakuniga ko‘ra aholining umumiy daromadlari 78,9 trln so‘mni tashkil etdi

Iqtisodiyot 08:30 / 29.04.2020 6494

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari nominal o‘sish sur'ati 122,5 foizga teng bo‘ldi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlari 2,3 mln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati esa 120,1 foizni tashkil etdi. 

Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur'atlarini hisoblashda narx omillari ta'sirini chiqarib tashlash maqsadida, inflatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri - iste'mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. Iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 107,6 foizni tashkil etdi. 

2020 yilning yanvar-mart holatiga ko‘ra aholi jon boshiga real o‘sish sur'ati esa 105,6 foizni tashkil etdi. 

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (5,8 mln so‘m) hamda Navoiy (3,6 mln so‘m), Buxoro (2,6 mln so‘m) va Toshkent (2,5 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi. 

Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Namangan (1,6 mln so‘m), Farg‘ona (1,7 mln so‘m) va Qashqadaryo (1,7 mln so‘m) viloyatlarida qayd etildi. 

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Navoiy (11,1 foiz) viloyati hisobiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Jizzax (7,4 foiz), Surxondaryo (7,1 foiz) Namangan (7,0 foiz) Samarqand (6,2 foiz), Fargona (5,8 foiz) hamda Xorazm (5,7 foiz) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan. 

Aholining umumiy daromadlari hajmini sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 66,0 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 25,3 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan. 

Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Navoiy (81,2 foiz) viloyatida kuzatildi. Aksincha, Toshkent shahri, Samarqand, Namangan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Andijon hamda Qashqadaryo viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi. 

Ko‘proq yangiliklar: