«Karantinda osh tarqatishdi» - Germaniya, Norvegiya va Buyuk Britaniyadagi vatandoshlarimiz bilan suhbat

Jamiyat 21:20 / 29.04.2020 16464

Suhbatdoshlarimiz Buyuk Britaniyadagi “London South Bank university” talabasi Sherzod To‘laganov, Germaniyada 16 yildan beri yashab kelayotgan Umida Umarova hamda Norvegiyada bir necha yillardan beri ishlayotgan psixologiya bo‘yicha mutaxassis Lola Normuratova bo‘ldi.

Sherzod To‘laganov - talaba, Buyuk Britaniya 

- Buyuk Britaniyada ham karantin e'lon qilingan. Afsuski, Britaniya xalqi bunga unchalik e'tibor bermayapti. Kasallik aniqlanganlar soni kuniga 4-5 mingtaga oshib bormoqda. Hukumat ularning sonini kamaytirishga harakat qilyapti. Londonda odamlar taqiqlarga qaramasdan ko‘chalarda niqobsiz yurishibdi va bemorlar soni ko‘paymoqda. Niqoblar yetishmovchiligi bo‘lyapti. Dorixonalarda niqoblar qolmagan. Kasallikka chalinganlar soni oshib boryapti, tuzalayotganlar soni esa yo‘q.

Juda ko‘p talabalar karantinda o‘tirishibdi. O‘zbekiston elchixonasi va OshPaz oshxonasi tomonidan har ikki haftada osh tarqatilyapti. Bu talabalarga moliyaviy tomondan yordam sifatida tashkillashtirilgan.

Buyuk Britaniyada ta'lim tizimi 60 foiz onlayn tarzida, 40 foiz foiz universitetning o‘zida bo‘ladi. Lekin karantin tufayli to‘liq onlayn tizimiga o‘tkazildi.

Haftasiga 20 soatdan ishlab turardik, lekin hozir ishlashga ruxsat yo‘q. Pul jamg‘arib qo‘ygan talabalar ham bor. Puli bo‘lmagan talabalarga O‘zbekistondagi yaqinlari tomonidan pul yuborib turilibdi. Doimiy firmada ishlayotgan ishchilar uchun davlat oyligining 80 foizini to‘lab bermoqda. Universitetdagi kontrakt to‘lovlarini esa to‘lov kunlarini uzaytirish bilan yordam qilishdi. Yetkazib berish xizmati bepul bo‘ldi va ovqatlar narxi arzonlashtirildi. 

NHS – Milliy sog‘liq xizmatiga telefon qilib so‘raganimizda, agar siz virus bilan kasallangan bo‘lsangiz shifoxonaga kelib o‘tirmang, uyda qolib davolaning deb aytildi. Londonda erkinlik yo‘qoldi. Ko‘chaga chiqolmayman, faqat uyda, odamlar bilan ham muloqot cheklandi. Do‘stlarimiz bilan Yevropa davlatlariga sayohat qilish va O‘zbekistonga borib kelish rejamizda bor edi, biroq karantin sababli rejalarimiz amalga oshmadi.

Umida Umarova – ijtimoiy xodim, Germaniya

- Germaniyada karantin e'lon qilingan, lekin O‘zbekistondagi kabi darajada emas. Ko‘chaga chiqish, do‘konlarga borish mumkin, politsiya ko‘chalarda fuqarolarni tekshirib yurmaydi. Hozirgacha hamma joylar yopilgan edi. Bir hafta oldin kiyim do‘konlari ochilda. Odamlar asta-sekin ilgarigi hayotga qaytmoqda. Maktablar ham faoliyatini boshlagan, katta sinfdagi o‘quvchilar darslarga borishmoqda. Lekin hozircha universitetdagilar onlayn tarzida dars o‘tishmoqda. Odamlar karantin payti qo‘rqib, majbur qilishmasa ham masofa saqlab yurishga o‘rganib qolishdi. Ko‘p firmalar ishchilarga uyda ishlashga ruxsat berdi, “Folksvagen” ko‘p ishchilarni ishdan bo‘shatdi, lekin davlat tomonidan ko‘plab ishsizlarga yordam berildi. Biz uydan turib ishladik, Home Office qilib, ya'ni odamlar bilan gmail orqali, telefon yoki Whatsapp orqali ishladik.

4 maydan hammaga ishga chiqishiga ruxsat beriladi. Oilam bilan koronavirus boshlanganda ancha qiynaldik. Akam shifoxonada ishlaydi, ota-onamni ko‘rish qiyin bo‘ldi. Hatto men ham ularni ko‘rgani bora olmadim. Sababi biz odamlar bilan ko‘p muloqotda edik.  

Germaniya bu kasallik kirib kelishiga yanvar oyida tayyorgarlik ko‘rgan. Kasalxonalarni bo‘shatishdi, muhim bo‘lmagan operatsiyalarni to‘xtatishdi. Yoshlar ichida kasallanganlar ko‘p, qariyalar ichida esa kam bo‘ldi. Shuning uchun yuqish va o‘lim darajasi kam bo‘ldi. Yaqin orada qariyalar uyida bu virus tarqalayotgani haqida eshitdim. Lekin kasallanganlar soni Italiyadagidek ko‘p emas.

Karantin davridagi eng katta qiyinchilik bu – ota-onamning oldiga bora olmaganim bo‘ldi. Ota-onam keksayib qolgan va ularga yordam kerak. Shunday kunlar bo‘ldiki, uylariga borib, masofadan salomlashib qaytib keldik. Farzandli oilalarga esa judayam qiyin bo‘lyapti, bolalar bilan charchaydi, maktablar esa yopiq. Koronavirus sabab oilani qadrlashni o‘rgandim. Oilaga, farzandlarga vaqt ajratishni o‘rgandim. Ko‘p vaqtimni ishga sarflagan ekanman. Farzand tarbiyasi uchun juda kam vaqt bo‘lgan ekan, hozir oilaviy hayotni o‘rgandim. 

Lola Normurotova – psixologiya bo‘yicha mutaxassis, Norvegiya

- Norvegiyada karantin qoidalarini yengillashtirish boshlandi. Bugundan maktablar, go‘zallik salonlari ochildi. Norvegiyada 12 martdan karantin to‘g‘risida yangi qonun qabul qilindi. Bu yerda O‘zbekistonga taqqoslaganda kuchli nazorat yo‘q. Karantin payti odamlar uyda qolsin deyilgan, lekin ko‘chaga chiqsa jarimaga tortish, hatto politsiya nazorati mavjud emas. Odamlarning o‘zlari uyda qolib, ko‘chaga chiqsa ham bir-biridan 2 metr uzoqda yurishadi, kasallik tarqalmasligi uchun qonunlarga rioya qilishmoqda. Uyda ko‘p o‘tirmasdan, ko‘chaga chiqib sayr qilinglar degan tavsiya berilgan, sababi, ruhiy holat yaxshi emas. Davlat tomonidan fuqarolarga yordam puli berilyapti, koronavirus sababli ishga bora olmayotgan yoki ishini yo‘qotgan bo‘lsa, davlat 60 foizdan 70 foizgacha maoshini to‘lab beradi.

Norvegiyada talabalarga yordam ko‘rsatilmadi. Ilgari talabalarga 20 soatlik ishlashga ruxsat bor edi, hozir ishlash mumkin emas. Norvegiyada niqob taqib yurish ham majburiy emas. Virusga chalingan yoki chalinmaganlikni bilish uchun doktorimizga telefon qilib vaqt belgilab, testlardan o‘tish mumkin. Kasallanganlarga ishga borish, odamlar bilan muloqot qilish mumkin emas va uyda 14 kungacha qolib, 14 kundan keyin o‘zini yaxshi his qilsa, ko‘chaga chiqishi mumkin. Agar ahvoli yomonlashsa kasalxonaga yotkiziladi.

Bugun kasallanganlar soni 7500taga yetdi, kuniga 100-150 tadan ko‘payib bormoqda. Tuzalayotganlar va kasalxonadan chiqayotganlar sababli karantin yengillashtirildi. Norvegiyada eng katta qiyinchilik bu ruhiy tomondan deb o‘ylayman. Chunki koronavirus hech kim kutmaganda, to‘satdan kirib keldi. Odamlar Xitoydan chiqqanini eshitishgan edi, lekin Norvegiyaga keladi deb o‘ylashmagan edi. U to‘satdan keldi va hammaning hayotini o‘zgartirib yubordi. Odamlar bir-biriga mehribon bo‘lib, birgalikda qonun-qoidalarga rioya qilsa, bu vaziyatdan chiqib ketsa bo‘ladi.

Suhbatning to‘liq shaklini Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: