Joriy yilning 27 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri L.Di Mayo bilan ikki mamlakat orasidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy va moliya-texnik hamkorlik masalalarining keng doirasini muhokama qildi.
Investitsiya hamkorligining hajmlarini ko‘paytirish zaruriyati bo‘yicha ikki tomon ham to‘xtalib o‘tdi. Shunga binoan ikki mamlakat Hukumatlari orasidagi o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi yangilangan bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi – ushbu hujjatni imzolash O‘zbekiston va Italiya tadbirkorlarining amaldagi va kelgusi hamkorligining huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda Italiya sanoat korxonalari konfederatsiyasining («Konfindustriya») vakolatxonasini ochish to‘g‘risidagi taklif ilgari surildi. Bu ikki mamlakat investorlari va tadbirkorlariga loyihalarni bajarishda amaliy yordam ko‘rsatishga imkon yaratadi.
Tomonlar tovar aylanmasini oshirishda rag‘batlantirishni davom etish uchun milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirib borishiga qo‘shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish, mamlakatlarning mutasaddi idoralari mutaxassislari o‘rtasida O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa ittifoqi bojxona, fitosanitar va karantin nazorati talablariga mosligi masalalari bo‘yicha texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish, ikki mamlakat xo‘jalik sub'yektlarining savdo uylarini ochish orqali qulay sharoitlar yaratishga tayyorliklarini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Italiyaning «Yunikredit», «Inteza Sanpaolo», «UBI Bank» kabi banklari va boshqa moliyaviy muassasalari bilan hamkorlikni o‘rnatish va kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Italiya tomoni O‘zbekistonning jahon iqtisodiyot tizimiga integratsiyalashish jarayonlariga ijobiy baho berdi – xususan, Yevropa ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini tezda muvofiqlashtirish va imzolash, O‘zbekistonning GSP+ imtiyozlar tizimining benefitsiar-mamlakati maqomiga ega bo‘lishi va Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi borasidagi xatti-harakatlari e'tirof etildi. Italiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri ushbu masalalar bo‘yicha O‘zbekistonga texnik va maslahat ko‘magini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish borasida, jumladan, Toshkentda Piza universitetining filialini ochish, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va «Sannio» universiteti o‘rtasida «Tibbiy bioinjyeneriya» yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma fakultet yaratish, Toshkent shahrida Italiya dizayn markazini ta'sis qilish va Samarqanddagi «Ipak yo‘li» Xalqaro turizm universitetining o‘quv dasturlariga ilg‘or italiyalik o‘qitish usullarini tatbiq etish borasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha alohida kelishuvga erishildi.