Past Darg‘om tumanida joylashgan «SAMARQAND KAMALAK INVEST TEKSTIL» mas'uliyati cheklangan jamiyati yurtimizda karantin e'lon qilingandan buyon yuzlab oilalarga oziq-ovqat va pul bilan ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
«Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida kecha, 27 aprel kuni ham korxona tomonidan 322 ta oilaga 14 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
O‘tgan oyda ham qator mahallalardagi kam ta'minlangan oilalarga bir million so‘mdan pul va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari hamda 40 tadan tibbiyot niqoblari tarqatgach, korxona rahbari Quyosh Haqberdiyev o‘z maqsadini ma'lum qilgandi. Tadbirkorga ko‘ra, u shu yo‘l bilan yordamga muhtoj oilalarga ko‘mak ko‘rsatish va buni targ‘ib qilish orqali boshqalarni ham imkon qadar ezgu ishga jalb etishga harakat qilmoqda.
Bu safar 20 dan ortiq mahallalardagi yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ko‘mak ko‘rsatgan korxona bugun, 28 aprel kuni ham saxovat ishlarini davom ettirmoqda. Kun oxiriga qadar 678 ta xonadonni zaruriy 14 xil oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash mo‘ljallangan.
Umuman, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida so‘nggi kunlarda korxona Past Darg‘om tumanidagi 1000 ta xonadonga, Nurobod tumanidagi 50 ta xonadonga 14 turdagi oziq-ovqat mahsulotlar yetkazib berdi.
«Hozir yurtdoshlarimizga yordamimiz har doimgidan ham muhim. Buni ko‘pchilik anglab turibdi. Qolaversa, topgan-tutgan daromadimizda muhtojlarning ham haqi bor. Bugungi kun tadbirkori uchun kimningdir og‘ir ahvolda ekanini bila turib xotirjam bo‘lish yarashmasa kerak. Shu sababdan qiyin vaziyatga tushib qolgan hamyurtlarimizni pul yoki oziq-ovqatlar bilan qo‘llab quvvatlashga bor imkonimiz bilan harakat qilib kelyapmiz», deydi korxona rahbari.
«Samarqand kamalan invest tekstil» MChJ ip kalava, gazlama ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib 2019 yildayoq 800 kishilik ish o‘rni yaratgan. Hozirda klaster usulida ham faoliyat yuritib paxta xomashyosi yetishtiradi. Hozirda klaster korxonasi qishloq xo‘jaligi, paxta xomashyosini qayta ishlash, paxta tolasini qayta ishlash faoliyatlari bilan shug‘ullanmoqda.
Korxona tomonidan 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan 3 ta yirik yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Ip kalava ishlab chiqarish bo‘yicha quvvati 11 000 tonna paxta tolasini qayta ishlash loyihasi bitgach 450 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Tayyor gazlama ishlab chiqarish loyihasida esa 5000 tonna ip kalava qayta ishlash mo‘ljallangan bo‘lib, doimiy ishchi o‘rni 180 nafarga ko‘payadi. Shuningdek paxta chigitini qayta ishlash, yog‘-moy ishlab chiqarish bo‘yicha navbatdagi loyiha bilan yiliga 50 000 tonna paxta chigitini qayta ishlash va 220 nafar fuqaroni ishga olish ko‘zlangan. Mazkur rejalar amalga oshsa korxonaning eksport hajmi 25 million AQSh dollariga ko‘payishi kutilyapti.
Korxona rahbariyati ishda erishilgan yutuqlar, barakaning asosiy sababi saxovat ishlarida deb biladi.