Italiya Albaniyaga chiqarib yuborilgan migrantlarni ortga qaytarishga majbur bo‘ldi

Jahon 01:20 534

Italiya Rim sudi qaroridan keyin bir necha kun oldin Albaniyaga yuborilgan migrantlarni ortga qaytarishga majbur bo‘ldi, deb xabar beradi Euronews.

Bu Jorja Meloni hukumatining boshpana so‘rab murojaat qilgan migrantlarni YeIga a’zo bo‘lmagan davlatga chiqarib yuborish yo‘lidagi uchinchi omadsiz urinishiga aylandi.

28 yanvar kuni Italiya 49 nafar migrantni Albaniyaga jo‘natgan edi. Ularning olti nafari shu kunning o‘zida ortga qaytarilgan — bunga ularning hali voyaga yetmagani va zaif qatlam vakili hisoblanishi sabab bo‘lgan.

Italiya apellyatsiya sudi migrantlarning mamlakatdan chiqarib yuborilishini bloklagandan keyin 1 fevral kuni sohilni qo‘riqlash xizmati kemasi qolgan 43 nafar migrantni ham Albaniyaning Shengini portidan qaytarib olib kelgan.

Italiya OAVning ma’lum qilishicha, qaytarilgan migrantlar Bangladesh, Misr, Kot-d’Ivuar va Gambiya fuqarolaridir. Ish Lyuksemburgdagi Yevropa sudiga oshirilgan — u fevral oxirida mazkur masala bo‘yicha qaror chiqarishi kutilmoqda.

Italiya noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida o‘tgan yili Albaniya bilan har oy boshpana so‘rab murojaat qiladigan 3 ming nafargacha migrantni ushbu mamlakatga yuborish bo‘yicha besh yillik shartnoma imzolagan.

Huquq himoyachilari va muxolifat buni keskin tanqid qilgan, ammo mamlakatning Yevropadagi sheriklari loyihaga qiziqish bildirgan edi. Joriy yilning dastlabki to‘rt haftasi davomida Italiyaga keladigan migrantlar oqimi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb uch baravarga oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: