Soliq to‘lovlarini kechiktirish kim uchun va qanday rasmiylashtiriladi? 

Iqtisodiyot 00:29 / 28.04.2020 35670

Kun.uz pandemiya va iqtisodiy inqiroz fasllariga oid turli xil soha vakillari bilan suhbatlar tashkil qilmoqda. Ko‘rsatuvning navbatdagi mehmoni O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mita raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlarga soliq majburiyatini turli ko‘rinishda to‘lash imkoniyatlari haqida ma'lumot berdi.

– Ko‘pchilik odamlar, ayniqsa, tadbirkorlar va xususiy sektor vakillarini pandemiya va undan keyingi davrda soliq majburiyatlari va soliqni qoplash masalasi qiziqtiradi va shunga oid bo‘lgan bir nechta savollar tahririyatga kelmoqda. Shulardan birinchisi: pandemiya va karantin cheklovlari vaqtida ishlamay turgan holatda tadbirkorlar soliq majburiyatini qanday qoplaydi?

– Birinchi navbatda tadbirkorlar so‘ziga aniqlik kiritib olish kerak. Agar yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, prezidentimizning 5978-sonli farmoni bilan faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan qat'iy belgilangan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq olinmasligi belgilangan. Bunday jarayon ular tomonidan elektron tarzda xabardor qilish orqali amalga oshiriladi. Agar tadbirkorlik sub'yekti YaTT bo‘lsa, www.soliq.uz saytida elektron imzo bilan kirgan har bir tadbirkor uchun imkoniyat yaratilgan. Xabardor qilingan oydan boshlab qat'iy belgilangan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq hisoblanmaydi.

Aytaylik, mana shu YaTT buyum bozorida ishlaydi. Bilamizki, buyum bozori yopiq. Lekin, uning elektron imzosi mana shu bozordagi do‘konida qolgan. O‘zining uyi undan 40-50 km uzoqlikda joylashgan. Bunday holatlarda nima qilish kerak, degan savol tug‘iladi. Bu paytda, biz shunday tavsiyani berar edikki, YaTT karantin ochilganidan keyin ham xabarnomasini, aytaylik, may oyida jo‘natsa, bunday tadbirkorlik sub'yektlari soliqqa tortilmaydi.

Fazliddin Umarov / Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

– Faqatgina YaTT bo‘lmasdan, MChJ yoki yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub'yektlari qanday yo‘l tutadi?

– Bunday holatlarda, yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator norma va me'yorlar belgilandi. Xususan, bunday korxonalar uchun resurs soliqlari (yer, mulk va suvdan foydalanganlik uchun soliq) va pandemiyagacha bo‘lgan qarzdorliklarni undirish, shuningdek, penya hisoblashni to‘xtatib turish bo‘yicha norma kiritilgan.

Yana ham aniqroq tushuntiradigan bo‘lsak, tadbirkor soliq idorasiga ariza bilan murojaat qiladi, shaxsiy kartochkasiga yozuv kiritiladi va mana shu korxonamizga mavjud qarzdorlikni to‘xtalishini so‘raydi. Bunda mahalliy kengashlar va hududiy hokimlik vakillari o‘rgangan holda amalga oshadi.

– Bunday paytda tadbirkorlarimizdan hujjatlarini taqdim etishda byurokratik to‘siqlar ko‘payib ketdi, hududiy kengashlarni qarori kechikishi oqibatida soliq organlari tomonida inkassatsiya qo‘yilmoqda va oxir-oqibat soliq tortish baribir yuz beryapti. Bunday holatda nima qilish kerak?

– Haqiqatan ham bunday muammolar bo‘lmoqda. Bizning o‘zimizga ham shunday murojaatlar bo‘lyapti. Shuning uchun biz Soliq kodeksiga amal qilgan holda normativ hujjat ishlab chiqdik. Bunga ko‘ra 25 apreldan e'tiboran, tadbirkorlar murojaat qilgan sanadan boshlab ularga majburiy undirish yoki inkassatsiya chorasi qo‘llanilmaydi. Lekin, ayrim soliq to‘lovchilarimiz buni barcha soliq turlari uchun deb o‘ylashadi va bu fikr noto‘g‘ridir. Yuqoridagi soliq imtiyozlari faqatgina resurs solig‘i, daromad, ijtimoiy soliqlar uchun qo‘llaniladi.

Suhbat davomida qo‘mita raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov daromadi pasaygan, karantindan so‘ng, endi faoliyatini qayta tiklayotgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun aylanma mablag‘dan soliq to‘lashda taqdim etiladigan imkoniyatlar haqida ma'lumot berdi. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: