«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov Kun.uzʼga bergan intervyusida pandemiya sharoitida ishlayotgan parlament, inqirozda faollashgan NNT va muhokamali masalalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
– Umuman olib qaraganda, parlament pandemiya va inqiroz masalalariga tayyor edimi? Deputat sifatida hozir ish faoliyatingizni qanday tashkil etyapsiz?
– Rahmat. Koronavirus, global pandemiya O‘zbekistondagi barcha sohalarga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Oqibatlarnigina emas, bugungi kundagi faoliyatni ham qayta ko‘rib chiqishga undaydigan vaziyat bo‘ldi. Tashkilotlarning ish faoliyati masofaviy shaklda qayta yo‘lga qo‘yildi. Qaysidir tadbirkorlik sub'yektlari ishlab chiqarish yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Shu ma'noda hukumat va parlament faoliyatida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Qaysidir yo‘nalishlarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi.
Avvalo, parlament ham boshqa davlat idoralari kabi imkon qadar faoliyatini davom ettirgan holda ishini masofaviy shaklda yo‘lga qo‘yishga harakat qildi. Boshqa davlatlarni ham ko‘radigan bo‘lsak, karantin va turli cheklovlar e'lon qilingandan keyin, ular faoliyatini to‘xtatmagan, aksincha ishi ko‘paygan idoralar – hukumat va parlament bo‘ldi. Parlamentimiz yangi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda onlayn tizimga o‘tishga majbur bo‘ldi. Siyosiy partiyalar, fraksiyalari, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining ishini masofaviy shaklga o‘tkazdik. Uydan yoki partiyadan turib ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. O‘tgan hafta parlamentda shunday qarorga keldikki, hatto yalpi majlis ham masofaviy shaklda o‘tkaziladi. Buning uchun alohida vaqtinchalik reglament qabul qilindi. Bu parlamentning hamma deputatlari tomonidan ma'qullandi. Mana shu reglament asosida masofadan turib ovoz berish, fikrini bildirish va qonunlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lindi.
– Pandemiya boshlanishi bilan uning oqibatlarni yumshatish uchun Oliy Majlisda bir nechta qonunlar tezkorlik bilan qabul qilindi. Bular jumlasiga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarni ham kiritish mumkin. Nima deb o‘ylaysiz, mana shu tartibda ishlash parlamentga qulay bo‘lyaptimi yoki qiyinchiliklar bormi?
– Yilning boshida biz o‘z rejalarimizni qilib olganmiz. Parlamentda ham Harakatlar strategiyasi, prezidentning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasidan kelib chiqqan holda tuzilgan yo‘l xaritasi bor edi. Qabul qilinishi rejalashtirilgan qonunlar bor edi. Bu qonun loyihalari reja asosida qabul qilinyapti. Bir oy ichida rejadagi 30ta qonunni qabul qildik. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurashishda, choralarning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan bir qator qonunlarni ham tezkorlik bilan qabul qilishga harakat qildik. Ayrimlari hukumat tomonidan kiritildi, ayrimlari esa deputatlarning o‘zlari tomonidan tashabbus bilan qabul qilingan. Karantin qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik choralari, niqob taqib yurishdan tortib, yolg‘on ma'lumot tarqatish bo‘yicha ma'muriy va jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi. Faqatgina javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunlar emas, boshqa sohadagi qonunlar ham qabul qilindi. Harakatga cheklovlar o‘rnatilgandan keyin mahkumlarning qamoqxonada yaqinlari bilan uchrashishlari vaqtinchalik to‘xtatildi.
Shuni inobatga olgan holda kuni kecha Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirish kiritildi. Mahkumlarga videokonferensaloqa orqali videouchrashuv o‘tkazish imkoniyati berilyapti. Senat tomonidan ma'qullanib, prezident tomonidan imzolangandan keyin, qonun kuchga kirishi kutilmoqda.
Og‘ir-yengilligiga keladigan bo‘lsak, bu boshida o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Chunki ko‘pchilik deputatlar viloyatlarda qolib ketishgan edi. Onlayn muhokamalarni o‘tkazishda avvaliga qiyinchilik bo‘ldi. Ko‘plab platformalar bor. Zoom platformasidan foydalanish masalasi ham o‘rganilgan edi. Axborot xavfsizligi jihatidan bu emas, boshqa dasturdan foydalangan holda ishimizni yo‘lga qo‘ydik. Qonunchilik palatasi bugungi kunga kelib, o‘z faoliyatini yanada optimallashtirilgan holda, samarali olib borishiga imkon yaraldi, deb aytsa bo‘ladi.
– O‘zingiz ham yaxshi xabardorsiz, pandemiya juda ham ko‘plab tarmoqlarga ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyatiga ham. O‘z nomi bilan nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lgandan keyin ularning manbalari grantlar, moliyalashtirish, xayriya mablag‘lari bo‘lishi mumkin edi. Hozirgi vaqtda esa bu moliyaviy ko‘maklar masalasi juda qiyin yoki kamaytirilgan. Aslida O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlari ham aytilganidek ko‘p emas; ularning aksariyati gongo, ya'ni davlat tomonidan tashkil etilib yuritilayotganlari ko‘p. Haqiqiy nomiga xos bo‘lgan nodavlat-notijorat tashkilotlari ayni paytda qanday ahvolda qolgan? Ular faoliyatini qanday davom etmoqda?
– Bir narsani aytib o‘tmoqchiman. Koronavirus pandemiyasi davrida bizning jamiyatimiz, ya'ni fuqarolar insoniylik imtihonidan o‘tmoqda. Davlat idoralari esa samaradorlik, mustahkamlik imtihonidan o‘tmoqda. Ko‘ryapmizki, fuqarolar, nodavlat tashkilotlari ham, davlat ham pandemiya bilan kurashda samarali ishlashmoqda. Bu ikkala tomonning ham o‘zaro hamkorlikda bir-birini tushunib ishlayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ya'ni bugungi sharoitda tomoshabin sifatida chetda turmasdan, aholining xabardorligini oshirishda faol ishtirok etayotgan, muhtojlarga yordam berayotgan fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar, tashabbuskor guruhlar, ko‘ngillilarni ko‘ryapmiz.
Nodavlat-notijorat tashkilotlarining faolligiga keladigan bo‘lsak, mart oyining oxirida «Yuksalish» umummilliy harakati tadbirkorlar, yirik kompaniya va tashkilotlar, nodavlat-notijorat tashkilotlarini ham koronavirusga qarshi kurashishda ko‘maklashishga chaqirgan. Va bunga javoban bir qator mahalliy nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan tashabbuslar bildirildi.
Masalan, aprel oyida Qo‘qondagi bir qator nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat tarqatish, moddiy yordam berish bo‘yicha tashabbusni ilgari surishdi. Bugungi kunga qadar mingdan ortiq oilalarga ular orqali yordam ko‘rsatilyapti. Davlat idoralari bilan birgalikda, mahallalar bilan birgalikda himoyaga muhtoj bo‘lganlarning ro‘yxati shakllantirilib, mingdan ortiq oilaga yordam ko‘rsatildi. Farg‘ona vodiysidagi «Taraqqiyot» nomli nodavlat-notijorat tashkiloti yaxshi tashabbusni ilgari surdi, ya'ni 10dan ortiq vodiy qishloqlarida dezinfeksiya qilishdi. G‘oyani nodavlat-notijorat tashkilotlari ko‘tarishdi, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari ijtimoiy sheriklik asosida bu ishlarni amalga oshirishyapti.
Bundan tashqari, yana ikkita ahamiyatga molik loyiha amalga oshirildi. Birinchisi, nodavlat-notijorat tashkilotlari psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan karantin davrida og‘ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga bepul psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus Telegram kanal va Telegram bot ishga tushirildi. 100dan ortiq psixologlar birlashishdi. «Yuksalish» umummilliy harakati buni qo‘llab-quvvatladi. Bugungi kunga kelib, 400 nafardan ortiq fuqarolarga nodavlat-notijorat tashkilotlarining psixologlari tomonidan bepul ruhiy yordam ko‘rsatildi.
Yana bir nodavlat tashkiloti onlayn konferensiya o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonning analogini ishlab chiqdi. Onlayn videokonferensiya tizimining shu analogi asosida 35 nafargacha foydalanuvchi bog‘lana oladi. Bu bugungi kunda tas-ixʼda ishlashni boshladi. Ushbu platforma orqali bugungi kunda tibbiyot vakillari fuqarolarga tibbiy maslahatlar berishmoqda.
Eng quvonarlisi, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy hamkorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanyapti. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo «O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda nafaqat davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlarining ham qo‘shayotgan hissasini oliqishlayman» , deya baho bildirgani ham e'tiborli.
Nodavlat-notijorat tashkilotlarining aksariyati o‘zi ham og‘ir sharoitda edi, aksariyati gongo, dedingiz. Bu fikrga qo‘shilaman. Nodavlat-notijorat tashkilotlarining nafaqat ishlarini maqtash, balki ularni qo‘llab-quvvatlash ham muhim hisoblanadi. Shu ma'noda davlat tomonidan ham, hukumat komissiyasi tomonidan ham ko‘plab qarorlar chiqarilyapti. Bu yerda nodavlat-notijorat tashkilotlari ham nazardan chetda qolmayapti. Hukumat komissiyasining so‘nggi qarorida nodavlat-notijorat tashkilotlariga bir qator yengilliklar berilishi ko‘zda tutilgan. Ya'ni nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan koronavirusga qarshi kurashish, uning tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbir va loyihalarni amalga oshirishga xorijiy davlat va tashkilotlardan grantlar ajratiladigan bo‘lsa, bu grantlarni uch kun muddatda tezkorlik bilan ko‘rib chiqish belgilandi. Nodavlat-notijorat tashkilotlari joylarda davlat binosida turgan bo‘lsa, bino ijara haqqini ham to‘lamasdan o‘tirishlari mumkinligi belgilandi. Ularning xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlar ham qabul qilindi.
O‘zbekistonda davlat tomonidan nodavlat-notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash asosan parlament huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat-notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan amalga oshiriladi. Fond nodavlat-notijorat tashkilotlari uchun yangi grant tanlovlarini e'lon qildi. Bu grant tanlovlaridan birining mavzusi aynan nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarga mo‘ljallangan. O‘nlab nodavlat-notijorat tashkilotlarini davlat 40 milliongacha qo‘llab-quvvatlashi ham belgilandi.
Aytmoqchimanki, bir tomondan nodavlat-notijorat tashkilotlari hozirgi kurashda yordam berib, o‘z hissalarini qo‘shyapti. Ikkinchi tomondan, davlat ham bugun ularning vaziyatini tushungan holda moddiy jihatdan, ularning faoliyatlarini yanada yaxshilashga ko‘mak ko‘rsatayotganini ta'kidlab o‘tish joiz.
Suhbat davomida Akmal Burxonov pandemiya paytida jarimaga tortilayotgan haydovchilarning avtomobilini maxsus maydonga qo‘yish amaliyoti haqida takliflarini bildirib, bunga munosabat qildi. Shuningdek, prezident huzurida yangi tuzilgan Jamoatchilik palatasi haqida ma'lumot berilgan.
Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi