«Ishimni Moskvada reklama tarqatishdan boshlagandim» - Zambiyaning Rossiyadagi elchixonasida ishlayotgan o‘zbek muhojiri hikoyasi

Jamiyat 18:36 / 28.04.2020 33027

Asli Namangan viloyatidan bo‘lgan, hozirda Zambiya Respublikasining Rossiya va MDH davlatlaridagi vakolatxonasida faoliyat yuritib kelayotgan vatandoshimiz Kamoliddin Meliboyev ham musofirchilikda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan. U biz bilan suhbatda musofirchilikda boshidan kechirganlari, Rossiyadagi hayot va muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berdi.

Rossiyaga 2010 yilda kelganman

2010 yilda turmush o‘rtog‘im bilan Rossiyaga kelib, ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Og‘ir ishlarni qilishimizga ham to‘g‘ri keldi. Katta pul bilan kelmaganmiz – Rossiyaga keladigan inson birinchi navbatda pul topish uchun keladi. Turmush o‘rtog‘im bilan noldan boshlaganmiz. Ikki kun restoranda, qolgan vaqti ko‘chada turli ishlarni qilar edim.

Maqsadimiz aniq ekan, mana, shu yergacha yetib keldik. Moskvaning Arbat ko‘chasida reklama tarqatuvchi bo‘lib ishladim. Kun judayam sovuq edi u vaqtlarda. Qiyinchilikka duch kelganda uyga ketish fikri ham bo‘lgan, lekin or-nomus qilib, qarindosh-urug‘, do‘sti-dushmandan uyalganmiz.

Dastlab Pokiston elchixonasiga ishga kirdim

Moskvadagi shifoxonalardan birida bir diplomat bilan tanishib qoldim. Dastlab Pokiston Islom Respublikasi diplomatik vakolatxonasiga qora ishchi bo‘lib kirganman. Keyin haydovchi bo‘ldim. 1 yildan ko‘proq vaqt davomida haydovchi bo‘lib ishladim. Keyin ofisga ishga o‘tganman.

Shu bilan 2,5 yil Pokiston Islom Respublikasi elchixonasida adminstrativ-attashe bo‘lib ishladim.

Musofirchilikda halollik va to‘g‘rilik bilan ishlasa, har qanday maqsadiga erishadi

2007 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini buxgalteriya hisob-audit yo‘nalishini tamomlaganman. Lingvistikaga umuman aloqam bo‘lmagan. Haydovchi bo‘lib ham, elchixona ofisigacha borsa bo‘lishini hamkasblarimdan eshitib qoldim. Shundan keyin ingliz tilini o‘rganishni boshladim. Har bir diplomatdan kuniga so‘z o‘rgandim.

Haydovchiligimda diplomatlarning farzandlarini maktabga olib borar edim. Bu menga yaxshi imkoniyat bo‘lgan. Yosh bolalar bilan gaplashish ko‘proq tajriba bo‘ldi. 1 yil ichida inglizchadan erkin so‘zlashadigan darajaga chiqdim. Hozirda ingliz va rus tilida bemalol gaplashaman; urdu va turk tillarida fikrimni tushuntira olaman.

Kamoliddin Meliboyev

Zambiya Respublikasi elchixonasiga ishga o‘tdim

Zahir Janjua degan elchi kelgan Pokistondan. U insonni qiziqarli prinsipi bor ekan. Qaysi davlatda elchi bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatdan elchixonada ishlayotganlarni almashtirarkan. U inson Pokistonning Rossiyadagi elchisi bo‘lib kelgandan keyin, ikki kishi qoldi, xolos. Qolganlarni hammasini almashtirdi. Shu orada qo‘shimcha ish topishga harakat qildim. Vakansiyalar e'lon qilinadigan sayt orqali tarjimayi holimni taqdim qildim.

Elchixonadan elchixonaga o‘tish oson. Chunki sizning tajribangiz e'tiborga olinadi. Suhbatdan o‘tdim. 2014 yil 1 sentyabrdan Zambiya Respublikasi elchixonasida ishlab kelmoqdaman.

Farzandlarim O‘zbekistonda. Chunki bu yerning urf-odatlari bizga to‘g‘ri kelmaydi. Yozda dam olish vaqtlarida  kelib turishadi. O‘zim O‘zbekistonga 1 yilda 2-3 marta borib kelaman.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» chiptalari juda qimmat

O‘zim dunyoning 5ta davlatida bo‘lganman. Lekin ularda aviachiptalar judayam arzon. Masalan, Namanganga borishim uchun eng arzon bilet 150 dollarga tushadi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» faqat migrantlarning pulini olishni o‘ylasa kerak. Oddiy familiyangizda bir harf almashib qolgan taqdirda ikki-ikki yarim ming rubl edi jarimasi, adashmasam. Lekin boshqa aviakompaniyalarda internetdan onlayn bepul almashtirish mumkin.

Agar havo yo‘llarining chiptalar narxi arzonroq bo‘lganda bir yilda ko‘p martalab vatanimizga borar edik.

Kelajakda O‘zbekistonga qaytamiz

Bugun-erta emas-ku, lekin baribir O‘zbekistonga qaytamiz. Bu yerlar vaqtincha. Inson qanday ahvolga tushishiga qaysidir ma'noda o‘zi sababchi bo‘ladi. Muammoni bergan Xudo yechimini ham beradi. Faqat uni kutish kerak. Ko‘proq harakat qilish kerak.

Suhbatni to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: